Линклар

Shu oy boshida Turkiyaning Suriyaga chegaradosh G‘oziantep shahrida "mamlakat uchun xavfli shaxs" sifatida qo‘lga olingan va hozirda muhojirlik bo‘limida ushlab turilgan 48 yashar Bahriddin Xudoynazarov yaqinlarining Ozodlikka aytishicha¸ Turkiyada qochqinlik izlovchi shaxs maqomida yashab kelgan muhojir o‘zining O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinish xavfi borligi haqida tutqunlikdan xat chiqargan.

G‘oziantepdagi muhojirlar bo‘limida uch haftadan buyon hibsda ushlab turilgan Xudoynazarov Turkiyada 2008 yildan buyon qochqin izlovchi maqomida yashab kelgan.

U qamoqdan chiqargan xatida O‘zbekistonga berib yuborilgan taqdirda o‘zining qamalishi va o‘ldirilishi mumkinligini yozgan.

Bu maktub ortidan uning yaqinlari Anqara hukumatidan Xudoynazarovni chiqarib yubormaslikni so‘ramoqda:

- Turkiya hukumatidan uni topshirmaslikni so‘raymiz. Aybi bo‘lsa Turkiyada sud qilishsin, - deydi Bahriddin Xudoynazarovning ismini aytmaslikni so‘ragan qarindoshlaridan biri.

Turkiya Migratsiya xizmatining Ozodlik bog‘langan mulozimi umumiyatla qochqinlar¸ xususan Xudoynazarovning ekstraditsiya qilinish-qilinmasligi haqida ma’lumot bera olmasligini aytdi.

Taniqli andijonlik imom Abduvali qori Mirzaevning shogirdi deb ko‘riladigan Bahriddin Xudoynazarov O‘zbekistonda konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilganlikda gumonlanib, qidirilayotganlar ro‘yxatidadir.

Bahriddin Hudoynazarov O‘zbekistonda qidirilayotganlar ro‘yxatida
Bahriddin Hudoynazarov O‘zbekistonda qidirilayotganlar ro‘yxatida

Navoiyning Karmana tumanidan bo‘lgan Bahriddin Xudoynazarov 2000- yillar boshida O‘zbekistondan Rossiyaga chiqib ketgan.

Yaqinlarining Ozodlikka aytishicha, 2002 yilda u Rossiyadan Suriyaga borgan va Damashqdagi “Fath” islomiy bilimlar universitetida tahsil olgan.

2008 yilda Xudoynazarov Turkiyaga ko‘chib o‘tgan. O‘shandan beri u rafiqasi va ikki farzandi bilan G‘oziantepda yashab kelgan.

Xudoynazarovning O‘zbekistonda yashayotgan 85 yoshli otasi Naim Xudoynazarov Ozodlik bilan suhbatda o‘g‘lining terrorchi guruhlarga aloqasi yo‘qligiga ishonishini aytadi:

- O‘g‘lim aybsiz. Kelsin O‘zbekistonga, u dushman emas. Kerak bo‘lsa, Shavkat Mirziyoevning qabulxonasiga kiraman, Turkiya elchixonasiga kiraman. Aybi bo‘lsa¸ isbotlashsin. Isbotlab berishsa¸ miltiq berishsin, o‘zim otib tashlayman uni, isbotlamasa erkin yursinda, dedi Naim Xudoynazarov.

Turkiya xavfsizlik tizimlari 22 iyun kuni o‘zbekistonlik ikki qochqinni xufyona tarzda O‘zbekistonga topshirishi ortidan hibsdagi boshqa muhojirlarning Toshkentga topshirilishi borasida xavotirlar kuchaydi.

"Turk havo yo‘llari" uchog‘i bilan Toshkentga yuborilgan Erkin Avazov va Abdulla Ermatovlar yangi yil oqshomida Istanbuldagi Reyna tungi klubiga uyushtirilgan hujum ortidan o‘zbek va boshqa markaziy osiyolik muhojirlarga nisbatan boshlanib ketgan amaliyotlar doirasida aprel oyida Istanbulning Pendik mavzesida ushlangan edi.

Turkiyadagi “O‘zbeklar birligi” tashkiloti rahbari Adam Chevik turk hukumatini o‘zi imzolagan xalqaro hujjatlarni hurmat qilmaslikda aybladi:

- Turkiya qonunga zid tarzda qochqinlarni berib yuborayapti. Turkiya Yevropa parlamenti va BMT doirasida olgan majburiyatlariga ko‘ra¸ qochqinlar va qochqinlik izlovchi sifatida qayd etilganlarni vataniga qaytarishi mumkin emas. BMT hujjatlarida O‘zbekistonda qiynoqlar sistematik ekani aytilgan. Bunday davlatga qochqinlarni berish ularning qiynoqqa solinishi yoki o‘ldirilishiga sherik bo‘lish bilan barobardir. Biz Turkiya hukumatidan o‘zi imzolagan bitimlarga amal qilishni talab qilayapmiz, - dedi Adam Chevik.

Chevikning aytishicha, hozirda Turkiyaning muhojirlik markazlarida yuzga yaqin o‘zbek hibsda qolmoqda.

Ularning aksari o‘tgan yildan buyon Turkiyada olib borilayotgan terrorga qarshi amaliyotlar doirasida hibsga olingan.

1 yanvar kuni Istanbuldagi Reyna tungi klubida "Islomiy davlat" ekstremist guruhining o‘zbekistonlik a’zosi Abdulqodir Masharipov tomonidan uyushtirilgan qirg‘in oqibatida 39 odam nobud bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG