Линклар

13 декабр 2017, Тошкент вақти: 21:42

Shifokorlar o‘lmagan chaqaloqni “o‘ldi”ga chiqargan holat bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlandi


Muhammadjon jarrohlik amaliyotidan so‘ng

Bir yarim oylik Muhammadjon Rashidovni jarrohlik operatsiyasidan so‘ng “o‘ldi” deb, yaqinlariga topshirgan do‘xtirlar harakati ustidan Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar ichki ishlar bo‘limi tergovchilari surishtiruv ishlarini olib bormoqda. Muhammadjonning yaqinlariga ko‘ra, shifokorlar “o‘ldi” deb, chakagini bog‘lab onasiga tutqazilgan chaqaloq qabrga qo‘yilishidan oldin yuvishga olinganda, hushiga kelgan. Viloyat tibbiyot birlashmasi mulozimlari esa, operatsiyadan chiqqan Muhammadjonni uning yaqinlari majburan kasalxonadan olib ketganliklarini iddao qilmoqda.

Qarshi shahar ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi bir yarim oylik chaqaloq Muhammadjon Rashidovning “o‘lgan”ga chiqarilgani va shunga bog‘liq holatlar bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlanganini aytdi:

“Muhammadjon Rashidov onasi Qarshi tumanidan bo‘lgani uchun ishni tumandagi kasbdoshlarimiz boshlagan edi. Voqea Qarshi shahridagi ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasida bo‘lgani sabab, ishni bugun bizga o‘tkazishdi. Hozir tergovchilarimiz shu ish bilan shug‘ullanmoqda”, dedi ichki ishlar mulozimi.

Muhammadjonning buvisi Nargiza Qurbonovaning Ozodlikka aytishicha, nevarasi jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganidan so‘ng, do‘xtirlar unga va qiziga sabr tilab, bolaning o‘lganligini aytishgan edi:

- Muhammadjon 14 mayda tug‘ilgan edi, lekin oradan ikki kun o‘tib bola qusishni boshladi. Qarang, bolani 16 mayda duxturga olib kelgan bo‘lsak, 28 iyunda operatsiyaga olib kirishyapti, ungacha bolaning ichagi qayrilib, yorilib ketgan ekan. Operatsiyadan so‘ng bola o‘ldi deb, manyagi va oyog‘igacha tugib berishyapti. Olib ketayotganimizda duxtur chiqib, “iltimos, bolani olib ketyapman deb, yozib bering”, deyapti. Bola o‘ldiku, nima farqi bor endi, desam, ular “bir xillar bolani zovurga ham, musorga ham tashlab ketadi, shuning uchun yozib bering”, dedi. Keyin bolani olib ketyapman, deb yozib berdim. Qarangda endi, o‘lgan deb yozmabmanda. Siz qarangda, operatsiyadan chiqqan bola tirik bo‘lsa kim uni olib ketadi? Qaysi ota-ona qachon o‘lasan ekan deb, yuziga qarab o‘tiradi?”, dedi Nargiza opa.

Buvining aytishicha, bola noto‘g‘ri diagnoz bilan davolangani uchun shu holatga tushgan:

- Sakkizta duxtur bo‘lsa, bolani sakkiz xil davolagan. Bolaning yo‘g‘on ichagi yorilib ketgan. Axlat qorinni zaharlagan. Ichaklar 15 kun davomida axlatda yotgan, deydi Nargiza opa.

Buvining so‘zlariga ko‘ra, bolaning tirik ekanligini unga qabr qazilib, yuvishga olinayotgan paytda g‘assol bilib qolgan:

- Go‘rkov qabrni qazib kelyapti, uyda murdasho‘y bolani taxtaga olib, endi yuvaman deganda bola ko‘zini ochib, qo‘lini ko‘tarib kerishyapti. Bola tirik, deb dod solyapti. Kecha tergovchilar, eshon-mullani so‘ragan, murdasho‘ylarni so‘roq qilyapti, butun mahalla janozaga kelgan. Axir biz qanday qilib tirik bolaga janoza qilamiz, tushuning, deydi Nargiza opa.

Qashqadaryo viloyati tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Rustam Eshmurodovning Ozodlikka iddao qilishicha, chaqaloq operatsiyadan chiqqanda tirik bo‘lgan:

- Yo‘q, o‘ldi degan joyi yo‘q, bola operatsiyadan chiqqandan so‘ng, buvisi tilxat berib olib ketgan. O‘ldi degan joyi yo‘q, absolyutno unaqa joyi bo‘lmagan. Yashashi dargumon, og‘ir kasal deb aytganda ular. Qiynab nima qilamiz uni, deb olib ketishgan, dedi Rustam Eshmurodov.

Shifokorning aytishicha, Muhammadjon ayni paytda bolalar kasalxonasining jonlantirish bo‘limida qolmoqda.

Rasmiy javob

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi saytida Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘lqin Rasulovning ushbu voqea bo‘yicha rasmiy javobi e’lon qilindi.

Rasmiy axborotda aytilishicha, “bemor uyiga olib ketilayotganda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidek vafot etgan emasdi, u tirik bo‘lgan. Bu haqda bemorning buvisi Shahnoza Hamidova (bemorning buvisi Nargiza Zokirova - Ozodlik) tilxat ham yozgan. Bola vafot etgani haqidagi xulosa uning yaqinlari tomonidan qilingan va bu haqda tibbiyot xodimlariga xabar berilmagan.

Bemor shifoxonadan olib ketilgan kunning o‘zidayoq soat 22:30 – 23:00 larda Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining reanimatsiya bo‘limiga uni yana qaytarib olib kelishgan va davo muolajalari davom ettirilgan.

4 iyul kuni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi bolalar jarrohi I.Karimov bemor Muhammad Rashidovning barcha tahlil natijalari va kasallik tarixi bilan tanishib, konsultatsiya qildi. I.Karimov tashxis to‘g‘ri qo‘yilgani va barcha muolajalar standart asosida olib borilganani qayd etib, qo‘shimcha tavsiyalar berdi.

Hozirgi vaqtda bemor jonlantirish bo‘limida. Davo muolajalari davom ettirilmoqda"

Ammo, Muhammadjonning buvisi Nargiza Qurbonova boshqarma boshlig‘ining bu bayonoti yolg‘on ma’lumotlar asosida yozilganini va haqiqatni qaror toptirish uchun kurashni davom ettirajagini aytadi.

Ozodlik voqea rivojini kuzatib boradi.

XS
SM
MD
LG