Линклар

19 yillik qamoqdan joriy yilning 14 fevralida ozod qilingan andijonlik Rustam Usmonov 7 iyul kuni e’lon qilgan ochlik aktsiyasini 10 iyul kuni noma’lum muddatga to‘xtatganini bildirdi.

O‘zbekistondagi ilk xususiy bank –“Rustambank” muassisi, agar O‘zbekiston Milliy banki uning talablarini bajarmasa, yana ochlik e’lon qilmoqchi.

Rustam Usmonovning iddaosicha, u bilan Milliy bank o‘rtasidagi mojaro uning turmush o‘rtog‘iga bundan 2 yil muqaddam ajratilgan, lekin 10 foizigina berilgan kredit bilan bog‘liqdir.

6 iyul kuni o‘zining Feysbukdagi sahifasida Usmonov mana bu yozuvni qoldirdi:

“Men, Usmonov Rustamjon Turdievich (RUSTAMBANK) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi o‘ta qo‘pol ravishda oyoqosti qilinganiga norozilik bildirib 2017 yil 7 iyuldan ochlik e’lon qilaman. Andijon viloyati, Xonobod shaxri, eski univermag binosi”.

Usmonov qoldirgan postda bundan boshqa gap yo‘q, masalaga aniqlik kiritish uchun esa, u kishi bilan o‘z vaqtida bog‘lanib bo‘lmadi.

10 iyul kuni Usmonov bilan bog‘langanimizda, u ochlikni vaqtincha to‘xtatganini bildirdi. Shu mazmundagi post Usmonovning Feysbukdagi sahifasida ham paydo bo‘ldi.

10 yozib, 1 berishadi?

Rustam Usmonov, Ozodlik savollariga javob berarkan, ochlik e’lon qilishi sababini aytib berdi.

Usmonovning iddao qilishicha, O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Andijon viloyat, Qo‘rg‘ontepa tuman bo‘limi rahbari 2015 yili uning turmush o‘rtog‘i – “Ra’no Usmonovaning imzosini qalbakilashtirib, uning “Xonobod hamkor savdo” firmasiga 250 mln so‘m miqdorida kredit ajratgan, bu pulning 10 foizinigina firmaga o‘tkazib, qolganini o‘z sheriklari bilan o‘zlashtirgan”.

Usmonovning aytishicha, 250 mln. so‘mlik kreditni ajratish uchun Andijon viloyat Xonobod shahridagi Usmonovlar oilasiga tegishli bo‘lgan ikki qavatli univermag binosi garov sifatida rasmiylashtirilgan va Milliy bank univermagni bundan bir necha kun oldin – 5 iyulda buzishga ruxsat bergan.

Va Usmonov shu voqea ortidan, norozilik tariqasida 7 iyul kuni ochlik e’lon qilganini Feysbukdagi sahifasi orqali bildirdi.

Oradan 3 kun o‘tib Rustam Usmonov ochlik aksiyasini to‘xtatgani e’lon qildi va buning sababini Ozodlikka bunday izohladi:

“Men Milliy bank rahbariyatiga – Toshkentdagi idorasiga – yozma axborotnoma jo‘natdim va ulardan javob olgunimcha aktsiyani to‘xtatib turishga qaror qildim”.

Usmonovning aytishicha, u Milliy bankdan Xonoboddagi univermag binosini 1 yarim milliard so‘mga sotib olishni, shu bilan oilasi ko‘rgan zararni qoplashni talab qilmoqda. “Chunki, bu bino shu kunda quriladigan bo‘lsa, 2 yarim milliard so‘mga tushadi”, dedi Usmonov.

Ayni paytda, Rustam Usmonovning aytishicha, “Milliy bankning Qo‘rg‘ontepa tuman bo‘limi boshlig‘i va uning shekriklari ustidan jinoyat ishi ochilib, ularning ishi sudda ko‘rilmoqda”.

Milliy bank inkor etdi

Ozodlik Milliy bankdan voqea yuzasidan izoh olishga urindi. O‘zini “bank raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Matkarimovning yordamchisi”, deb tanishtirgan xodim, gap nimadaligini bilgach, "Sizni mutaxassis bilan bog‘layman" dedi.

O‘zini tanishtirishni istamagan mutaxassis “hech qanday usmonov-pusmonovni tanimasligini” bildirdi, bankning Qo‘rg‘ontepa tuman rahbariyati ustidan jinoyat ishi ochilganini inkor etdi, boshqa savollarimizga javob berishni istamadi.

Shundan so‘ng, Ozodlik yana Rustam Usmonov bilan bog‘landi. Uning aytishicha, “bank xodimlari tomonidan jinoyat ishi 2016 yilda ochilgan, joriy yil yanvarida sud jarayoni boshlangan”.

“Oilamizning manfaatlari himoyachisi sifatida advokatimiz bilan birgalikda jinoyat ishi bilan tanishib chiqqanman”, dedi Usmonov.

Bosh prokuratura o‘z himoyasiga olganini aytgan edi

O‘zbekistondagi ilk xususiy bank – “Rustambank” asoschisi, 19 yil qamoqda o‘tirib, joriy yil fevralida ozodlikka chiqqan Rustam Usmonov 2 iyun kuni Ozodlikka suhbat bergan, suhbat u Bosh prokuratura mulozimi qabulidan yaxshi kayfiyatda chiqqan soatda bo‘lib o‘tgan edi.

“Juda xursandman. Siz telefon qilishingizdan sal oldin Bosh prokuraturaning mas’ul xodimi bilan suhbatlashdim. Xursandman. Oyoq-qo‘limdan qanot o‘sib chiqqanday bo‘ldi”- degan edi Rustam Usmonov.

Aytishicha, prokuratura xodimlari unga tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi mumkinligini, bu yo‘lda har qanday yordamni berishga tayyor ekanliklarini bildirgan.

Rustam Usmonovning 10 iyul kuni Ozodlikka aytishicha, uning Milliy bank bilan bog‘liq tortishuviga prokuratura hozircha aralashgani yo‘q. Biroq yaqin kunlarda bosh nazoratchi organ mulozimi uni qabul qilishi kutilmoqda.

1948 yili Qirg‘izistonning Jalolobod shahrida tug‘ilgan Rustam Usmonovning tarjimai holida qayd etilishicha, u - iqtisodiyot fanlari doktori, professor, iqtisodiy mavzularda yozilgan 300 dan ziyod monografiya va maqolalar muallifidir.

Maqolalarida kichik va o‘rta biznesni targ‘ib qilgan Usmonovning o‘zi 1987 yili O‘zbekistonda asalarichilik shirkatini ochgan edi. Yomg‘ir chuvalchanglarini ko‘paytirib sotib, millionlar egasiga aylangan. Chuvalchanglar yordamida biogumus ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan Rustam Usmonovning telereklamalari hanuz ko‘pchlikning esida bo‘lsa kerak.

XS
SM
MD
LG