Линклар

Rossiya qurishdan bosh tortgan Norin GESini Chexiya barpo etadigan bo‘ldi


Qirg‘iziston va Chexiya vakillari Norin GES kaskadlarini qurish bo‘yicha shartnomani prezident Atambaev ishtirokida imzolamoqda.

Qirg‘izistonda Yuqori Norin GES kaskadlarini va o‘nga yaqin kichik GESlarni Rossiya o‘rniga Chexiya quradigan bo‘ldi.

Qirg‘izistonda Yuqori Norin GES kaskadi va kichik GESlarni qurish bo‘yicha shartnoma Bishkekda qirg‘iz hukumati va Chexiyaning Liglass Trading CZ. SRO shirkati tomonidan imzolandi. Shartnoma hukumat va xususiy shirkat tomonidan imzolangani bois, parlamentda ratifikatsiya qilinishni talab etmaydi.

Mazkur loyiha rahbarlaridan biri Aybek Kaliev shartnoma Qirg‘iziston manfaatlariga to‘liq javob bera oladi, deb hisoblaydi.

- Shartnomada qurilishning muddatlari aniq belgilab qo‘yildi. Bundan taqshari, Rossiya bilan tuzilgan avvalgi shartnomada GESning aksiyalari Rossiyaga ishonchli boshqaruv uchun berilishi shart, degan modda bor edi. Chexiya bilan tuzilgan shartnomada bu narsa yo‘q. Ikkinchidan esa, investorlar shartnomaga asosan soliqlardan ozod qilinmaydi, - dedi Aybek Kaliev.

Norin GES kaskadlarini 2009 yilda imzolangan shartnoma asosida Rossiya barpo etishi kerak edi. Biroq o‘tgan yili Rossiya iqtisodiy inqiroz ortidan bu GESni qurish majburiyatidan voz kechgan, shundan so‘ng qirg‘iz hukumati Kreml bilan bu borada imzolangan barcha shartnomalarni bekor qilgan edi.

Biroq Rossiyaning "RusGidro" shirkati Norin GES kaskadi qurilishining tayyorgarlik bosqichida 37 million dollar mablag‘ sarflaganini iddao qilib, bu qarzni Qirg‘izistondan to‘lashni talab qilib kelgan.

Chex shirkatining rasmiy vakili Yirji Voytexovski bu qarzni Liglass Trading shirkati to‘lab berishini bildirdi.

-Boshlang‘ich kapital qatorida 37 million dollarni beramiz. Bu pulni Norin GESining 50 foiz aksiyasiga egador bo‘lish uchun garov sifatida kiritmoqdamiz. Umuman olganda, loyihaning birinchi bosqichida 230 million dollar sarmoya yotqizamiz. Bu pulga Akbulun kichik GESi va Norin-1 GESi qurilishi boshlanadi, -dedi chex shirkati vakili.

Rasmiy xabarda aytilishicha, Rossiya Norin GESi loyihasini 727 million dollarga baholagan. Chexiya tomoni esa bu GESni 500 million dollarga qurib berishini bildirmoqda.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev iyun oyi oxirida Moskvaga qilgan safari yuzasidan jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, Rossiya prezidenti Putin bilan uchrashuvda rus amaldorlari Qirg‘izistonda GESlar qurish loyihasini paysalga solib, siyosiy o‘yinga aylantirib yuborayozganini yana bir bor ta’kidlagani haqida gapirgan.

Atambaev o‘shanda Norin GES kaskadlarini qurish uchun Qirg‘iziston boshqa sarmoyador topganini va tez orada bu sarmoyador bilan shartnoma imzolanishini bildirgan, biroq sarmoyador qaysi davlat yoki shirkat ekanini ochiqlamagan edi.

Rasmiy xabarda aytilishicha, Rossiya qurilishini qariyib o‘n yilga cho‘zib kelgan Norin GES kaskadlari va kichik GESlarni Chexiya tomoni 2019-2020 yillargacha ishga tushirishga va’da berdi.

XS
SM
MD
LG