Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:41

Hukumat valyuta tijoriy kursini bekor qildi. Rasmiy kurs nima bo‘ladi?


Bosh vazir Abdulla Aripovning 30 iyun kungi qaroriga muvofiq, tijorat banklarining o‘z mijozi bo‘lgan korxonalarga bozor narxida valyuta olib-sotishiga ruxsat berildi. Hozircha kuchga kirmagan bu qaror jismoniy shaxslar¸ ya’ni keng aholiga taaluqli emas.

Qaror matni

Qaror matnining Ozodlikka yo‘llangan nusxasi.
Qaror matnining Ozodlikka yo‘llangan nusxasi.

“O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartish kiritish haqida” deb nomlangan yangi qarorning 1-bandiga muvofiq¸ Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 10 iyun kungi 294-qarori bilan tasdiqlangan “Birjadan tashqari valyuta bozorida xorijiy valyutani xarid qilish va sotish operatsiyalarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga o‘zgartirishlar kiritildi.

Qarorning 2-bandiga muvofiq¸ 2003 yil 11 iyunь kuni qabul qilingan “Valyuta bozorini yanada liberallashtirish va almashinuv kurslarini unifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi 250-qaror o‘z kuchini yo‘qotdi.

Qarorning 3-bandi Markaziy bankka bir oy ichida manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda normativ-huquqiy aktlarni muvofiqlashtirish vazifasini yuklagan va bu qaror ijrosi Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga topshirilgan.

Ilova

Qarorning o‘zbek tilida yozilgan qisqa ilovasidan¸ “Birjadan tashqari valyuta bozorida xorijiy valyutani xarid qilish va sotish operatsiyalarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 43-bandining “Birjadan tashqari valyuta bozoridagi operatsiyalar vakolatli banklar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida bozor kursi bo‘yicha amalga oshiriladi” deb o‘zgartirilgani anglashiladi.

Nizomning 30 iyunga qadar amalda bo‘lib kelgan 43-bandida “Birjadan tashqari valyuta bozoridagi operatsiyalar so‘nggi banklararo savdo sessiyasida xorijiy valyutaga bo‘lgan talab va taklif asosida shakllanadigan erkin kurs bo‘yicha amalga oshiriladi” deb ëzilgan.

Pilot loyiha o‘zini oqladimi?

O‘zbekiston bank tizimi rasmiylarining Ozodlikka tushuntirishicha¸ Abdulla Aripov 30 iyun kuni qarori bilan 6 iyun kungi qarori ko‘lamini kengaytirishga qaror qilgan.

Ozodlik xabar bergan “ichki foydalanish uchun” deb tasniflangan avvalgi qarorga ko‘ra¸ O‘zbekistondagi olti tijoriy bankning “Asakabank” platformasida bozor kursida valyuta oldi-sotdi qilishiga tajriba tariqasida ruxsat berilgan edi.

Uch haftacha davom etgan bu pilot loyiha¸ Bosh vazirning 30 iyun kungi qarori bilan butun tijorat banklariga tatbiq etiladigan bo‘ldi”¸ dedi bu jarayonga bevosita aloqador bank tizimi mulozimlaridan biri.

"Xalq hali bankdan erkin tarzda dollar sotib ololmaydi"

“Asakabank”¸ “Aloqabank” va “O‘zsanoatqurilishbank” valyuta bo‘limlarining Ozodlik gaplashgan vakillariga ko‘ra¸ valyuta operatsiyalarining bozor kursi bilan amalga oshirilishi¸ hozircha tijorat banklari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomasi bo‘lgan korxonalargagina taalluqli.

“Hozircha hatto yuridik shaxslarga ham ochiqcha sotish boshlanmadi. Biz 449-qaror bo‘yicha Markaziy bank qabul qiladigan o‘zgartishlarni kutib turibmiz. Qo‘limizda aniq ko‘rsatma hali yo‘q”¸ degan mazmunda javob berdi uchala tijorat banki vakili.

