Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:11

Rossiya vatandoshi bo‘lishni orzu qilgan "abadiy o‘zbek" Anvar Zufarov hikoyasi (VIDEO)


 Anvar oilasi bilan
Anvar oilasi bilan

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aholi bilan "jonli muloqoti" davomida unga murojaat qilgan o‘zbekistonlik muhojir Anvar Zufarovga vaqtinchalik yashash guvohnomasi berilishi va’da qilindi. Pskov shahrida qo‘nim topgan va fermerlik qilayotgan Zufarov, to‘rt farzandi va ayoli rossiyalik bo‘lishiga qaramasdan, ko‘p yillardan beri grajdanlik ololmayotganidan arz qilib keladi.

Rasmiylardan javob kutaverib charchaganini Ozodlikka gapirib bergan Anvar, vatandoshlik ololmasa fermasini sotib, xorij davlatlaridan biriga chiqib ketmoqchi ekanini ma’lum qildi.

2011 yildan buyon Rossiyada doimiy yashab kelayotgan toshkentlik Anvar Zufarov Rossiya grajdanligi ololmasdan qiyin ahvolda qolgani borasida bevosita Vladimir Putinga qilgan murojaati u yashayotgan Pskovda katta shov-shuv ko‘tardi.

O‘zining Feysbuk sahifasida u Vladimir Putinga uning nomidan murojaat qilishga chaqirgani ko‘plab mahalliy ommaviy axborot vositalarida tarqaldi.

Anvar 2011 yildan buyon grajdanlikka hujjat yig‘adi
Anvar 2011 yildan buyon grajdanlikka hujjat yig‘adi

Shu yilning 15 iyunidagi prezident bilan “jonli muloqot” davomida uning nomidan Vladimir Putinga ko‘plab rossiyaliklar murojaat qilganidan keyin uning vaziyatiga Duma deputatlari ham qiziqish bildirdi.

Ishonchim komilki, Anvar kabi mamlakatimizni obodonlashtirmoqchi bo‘lgan ishchan odamlar bizga kerak. Va shundaylarga biz ko‘mak berishimiz lozim. Mahalliy amaldorlar va sobiq FMS xodimlari loqaydligi bilan hayratda qoldirmoqda. Axir bizga xuddi shunday migrantlar kerak emasmi? Bu ijtimoiy adolat masalasidir. Va uni hal etmoq zarur. Albatta!” deb yozdi sahifasida deputat Yevgeniy Revenko.

Ozodlik bilan suhbatda Duma deputati Anvar masalasida Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokoltsevga xat yuborgani va vaziyatni oydinlashtirishni talab qilganini qo‘shimcha qildi.

“Komsomolskaya pravda”, “MK”, “BFM” va boshqa o‘nlab radio, gazeta va televidenie orqali Rossiyada ko‘pchilikka tanilgan Anvarga mahalliy jurnalistlar tomonidan, qo‘shiqchi Grebenshchikovning asariga mengzab, “abadiy o‘zbek” nomi berildi.

“Abadiy o‘zbek” Anvar Zufarov – Toshkentning Qorasuvidan.

U Toshkentdagi Madaniyat institutini bitirgan.

O‘zbekistondan kelib, Moskvada ofitsiant, quruvchi-montajchi, shoumen, garderobchi va boshqa kasblar bilan shug‘ullangan.

U grajdanligi yo‘qligi tufayli Moskvada bir, Pskovda ikkinchi marotaba rossiyalik sheriklari tomonidan aldanganini gapirib berdi.

Rossiya poytaxtida vatandoshlik ololmagan "abadiy o‘zbek" chekka Pskovning Estoniya bilan chegaradosh tashlandiq joylaridan biriga ko‘chib o‘tadi.

Hozirda Pechyora tumanidagi Bebeshkino qishlog‘ida fermerlik qilayotgan va sifatli pishloq mahsulotlarini pishirishni yo‘lga qo‘ygan 40 yoshli Anvar Zufarov rasmiy maqomsiz biror ish qilishning ilojini topa olmayotganini Ozodlikka so‘zlab berdi.

