Линклар

13 декабр 2017, Тошкент вақти: 21:54

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidagi lalmi yerlarda uzum yetishtiradigan fermerlarga qisqa muddat ichida g‘alla qabul qilish punktiga 300 kilogrammdan bug‘doy topshirish vazifasi yuklatildi. Bu haqda xabar bergan fermerlarning aytishlaricha, tuman hokimligidan har bir fermerga telefon qilgan mulozim, hokimning topshirig‘ini bajarish shart ekanligini ta’kidlagan. Tuman Fermerlar kengashi ham bu xabarni tasdiqladi.

Oltinsoy tumanining To‘xtamish, Lukka, Kichik Vaxshivor, Obshir qishloqlarida uzumchilik bilan shug‘ullanadigan yuzlab fermerlarga 300 kilogrammdan bug‘doy topshirish vazifasi yuklatildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan fermerlardan birining aytishicha, topshiriq hokimiyatdan bo‘lgan:

“Kecha hokimiyatning 4777431 raqamli telefonidan menga qo‘ng‘iroq bo‘lib, 300 kilo bug‘doy topshirasan, deb aytdi. Kimsiz, desam hokimiyatdanman, bu hokimning buyrug‘i, deb aytdi. Men bug‘doy ekmaganman, bizning xo‘jalik uzumchilik desam, farqi yo‘q, yerning tagidan bo‘lsa ham topshirishing shart, bo‘lmasa yomon bo‘ladi, deb aytdi”, dedi fermer.

Lukka qishlog‘ida uzumchilik bilan shug‘ullanadigan boshqa bir fermer esa, bu topshiriq bilan tuman Fermerlar kengashining raisi qo‘ng‘iroq qilganini aytdi:

- O‘rol aka degan, raisimiz bor. O‘zi biz bug‘doy ekmaganimizni, o‘zimiz bug‘doyni sotib olishimizni yaxshi biladi. Aka, qaerdan topib beramiz, hali uzum pishgani yo‘qki sotib olib bersak”, desak, “menga ham hokim shunday topshiriq bergan, topib bermasalaring bo‘lmaydi”, deb aytdi, deydi fermer.

Kichik Vaxshivor qishlog‘ida yashaydigan fermerning aytishicha, lalmi erlarda bug‘doy yetishtirishning imkoni yo‘q:

- O‘tgan kuni menga ham birov telefon qilib hokimiyatdanman, dedi. Shunday, shunday, 300 kilo bug‘doy berasiz, dedi. Men, yerimiz lalmi bo‘lsa, toklarning orasi tor bo‘lsa, qanday ekamiz desam, eksa bo‘ladi, deydi. Umrida qo‘liga ketmon ushlamagan bo‘lsa kerak, u odam. Odamlar uylarining tomorqasiga bug‘doy ekkan edi, suv yo‘q, yomg‘ir yo‘q, hech narsa bo‘lmadi. Endi o‘ylanib o‘tiribman, nima qilishimni bilmay. Pul yo‘q, bozorga qo‘y olib chiqib sotsammi deb turibman”, deydi fermer.

Oltinsoy tumani hokimining o‘zini Komil deb tanishtirgan yordamchisi fermerlarga bug‘doy solig‘i solinganidan xabari yo‘qligini aytdi:

- Bizda mingdan ortiq fermer bor. Men unday gapni aytmaganman, bundan xabarim yo‘q, dedi hokim yordamchisi.

O‘zini Oltinsoy tumani Fermerlar kengashi raisi O‘rol aka deb tanishtirgan mulozim, uzumchilik bilan shug‘ullanadigan fermerlarga qo‘ng‘iroq qilib, bug‘doy topshirish haqida ko‘rsatma berganini tan oldi:

- Bizga ham bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklari gektariga 100 kilodan bug‘doy topshirsin degan topshiriq berilgan. Bug‘doyi bor fermerlarga telefon qilib aytyapmiz. Endi ularning bug‘doy topshirish haqida shartnomasi bormi-yo‘qmi, uni kattalardan so‘raysiz, dedi fermerlar kengashi raisi.

Oltinsoylik fermerlarning aytishlaricha, uzum oralariga bug‘doy ekishning umuman iloji yo‘q. Adir yon bag‘rida bo‘lgan tokzorlar yerga shox otib, hosil soladi va bug‘doy ekish uchun joy qolmaydi. Fermerlar bu holatni aks ettirgan suratlarni ham Ozodlikka taqdim etdi.

Oltinsoy tumanidagi tokzor.
Oltinsoy tumanidagi tokzor.

Oltinsoy tumani hokimi Erkin Boyniyozov Ozodlikning bir necha bor qilgan qo‘ng‘irog‘iga javob bermadi.

O‘zbekistonda hokimlar davlat bug‘doy rejasini bajarish uchun noqonuniy tadbirlardan birinchi bor foydalanishayotgani yo‘q.

O‘tgan yilning iyul oyida Namangan viloyati hokimining topshirig‘iga ko‘ra, bog‘ va tokchilik bilan shug‘ullanadigan fermer xo‘jaliklari har gektar bog‘i hisobiga 500 kilodan bug‘doy solig‘i solingan edi. Bog‘bonlar bozordan qimmat narxda bug‘doy sotib olib, arzon narxda hukumatga topshirishga majbur bo‘lgan edilar.

XS
SM
MD
LG