Markaziy bank rasmiy saytida esa¸ na bu qaror va unga oid biror izoh va tushuntirish hozircha yo‘q.

Ozodlik suhbatlashgan bankirlardan biri¸ agar tijorat banklaridagi oldi-sotdining bozor kursiga o‘tish silliq kechsa¸ bu jarayonning jismoniy shaxslar uchun ham ochilishini bildirdilar.

O‘zbekiston bank tizimidagi mutaxassislardan biri aholining ham banklardan naqd shaklda valyuta sotib-olishini yo‘lga qo‘yish uchun hukumat yana bitta qonunosti aktiga o‘zgartirish kiritishi kerakligini aytdi.

2012 yil 30 yanvardagi qarorda jismoniy shaxslarga valyuta sotish va sotib olish plastik kartalar orqali amalga oshirilishi qayd etilgan. Shu qaror ham bekor qilinishi kerak”¸ dedi bu mutaxassis.

Ayrim xususiy tadbirkorlarning Ozodlikka ma’lum qilishicha¸ ular hozirgacha valyutani davlat kursi bo‘yicha olib, xorijiy davlatlarda to‘lov uchun ishlatib kelinayotgan konversion kartalarning 2017 yil sentabridan to‘xtatilishidan ogohlantirilgan. Ozodlik hozircha bu xabarni rasmiy manbalardan tekshirib ko‘rgani yo‘q.

Konvertatsiya ochildimi?

Tijorat banklariga valyuta bilan bozor narxida savdo qilishga ruxsat berish¸ O‘zbekistonda valyuta erkin konvertatsiyasini joriy qilish yo‘lidagi qadammi¸ degan savolga o‘zbekistonlik moliyaviy va iqtisodiy tahlilchilar ehtiyotkorlik bilan javob qaytardilar.

Bu qadamni erkin konvertatsiyaga eltish-eltmasligi¸ Ozodlik suhbatlashgan mutaxassislarga ko‘ra¸ Markaziy bankning rasmiy kursni bekor qilish-qilmasligiga bog‘liq bo‘ladi.

"Agar faqat bir guruh davlat korxonalari va hokimiyat tepasidagilarga aloqador xususiy korxonalargina foydalanib kelayotgan rasmiy kurs bundan keyin ham saqlanib qolsa¸ bu konvertatsiya erkin bo‘ldi¸ deganini bildirmaydi. Bu yangi hukumat rasmiy kurs¸ demakki nihoyatda oson keladigan katta boylikni qo‘lga kirituvchi yangi tabaqani yaratib¸ o‘ziga sadoqatli oligarxlar to‘dasini yaratishning tayyor sxemasini qoldiradi¸ degani. Rasmiy kursning saqlanib qolishi¸ milliarderlar uchun kurs 3800¸ qolgan xalq uchun 8500 deganidir"¸ dedi moliyaviy tahlilchilardan biri Ozodlik bilan suhbatda.

Toshkentdagi "Iqtisodiy taraqqiyot markazi" rahbari Yuliy Yusupov o‘z Facebook sahifasida 30 iyun kungi qarorni sharhlar ekan¸ "jarayon boshlandimi?" degan savolni o‘rtaga tashladi.

"Rasman - bu qaror banklarga o‘zlariga ma’qul narxda valyutani sotib olish va sotishga ruxsat berildi degani. Ammo ular Markaziy bankdan qanday yozma yoki og‘zaki ko‘rsatma oladi (yoki olishdi) - bunisi qorong‘u. Rasmiy kursning nima bo‘lishi ham tushuniksiz. Yaqin orada¸ vaziyat oydinlashib qolar¸ deb o‘ylayapman. Oxir-oqibatda hammamiz erkin valyuta bozorilik bo‘lamiz¸ deb umid qilaman"¸ deb yozdi o‘zbekistonlik iqtisodiy tahlilchi.

XS
SM
MD
LG