Линклар

Rossiya ekzotik hayvonlarning O‘zbekistondan kiritilishiga cheklov kiritdi


2017.22.04da Domodedovo aeroportida O‘zbekistondan keltirilgan 35 makaka ushlangan

Rosselxoznadzor O‘zbekiston Veterinariya xizmatini noyob hayvon va qushlarni noqonuniy savdo qilayotganlikda ayblab, O‘zbekistondan keltirilayotgan ekzotik hayvon va parrandalarga cheklov qo‘ydi.

2017 yilning 7 iyulidan Rossiya Veterinariya va fitosanitariya nazorati federal xizmati (Rosselxoznadzor) O‘zbekistondan qilinayotgan ekzotik jonivorlar eksportiga cheklov qo‘yganini rasman e’lon qildi.

Idora rasmiy saytida FS-KS-7/13752 sonli qarorda “O‘zbekiston Respublikasidan Rossiya Federatsiyasiga noqonuniy tarzda olib kirilayotgan ekzotik hayvonlarga maxsus ko‘rsatma kelgunga qadar vaqtinchalik cheklov kiritilayotgani” xabar qilindi.

Rosselьxoznadzorning FS-KS-7/13752 sonli qarori
Rosselьxoznadzorning FS-KS-7/13752 sonli qarori

Rosselxoznadzorning Orenburg viloyati bo‘yicha boshqarmasida Ozodlik so‘roviga javoban ushbu ko‘rsatma Rosselxoznadzor maxsus delegatsiyasining O‘zbekistonga qilgan tashrifidan keyin qabul qilinganini bildirishdi:

- Ha, ekzotik hayvonlar va parrandalarga 7 iyuldan cheklov kiritildi. FS-KS-7/13752 sonli qaror bevosita O‘zbekistondan noqonuniy tarzda kiritilayotgan deb topilgan jonivorlarga tegishlidir. Bu hujjatda tadbirkorlik bo‘lmagan maqsadlarda kiritilayotgan hayvonlar va qushlar cheklov ostiga tushmagani belgilangan. Ya’ni, masalan bu hayvon o‘zingiz bilan hamrohlikda tegishli hujjatlar bilan olib kirilayotgan bo‘lsa ruxsat etiladi. Bu cheklov sababi – O‘zbekistonda ko‘rsatilgan ekzotik jonivorlar noqonuniy tarzda olib kirilayotgani aniqlandi. O‘zbekiston noyob hayvonlar eksportini qonuniy tarzda rasmiylashtirmagunga qadar cheklov olib tashlanmaydi. Har qanday boshqa usullar bilan O‘zbekistondan ularni olib kirishga urinish qonun tomonidan jazolanadi, dedi Rosselxoznadzor boshqarmasi vakilasi Marina Alekseeva.

Idora rasmiysi O‘zbekistonga borib qaytgan Rosselxoznadzor ekspertlari O‘zbekistondan keltirilayotgan primatlar va ekzotik qushlar noqonuniy tarzda legallashtirilayotgani, zero O‘zbekistonda bu kabi jonivorlarni parvarish qilish pitomniklari mavjud emasligini aniqlaganini bildirdi:

Ehtimoldan holi emaski, o‘zbek veterinariya xizmati bu hayvonlarga hujjatlarni rasmiylashtirib, Janubi-Sharqiy Osiyoda yetishtirilgan primat va ekzotik parrandalarni legallashtirishga uringan”, deyiladi Rossiya Veterinariya va fitosanitariya nazorati xizmati rasmiy saytida.

Rossiyada tekshiruvdan o‘tkazilgan bir nechta partiya ekzotik hayvonlar, O‘zbekistonda berilgan hujjatlarga muvofiq, odam va jonivorlar uchun xavfli bo‘lgan bir qancha kasalliklarga tekshiruvdan o‘tkazilgan. Ammo laboratoriya mutaxassislari O‘zbekistonda bunday tahlillarni olib bora oladigan laboratoriyalar yo‘qligini aniqlagani aytildi. Shuningdek, Rosselxoznadzor ekspertlari qushlarning karantin va vaktsinatsiya muddatlarida belgilangan sanalar to‘g‘ri kelmayotganini payqab qolgan.

Rosselxoznadzor yuqorida ko‘rsatilgan faktlar asosida yig‘ilgan materiallarni Rossiya Bosh prokuraturasiga yuborishini ma’lum qilmoqda. Rossiya veterinariya va fitosanitariya bosh xizmati Rossiyaga ekzotik qush va hayvonlarni jo‘natayotgan boshqa mamlakatlarni, jumladan, Armaniston va Vьetnamdagi pitomniklarni ham tekshiruvdan o‘tkazishini e’lon qildi.

O‘zbekiston Davlat veterinariya qo‘mitasi: Bizga rasman bildirilmadi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasida Ozodlikka bu masaladan xabardor ekanliklari, ammo hozircha Rossiyadan bu masalada biror rasmiy bildirishnoma yuborilmaganini ma’lum qilishdi.

- Rosselxoznadzor rasmiy saytida bu ma’lumot keltirilgan, ammo bizga rasmiy biror xat kelgani yo‘q. Internet, boshqa joylarda yozilayapti, lekin bizga kelmagan. Bizga Rossiyadan Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi orqali ofitsial xat keladi, shundan keyin O‘zbekiston biror xulosa qilib, ma’lumot chiqarishi mumkin, dedi ismini oshqor qilmaslikni so‘ragan O‘zbekiston Respublikasi veterinariya qo‘mitasi rasmiysi.

Idora rasmiy saytida Rossiyaning bu cheklovlari to‘g‘risida darhaqiqat biror ma’lumot keltirilmaganini ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston Tabiatni muxofaza qilish davlat qo‘mitasi keltirayotgan ma’lumotga ko‘ra, bugunga kelib mamlakatda ekzotik hayvonlarni parvarish qilish bo‘yicha 22 pitomnik, yovvoyi hayvonlarni etishtiriruvchi 19 pitomnik, 13 zoopark va bitta ko‘chma zoopark mavjud.

Ozodlik ayniqsa Rossiyava Qozog‘iston chegarachilari va bojxona xizmati xodimlari tomonidan O‘zbekistondan keltirilayotgan ekzotik hayvonlarning to‘xtatib qolinayotgani to‘g‘risida ko‘p marotaba xabar bergan.

Xususan, O‘zbekistondan olib kirilayotgan noyob jonivorlar qatorida toshbaqa, qisqichbaqa, to‘tiqushlar va boshqa sayroqi qushlar, maymunlarning bir qancha turi , ilonlar, dekorativ itlar va boshqalarni uchratish mumkin.

Rossiya Bosh prokuraturasi oxirgi yillarda Rossiyada Internet tarmog‘i orqali “Qizil Kitobga” kiritilgan va yo‘qolish arafasida turgan hayvonot olami namoyandalari sotuvga qo‘yilayotganidan xavotir bildirgandi.

Rossiya Tabiiy zahiralar va ekologiya vazirligi keltirgan raqamlarga binoan, noyob hayvonlar noqonuniy yillik oboroti 10 mlrd. rubldan (~166 mln. AQSh doll.) tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG