Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 22:57

Arab davlatlari Qatarga berilgan muhlatni 48 soatga uzaytirdi


Rasmiy Doha 13 banddan iborat ultimatumga javob qaytargandan so‘ng Saudiya Arabistoni va ittifoqchilari talablarni qondirishi uchun Qatarga yana 48 soat muhlat berdi, deya xabar tarqatdi Saudiya Arabistoni davlat televideniesi.

Quvayt amiri iltimosi bilan muhlatni cho‘zishga qaror qilindi, deb xabar qiladi Al-Arabiya telekanali 3 iyul kuni. U Qatar bilan Saudiya Arabistoni, Misr, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa mamlakatlar o‘rtasidagi mojaroda vositachilik qilmoqda.

Saudiyaliklar va itifoqchilari Qatar bilan diplomatik va bordi-keldi aloqalarini uzdi. Ular Qatarni terrorchilikni qo‘llab-quvvatlashda va azaliy raqibi Eron bilan juda yaqin aloqa qilayotganlikda ayblamoqda.

Ushbu maslakatlar 13 ta talabdan iborat ro‘yxat tuzib, Qatarning oldiga 2 iyul yarim tunga qadar ularga javob berish shartini qo‘ygan edi. Boz ustiga, talablar bajarilmagan taqdirda qo‘shimcha sanksiyalar joriy etish bilan tahdid ham qilinmoqda.

Ro‘yxatda terrorchilikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni bas qilish, Al-Jazira teletarmog‘ini yopish, Eron bilan aloqalarni uzish, Turkiyaning harbiy-havo bazasini yopish talablari bor. Ular bajarilgshan taqdirda Forz ko‘rfazidagi jimitday mamlakatni boykot qilishga barham beriladi.

Quvayt amiri Shayx Saboh al-Ahmad as-Saboh 3 iyul kuni qatarliklardan rasmiy javob olganini ma’lum qildi va o‘sha zahoti arab mamlakatlaridan Qatarga qo‘yilgan muhlatni yana 48 soatga cho‘zishni so‘radi.

Amir janoblari rasmiy Doha nima deb javob qilganini oshkor etmadi. Ammo Qatar tashqi ishlar vaziri Shayx Muhammad ibn Abdulrahmon at-Tani 1 iyul kuni Rimga safari chog‘ida zikr etilgan talablar Qatarning suverenitetiga daxl qilishini aytdi. Lekin u rasmiy Doha qo‘shni arab mamlakatlari ko‘targan masalalarni muhokama qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Shayx Muhammad ibn Abdulrahmon at-Tani, Qatar tashqi ishlar vaziri:

"Hamma narsa tegishli jarayon, tegishli huquqiy doira va tomonlar o‘rtasida kelishilgan prinsiplarga asoslanishi kerak. Ushbu talablar ro‘yxati aynan rad qilish uchun tuzilgan. Uni na qabul, na muhokama qilib bo‘ladi. Qatar davlati uni prinsipil jihatdan rad etish o‘rniga muloqotni davom ettirishga sharoit yaratishda qatnashishga tayyor".

Qatarga qo‘llanishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha sanksiyalardan biri uni olti mamlakat kiruvchi Fors ko‘rfazi hamkorligi kengashiga a’zolikdan mahrum qilish bo‘lishi mumkin. Ushbu kengashga a’zo mamlakatlar Amerika Qo‘shma Shtatlarining yaqin ittifoqchilaridir. Unga Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Qatar, Kuvayt va O‘mon kiradi.

Shayx Muhammad ibn Abdulrahmon at-Tani, Qatar tashqi ishlar vaziri:

"Biz jahon xalqaro huquq asosida boshqarilyapti, mavjud tartib katta mamlakatlar kichiklarini qo‘rqitishiga yo‘l bermaydi, deb hisoblaymiz. Ultimatumga kelsak, hech kimning biror suveren mamlakatga ultimatum qo‘yishga haqqi yo‘q".

Misr mamlakat tashqi ishlar vaziri 5 iyulda Qohirada Saudiya Arabistonilik va BAAlik hamkasblari bilan uchrashishi hamda "Qatar bilan aloqalarga oid vaziyat rivoji"ni muhokama qilishi kutilmoqda

AQSh Davlat departamenti Kuvaytning mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini olqishladi va tomonlarni bosiqlikka da’vat qildi.

2 iyul kuni Oq Uydan xabar berilishicha, prezident Donald Tramp Saudiya Arabistoni, Qatar va BAA rahbarlari bilan alohida-alohida gaplashdi va "davom etayotgan mojarodan tashvish" izhor qildi.

XS
SM
MD
LG