Линклар

O‘zbekistondagi barcha paxta zavodlarida paxtani tortish uchun elektron tarozilar hamda xom ashyo sifatini baholovchi uskunalar majmui o‘rnatildi. Tarozilar va sifat o‘lchagichlarda aks etadigan ma’lumotlar mamlakat bo‘ylab yagona monitoring bazasiga yig‘iladi. Bu haqda Ozodlikka “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi mulozimi bildirdi. Aytilishicha, har bir viloyatda monitoring markazlari tashkil etilgan bo‘lib, bundan maqsad chigit ekishdan tortib, hosilni topshirishgacha bo‘lgan jarayonni puxta nazorat qilish, bu jarayondan inson omilini chetlashtirishdir.

Farg‘onalik fermer Ozodlik bilan suhbatda 2016 yilgi hosil elektron tarozilarda tortilgani, shu bilan qo‘shib yozish imkoniyatlari keskin cheklanganini aytib berdi.

O‘zbekistonda paxta chigiti va boshqa yog‘li ekinlar yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarini monitoring qilish markazlari tarmog‘i ochilgani to‘g‘risidagi mahalliy nashrlar xabarini Ozodlikka tasdiqlagan “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi mulozimi tafsilotlarni xolding rasmiy saytidan olishni tavsiya qildi.

Rasmiy sayt o‘z materialida “Xolding kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy-axborot texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotgani” to‘g‘risida yozarkan, 2016 yilgi hosilni yig‘ib olish mavsumidan boshlab tayyorlov punktlarida paxta xom ashyosini qabul qilish tartibi o‘zgartirilgani to‘g‘risida xabar qilgan.

Saytga ko‘ra, “majburiy tadbirlar reestriga paxta xom ashyosini maxsus markalash ham kiritilib, unda paxta qo‘lda yoki mashinada terilganligi qayd etiladi”.

Fermer: O‘tgan yilgi hosilimizni elektron tarozida tortishdi

63 gektar maydonda paxta yetishtiradigan farg‘onalik fermer Ochil Begmatovning Ozodlikka aytishicha, 2016 yilgi paxta hosili paxta zavodlarida elektron tarozilarda tortildi.

Fermerning aytishicha, elektron tarozilarni o‘rnatishdan maqsad, “qo‘shib yozishning oldini olishdir, zavodga kirgan har bir pritsep hisobga olinadi, ulardagi paxtaning ikki marta tortilishiga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Sovetdan qolgan dard

“Qo‘shib yozish” yoki "pripiska" tushunchasi o‘zbekistonliklarning katta avlodi uchun tanish tushunchadir. Bu haqda O‘zbekiston mustaqillikka erishishi arafasida gapirmagan siyosatchi, yozmagan jurnalist qolmagan edi.

Farg‘onalik fermerning aytishicha, bu illat so‘nggi yillargacha ham mavjud edi. Ochil Begmatov zavodlarda elektron tarozilar o‘rnatilgunicha bo‘lgan davrda qo‘llanilgan qo‘shib yozish sxemalaridan biri haqda aytib berdi.

- Aytaylik, fermer shartnomada ko‘rsatilgan paxtani to‘la topshira olmay qoldi – plani to‘lmadi. Shunday paytda u paxta zavodi rahbari bilan kelishadi. Masalan, bundan 2 yil oldin 200 dollar evaziga paxta zavodi fermerning nomiga 1 tonna 5- nav paxta yozar edi. Aslida o‘sha 1 tonna paxtaning narxi 50 ming so‘m bo‘ladi. 5- nav paxta shu qadar sifatsiz, tola ham, chigit ham chiqmaydiki, zavod o‘sha qo‘shib yozilgan paxtani keyin "chang bo‘lib uchib ketdi", deb rasmiylashtiradi. Fermer 200 dollarga 1 tonna paxta sotib oladi va qo‘liga 20 ming so‘m tegadi. Lekin fermerning yutug‘i boshqa narsada: u planini bajaradi, hokimdan gap eshitmaydi. Jon saqlab qolish uchun, yerdan quruq qolmaslik uchun fermer o‘sha 200 dollarni berar edi, dedi Ochil Begmatov.

Zavodlar, kombinatlar, terminallar...

“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi rasmiy saytiga ko‘ra, shu kunda mamlakatda 98 ta paxta tozalash zavodi, 23 ta yog‘-moy kombinat va 21 ta paxta terminali mavjud.

Ularni kapital qayta ta’mirlash jarayonida yangi avlod uskunalari kompleksini o‘zlashtirish hisobiga modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, texnik qayta jihozlash tadbirlari amalga oshirilmoqda.

2017 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi asosida «O‘zpaxtasanoateksport» XK bo‘yicha jami 27, 2 mln.AQSh dollari miqdorida mablag‘ o‘zlashtirilishini nazarda tutuvchi 34 ta loyiha, jumladan «O‘zpaxtasanoat» AJda paxtani qayta ishlash korxonalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha 17,1 mln. AQSh dollariga teng 12 ta, «O‘zpaxtayog‘» AJda 10,1 mln. AQSh dollariga teng 22 ta loyihani amalga oshirish mo‘ljallangan.

XS
SM
MD
LG