Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:21

Rossiya Qirg‘iziston haydovchilik guvohnomalarini tan oladigan bo‘ldi


Rossiya Davlat Dumasi 5 iyul kuni mamlakat hududida Qirg‘izistonda berilgan haydovchilik guvohnomalarini tan olish bo‘yicha prezident Vladimir Putinga murojaatni bir ovozdan qabul qildi.

Davlat Dumasi murojaatida Rossiyada xorij mamlakatlarida berilgan haydovchilik guvohnomalarining amal qilmasligi to‘g‘risidagi qonun mamlakat hududida haydovchilik qilayotgan muxojirlarning aksariyati rus tilini bilmagani ortidan qabul qilingani aytiladi.

Qirg‘izistonda rus tili rasmiy til maqomiga ega ekanidan kelib chiqilgan holda bu davlat vatandoshlari rus tilini zarur darajada bilishlari va Rossiyada qabul qilingan yo‘l harakati qoidalarini o‘zlashtirishda qiyinchiliklarga duchor bo‘lmayotgani ham murojaatda qayd etilgan.

Shundan kelib chiqib, rus deputatlari bir ovozdan Qirg‘izistonda berilgan haydovchilik guvohnomalari Rossiyada tan olinishini prezident Putindan iltimos qilganlar.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 5 iyul kuni Dumaning bu tashabbusi Vladimir Putin tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev 21 iyun kuni Moskvaga qilgan rasmiy safari doirasida qirg‘iz migrantlari bilan uchrashar ekan, prezident Vladimir Putin va bosh vazir Dmitriy Medvedev bilan uchrashuvlarda aynan shu masala ham muhokama etilganini ta’kidlagan edi.

-Kecha Vladimir Putin bilan, bugun Dmitriy Medvedev bilan uchrashganimda ham haydovchilik guvohnomasi masalasini ko‘tardim. Men:”Sizlar belaruslarga imtiyoz berdinglar, nega biznikilarni o‘gaylatib qo‘ydinglar?” deb ochiq so‘radim. Dmitriy Anatolyevich “YevrOsiyo Iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lgan barcha davlatlar vatandoshlarining haydovchilik guvohnomalari Rossiya hududida yaroqli bo‘ladi”, deb va’da berdi, - degan edi Atambaev.

Avvalroq Rossiya Davlat Dumasi 2017 yilning 1 iyunidan boshlab xorij haydovchilik guvohnomalariga ega haydovchilarga davlat transportida ishlash taqiqlanishi to‘g‘risidagi qonunning amal qilish muddatini uzaytirish taklifini rad etgan edi. Buning ortidan Rossiyada minglab muhojirlar, jumladan, o‘zbekistonlik muhojirlar ham ishsiz qolgan.

Jamoat transportida ishlashni davom ettirmoqcha bo‘lganlar Rossiya haydovchilik guvohnomasini olishi zarur bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG