Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:55

Mirziyoev paxta o‘rniga gilos, g‘alla o‘rniga kovul ekishni buyurdi (VIDEO)


Prezident “Mingbuloqneft” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida
Prezident “Mingbuloqneft” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida

Prezident Mirziyoev Namangan viloyatiga ikki kunlik safari paytida paxta va g‘alla ekib, zarar ko‘rayotgan dehqonlarga klonlashtirilgan gilos ko‘chatlari bilan kovul ekishni tavsiya qildi. Bundan tashqari, prezident o‘zbek-qirg‘iz chegarasida bo‘lib, harbiy qismga kirdi. Viloyatdan qaytarkan, Mirziyoev shahar hokimini almashtirdi.

Kovul plantatsiyasi va klonlashtirilgan gilos

Prezident Mirziyoev Namangan viloyatiga safari paytida zarar ko‘rib ishlayotgan dehqonlarga paxta va g‘alla ekish o‘rniga foyda beradigan ekinlarni ekishni tavsiya qildi.

Bu davlat buyurtmasi asosida ekiladigan paxta va g‘alladan zarar ko‘rayotgan o‘zbekistonlik dehqonlar yillardan beri davlat rahbaridan ilhaq bo‘lib kutayotgan bir taklifdir.

Xususan, Chust tumanida qurilayotgan O‘simliklarni himoya qiluvchi kimyoviy vositalar ishlab chiqaruvchi zavodda bo‘lgan Mirziyoev kam hosil beradigan, zarar ko‘rib ishlayotgan tumanlarda paxta va g‘alla maydonlarini keskin kamaytirish zarurati tilga oldi.

Buning o‘rniga yuqori daromad beradigan meva-sabzavot, poliz ekinlarini ekish lozimligini ta’kidladi va Namanganda 3 ming gektardan ziyod maydonda kovul ekish rejalanayotganini olqishladi.

Kovul kam xarajat va oz mehnat talab qiladigan bu o‘simlikdir, undan yiliga to‘rt marta hosil olish mumkin, Buni ma’qullagan prezident viloyatda kovulchilikni rivojlantirish bo‘yicha assotsiatsiya tashkil etishga topshiriq berdi.

Shuningdek, viloyatdagi meva-sabzavot agroshirkatlaridan birining bog‘larini aylangan prezident klonlashtirilgan giloszorlarni yaratishni taklif qildi.

Mingbuloqda 255 mln. dollarlik loyiha

Prezident Mingbuloq tumanidagi mas’uliyati cheklangan “Mingbuloqneft” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasiga bordi.

Hozir Xitoy tomoni yordamida bu konda 4 qidiruv-burg‘ilash qudug‘ini ishga tushirish, mavjud 4 ta quduqni kapital ta’mirlash ishlari bormoqda.

O‘zA agentligi xabariga ko‘ra, 25 yilga mo‘ljallangan va umumiy qiymati 255 million dollardan ortiq bo‘lgan bu loyiha natijasida bu kondan yiliga 200 ming tonna suyuq uglevodorod qazib olish rejalashtirilgan.

Namangan shahrida yana 18ta ko‘p qavatli uy quriladi

Prezident Namangan shahrining Uychi ko‘chasiga bordi va bu ko‘chada qurilayotgan o‘n beshta ko‘p qavatli turar joy binosi va o‘ndan ziyod infratuzilma ob’ekti bilan tanishdi.

Namangan shahrida kelasi yili namunaviy loyiha asosida 18 ta ko‘p qavatli turar joy qurilishini ta’kidladi. Kvartiralarni taqsimlashda adolat tamoyillariga qat’iy amal qilish lozimligini qayd etdi.

Yoshlar maxsus fakultetda gulchilikka o‘qitiladi

Namangan shahridagi Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga borgan prezident bog‘dagi Gulchilar assotsiatsiyasiga kirdi va har bir tumanda assotsiatsiya bo‘limlarini tashkil qilish, maxsus fakultet tashkil qilib, yoshlarni gulchilikka o‘qitishni tavsiya qildi.

O‘zbek-qirg‘iz chegarasiga tashrif

Shavkat Mirziyoev prezidentlikka saylanganidan buyon ilk kez chegara hududiga bordi.

Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi Qirg‘izistonga tutashgan Arbaxsh mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldi. 50 nafar chegarachi ishlab turgan chegara postlari va harbiy qismni aylandi.

Post yonida qurilgan kichik harbiy shaharchani ko‘zdan kechirdi.

Namangan shahar hokimi almashdi

Kun.uz’ning Namangan viloyatidagi manbasining xabariga ko‘ra, Namangan shahri hokimi lavozimida ishlab kelgan Bahodir Mamatovich Bekxo‘jaev lavozimidan bo‘shatilgan. Uning o‘rniga 41 yashar Shavkat Shokirjonovich Abdurazzoqov Namangan shahri hokimi etib tayinlangan.

Bundan tashqari, Mingbuloq va Pop tumanlari ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari ham o‘z lavozimidan bo‘shatilgan.

XS
SM
MD
LG