Линклар

Rossiyalik huquq faoli Qirg‘izistonga kiritilmadi


Moskvadagi “Memorial” huquq himoyasi tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha dasturlari rahbari Vitaliy Ponomarev.

Moskvadagi “Memorial” huquq himoyasi tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha dasturlari rahbari Vitaliy Ponamarev 9 iyul kuni kechqurun Qozog‘istondan Qirg‘izistonga kiritilmadi.

Vitaliy Ponomarev bu borada Ozodlik radiosiga gapirar ekan, voqea “Ak-Jol” chegara o‘tkazish punktida sodir bo‘lganini, uni qirg‘iz chegarachilari mamlakatga kiritmaganini aytdi:

-Mening pasportimni qayoqqadir olib ketishdi va keyin bir ofitser chiqib, menga “Qirg‘iz Respublikasi chegarasidan o‘tkazmaslik to‘g‘risida”gi aktni topshirdi. Aktda bu qaror qaysi tashkilot tomonidan qaysi asoslarga ko‘ra qabul qilingani aytilmagan. Ofitser menga: “Biz buyruqni bajaramiz xolos, to‘g‘ri tushuning”, deb aytdi. Boshqa ma’lumot bergani yo‘q, - dedi Vitaliy Ponomarev.

Moskvalik huquq faoli Bishkekka 29 iyunda kelgan va 1 iyuldan 3 iyulgacha ekstremizm masalalariga oid anjumanda ishtirok etgan. Shundan so‘ng u 4 iyulda o‘z shaxsiy ishlari bilan Ostonaga uchgan.

U 10 iyulda Bishkekdan Moskvaga uchishni rejalashtirgani uchun shaxsiy buyumlarini va kiyim-kechaklarini Bishkekda qoldirib ketgan.

Ponomarevning aytishicha, u 4 iyulda Ostonaga uchayotganida qirg‘iz chegarachilari “Manas” aeroportida uni 50 daqiqa hech qanday asoslarsiz ushlab qolishgan va keyin qo‘yib yuborishgan.

Vitaliy Ponomarevning Qirg‘izistonga kiritilmaganiga norozilik sifatida bishkeklik huquq faollari Qirg‘iziston ombudsmeni Qubatbek Otorbaevga ariza kiritdilar.

Arizaga imzo chekkan taniqli huquq faoli Aziza Abdurasulova 2010 yildagi aprel inqilobi tufayli hokimiyatdan ag‘darilgan prezident Qurmanbek Bakiev davrida ham Ponamarevning Qirg‘izistonga kirishi ikki marta taqiqlanganini esga oldi:

-Bu birinchi marta bo‘layotgan voqea emas. Bundan avval ham Vitaliy 2 marta hech qanday asosli sabablarsiz Qirg‘izistonga kiritilmagan. Keyin maxsus xizmatlar kechirim so‘rab, unga mamlakatga kirishga ruxsat berishgan. Bu ishlarning boshida har doim Milliy xavfsizlik xizmati turgan, - dedi Aziza Abdurasulova.

Qirg‘iziston Chegara xizmati va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Vitaliy Ponamarevning mamlakatga kiritilmagani yuzasidan hozircha biror bir izoh berishdan tiyilmoqdap va jurnalistlarning bu boradagi savollarini javobsiz qoldirmoqda.

XS
SM
MD
LG