Линклар

Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari bundan buyon o‘qituvchilar hasharga jalb qilinmasligini aytmoqda. Davlat tilini bilmaganlarni ishga qabul qilmaslik taklif etildi. Rossiyada melisaga pora berishga uringan o‘zbekistonlik Buxoroda javobgarlikka tortildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Xalq ta’limi vazirligi: Endi o‘qituvchilar hashar ishlariga majburlanmaydi

Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchilar xizmat vazifasiga kirmaydigan turli yumushlarni qilishga majburlanayotganini tan oldi (“Oila davrasida”, 29 iyun). “Oila davrasida” gazetasi 2017 yil 18 may sonida o‘qituvchilar metallom yig‘ish, ko‘cha tozalash va boshqa hashar ishlariga majburlanayotgani, bu esa ta’lim sifatiga salbiy ta’sir etayotganini tanqid qilgan. Oradan bir oy o‘tib, Xalq ta’limi vazirligi Ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Maqsudjon Yuldashev tanqidiy maqola yuzasidan javob berib, ko‘rsatilgan holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha hududiy boshqarmalarga topshiriqlar berilganini ma’lum qilgan. “Javobdan mutasaddilar maqolada keltirib o‘tilgan salbiy holatlar haqiqatligini tan olgani ayon. Shu o‘rinda kishini bir og‘riqli savol o‘ylantiradi: shu paytgacha bunday adolatsizliklar borligini bilgan, ularga panja orasidan qarab, o‘z tizimi xodimlari manfaatlarini himoya qilmagan Xalq ta’limi vazirligi bu muammolarga barham berilishiga erisha olarmikan?” deya savol qo‘yadi gazeta.

Davlat tilini bilmaganlar ishga qabul qilinmasin!

O‘zbek tiliga qonunan davlat tili maqomi berilganiga salkam 30 yil bo‘lsa-da, bu borada qator muammolar kuzatilmoqda (“Jamiyat”, 23 iyun). Kundalik hayotda, ommaviy axborot vositalari hamda reklamalarda, shuningdek, tarjimalarda o‘zbek tili qoidalari buzilayotgani ko‘p uchraydi. Hammasidan ham rasmiy hujjatlar adabiy til me’yorlariga zid ravishda tayyorlanayotgani vaziyatning naqadar jiddiy ekanini ko‘rsatadi. Maqola muallifi – Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti Gulnora G‘ulomovaga ko‘ra, o‘zbek tili adabiy me’yorlariga rioya qilishni nazorat qilish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamashunoslik qo‘mitasini tiklash, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari o‘quv rejasiga soha tilining yozma ko‘nikmalarini modul sifatida kiritish lozim. Qayd etilishicha, ishga qabul qilishda nomzodning ona tilini bilish darajasini qat’iy tekshirish, davlat tilini mukammal bilmaganlarni ishga olmaslik kerak.

Rossiyada “GAI”ga pora berishga uringan o‘zbekistonlik yigit Buxoroda javobgarlikka tortildi

Rossiya Federatsiyasining Oltoy o‘lkasida yo‘l harakati xavfsizligi xodimiga pora berishga uringan o‘zbekistonlik yigit Buxoroda jinoiy javobgarlikka tortildi (“Huquq”, 29 iyun). Oltoy o‘lkasida kirakashlik bilan shug‘ullangan o‘zbekistonlikni yo‘l harakati xizmati xodimi xavfsizlik kamarini taqmasdan yurgani bois jarimaga tortmoqchi bo‘lgan. O‘zbekiston vatandoshi esa 500 rubl pora evaziga jarima yozmaslikni iltimos qilgan. Yo‘l harakati xavfsizligi xodimi esa bu haqda vakolatli organga xabar bergan. O‘zbekistonlik yigitga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. U Rossiyani tark etib, O‘zbekistonga kelgan. Rossiya vakolatli organlari iltimosiga ko‘ra O‘zbekiston vatandoshi o‘z mamlakatida qo‘lga olingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshku tuman sudi hukmiga ko‘ra unga 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

XS
SM
MD
LG