Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:33

"Abu Saxiy" va "O‘rikzor"dagi aksilterror mashqlari bozorda vahima uyg‘otdi


"O‘rikzor" bozorining avtomobillar to‘xtash hududi ham yopib qo‘yilgan.
"O‘rikzor" bozorining avtomobillar to‘xtash hududi ham yopib qo‘yilgan.

Toshkentdagi eng yirik ulgurji bozor sanalgan “O‘rikzor”da 5 iyul kuni ogohlantiruvsiz o‘tkazilgan “aksilteror mashqlari” poytaxtliklar orasida "terror tahdidi" haqidagi vahimali gap-so‘zlar tarqalishiga sabab bo‘ldi. Ichki ishlar vazirligi rasmiylari Ozodlikka bozorda MXX va IIV qoshidagi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi maxsus otryadlari aksilterror mashqlari o‘tkazayotganini aytib, xavotirga o‘rin yo‘qligini bildirdi.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik va Ichki ishlar vazirligining Terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi xodimlari 5 iyul kuni Toshkent shahrining Uchtepa tumanida joylashgan “O‘rikzor savdo kompleksi”da maxsus amaliyot o‘tkazdi.

Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, tekshiruvchilar bozordagi do‘konlar va savdogarlarga tegishli bo‘lgan konteynerlarni maxsus texnika va iskovuch itlar yordamida birma-bir ko‘zdan kechirgan.

Terrorga qarshi o‘tkazilayotgan amaliyot sabab bozorning qurilish va uy-ro‘zg‘or mollari sotiladigan (xalq tilida "Stroy bozor" deb ataladigan qismi) hududi vaqtincha yopilgan.

“O‘rikzor” bozoridagi ismi sir qolishini istagan savdogarlardan birining Ozodlikka aytishicha, tekshiruvchilar bozorda portlovchi modda va diniy adabiyotlar qidirilayotganini bildirgan:

- O‘rikzorning Stroybozor qismida hamma do‘konlarni yopib birma-bir tintuv qilishdi. Biz tomondagi oziq-ovqat mahsulotlari sotiladigan pavilyonga ham o‘tib, konteynerlarni titkilashdi. Diniy adabiyot va portlovchi modda qidirayotganliklarini aytishdi, dedi bozordagi savdogarlardan biri.

"O‘rikzor"ning yopilmagan qismida savdo qiladigan boshqa bir tadbirkor¸ ko‘k forma kiygan yigitlar bilagida "maxsus otryad" degan yozuv borligi va ular savdogarlarning boj yoki soliq hujjatlari bilan umuman qiziqmaganini qo‘shimcha qildi.

"Stroybozorni ertalab 9 larda maxsus mashinalarda¸ itlar va texnika bilan kelganlar yopishdi. Do‘konchilar ichkarida qoldi¸ boshqalarni chiqarib yuborishdi. Asosan¸ korobkalar¸ katta plastik xaltalarni tekshirishibdi¸ bizni u tarafga¸ hatto oradagi stoyankaga qo‘yishmadi. Tekshiruvchi yigitlar o‘zlarini bosiq tutishdi¸ nima bo‘layapti¸ desak¸ "ehtiyot bo‘linglar¸ bo‘ldi¸ qolganiga biz bormiz¸ xavotir olmanglar"¸ deyishdi. Nimadan ehtiyot bo‘lish kerakligini aytishmadi"¸ deydi "O‘rikzor"da ishlovchi savdogarlardan biri.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ ayni shunday tekshiruvlar 3 iyul kuni Toshkentning "Abu Saxiy" va "Bek Baraka" va Karvon bozorlarida ham o‘tkazilgan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Ozodlik bog‘langan mulozimi Toshkentning yirik ulgurji bozorlarida "aksilterror mashqlar" o‘tkazilayotgani bildirdi. Shaxsi ochiqlanishini istamagan IIV rasmiysi¸ 5 iyul kuni "O‘rikzor" bozorining qurilish mollari sotiladigan qismi ham oldindan rejalangan amaliyot bois yopilganini qo‘shimcha qildi.

"Bu reja bo‘yicha o‘tkazilayotgan aksilterror mashqlari. Mashqlar o‘tkazish uchun ulgurji bozorlar tanlandi. U yerdagi tekshiruvlar ham shu mashqlar doirasida o‘tkazilayapti"¸ dedi Ichki ishlar vazirligi mulozimi.

Vazirlik va bozor rahbariyatining rejalangan aksilterror mashqlari o‘tkazilishi haqida savdogarlarni oldindan ogohlantirmagani oqibatida¸ savdogarlar va xaridorlar orasida turli vahima tarqagan.

"Har xil gaplar aytilayapti. Kimdir “bozorda IShIDchilarga aloqadorlarni qidirishayapti”, desa¸ boshqalar “portlatgich solingan konteyner bozor hududiga kirib qolgan, shuni qidirayapti”, deydi. “Uchyobka o‘tkazayapti ekan”, degan gaplar ham bor. Xullas bozorning u tarafi yopiq, hech kimni o‘tkazmayapti", - deydi O‘rikzor bozorining oziq-ovqat pavilyonida ishlovchi savdogarlardan biri.

Ayni paytda "O‘rikzor" bozorining qurilish va uy-ro‘zg‘or mollari sotiladigan qismi qachon ochilishi noma’lum. Bozor ma’muriyati vakili uning ikki-uch kun yopiq qolish ehtimoli borligini bildirdi.

So‘nggi yillar davomida O‘zbekistonning boshqa joylarida ham hech bir ogohlantiruvsiz aksilterror mashqlarining o‘tkazilishi aholi orasida turli mish-mishlarni keltirib chiqargan edi.

XS
SM
MD
LG