- Biz fevral oyida prezidentga xat jo‘natgan edik. Avvaliga meni ishim Tashqi ishlar vazirligiga topshirildi, ular esa O‘zbekiston elchixonasiga va Pskov politsiya bo‘limiga bildirishnoma jo‘natdi. Pskov politsiyasi menga “Hujjat bilan keling, hujjatingiz bo‘lmasa kelishning hojati yo‘q!”, qabilida xat yubordi. Mening ahvolimda bo‘lgan juda ko‘plab odamlar Rossiyada yashamoqda. Prezident esa migrantlar masalasini bir og‘iz bilan ham ko‘tarmaganidan keyin, “Yetar, biror elchixonaga borib, qochqinlik so‘rayman”, degan fikr keldi, dedi Anvar.

Suhbatdosh 2000 yillar boshidan Rossiyaga kelib-ketib yurgani, Pskovga kelib uylangani, fermerlik qila boshlaganidan keyin o‘z sheriklari tomonidan aldanganini so‘zlab berdi.

Anvar pishloqlarni echki sutidan tayyorlaydi
Anvar pishloqlarni echki sutidan tayyorlaydi

“Grajdanligim bo‘lmagani sababli, mahalliy qonunlar yerda ishlashga ruxsat bermaydi: shu sababli grajdanlik maqomini olishga bor kuchimni sarfladim”, deya davom etadi u.

- O‘sha paytda meni deportatsiya qilish xavfi paydo bo‘ldi. Masalan, onamni O‘zbekistonga 2018 yilgacha deportatsiya qilishdi. Qizig‘i, migratsiya xizmati sizni deportatsiya qilishni istasa – qiladi, istamasa – jo‘natmaydi. Ya’ni sizning taqdiringiz ularning shaxsiy xohish-istagiga bog‘liq! 2013 yilda men “vatandosh” maqomini oldim, ammo biroz vaqt o‘tganidan keyin biror tushuntirishlarsiz meni bu maqomdan mahrum qilishdi, dedi Anvar Zufarov.

Fermer yigit yuqori idoralarga qilgan murojaat va shikoyatlari nihoyat natija berganini ham aytdi: shu kunlarda Rossiyaning Migratsiya bo‘yicha bosh boshqarmasi unga vaqtinchalik yashash guvohnomasini berishini bildirgani ma’lum bo‘ldi.

Qishloqqa kelishdan oldin Anvar ko‘p kasblar bilan shug‘ullanib ko‘rgan
Qishloqqa kelishdan oldin Anvar ko‘p kasblar bilan shug‘ullanib ko‘rgan

O‘zbek muhojiri Toshkentda radioboshlovchi bo‘lgani, respublika “Quvnoqlar va zukkolar” konkurslarida ishtirok etgani, Moskvaga esa shuhrat va yangilik izlab kelib qolganini gapiradi.

- Bu yerda men fermerlik qilaman, pishloq pishiraman. Pishloqlarim xalqaro miqyosda tan olindi – xotinim bilan Pishloq pishiruvchilar Ittifoqiga a’zomiz. Lekin hamma biznesimiz xotinimga rasmiylashtirilgan. Pechyorskiy tumanimizda jami 15 ming kishi yashaydi, mintaqamiz tushkun ahvolda! Ularning asosiy qismi qariyalar – yoshlar shaharga ketib qolayapti. Shunday vaziyatda yerda ishlamoqchi bo‘lgan odamga er berishmayotgani qiziq ko‘rinayapti. Meni ko‘pchilik jurnalistlar “abadiy o‘zbek” deb atashayotganidan xafa emasman, chunki men toabad o‘zbekligimcha qolaman. O‘zbekiston ikki grajdanlik berishga ruxsat berganda edi, men o‘z Vatanim pasportini jonim bilan saqlab qolgan bo‘lardim. Afsuski, hamma yaqinlarim, to‘rtta farzandim va ayolim rossiyalik va men grajdanlik olishga majburman, dedi suhbat so‘nggida Anvar Zufarov.

Фермер Анвар Зуфаров билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:15 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG