Линклар

Andijon viloyatining Asaka tumani hokimiyatining dehqon bozorini rekonstruksiya uchun yopish va savdoni qo‘shni dehqon bozoriga ko‘chirish qarori norozilikka sabab bo‘lmoqda. Mahalliy tadbirkorlarning Ozodlikka aytishicha, bozor ko‘chirilganidan bir oydan oshiqroq vaqt o‘tgan esa-da dehqon bozorida qayta qurish ishlari boshlanmagan, ko‘chirilgan tadbirkorlarga va’da qilingan er ham berilmagan.

O‘tgan oy boshida Asaka hokimligi savdogarlarga dehqon bozorini sentabr oyiga qadar rekonstruksiya qilib berishni va’da etib, ularni tuman chekkasidagi “Tasanno” savdo majmuasiga ko‘chishga ko‘ndirgan edi.

O‘shanda bozorda savdo qilib kelgan 230ta do‘kon egasiga hokimiyat tumanning boshqa qismidan yer ajratib berishni ham va’da qilgan edi.

Oradan bir oydan oshiqroq vaqt o‘tgan esa-da dehqon bozorida qayta qurish ishlari boshlanmagan, ko‘chirilgan tadbirkorlarga yer ham berilmagan.

Asaka tumani hokimligida kapital qurilish va obodonlashtirish ishlariga mas’ul mulozimning Ozodlikka aytishicha, tuman hokimligi bozorni rekonstruktsiya qilish uchun byudjetda pul yo‘qligi sabab bu ishni tumanda "Baxtiyorboy" deb nom chiqargan “Muhammad Diyor” shirkati va uning egasi Baxtiyor Karimov ismli tadbirkorga ishonib topshirgan.

Mulozim iddaosicha¸ muammoli vaziyat "Baxtiyorboy"ning zimmasiga olgan ishni bajarmayotgani oqibatida yuzaga chiqqan:

- Men o‘zim rekonstruksiyani bo‘ynimga olaman, deb chiqqani uchun hokim bozor rekonstruksiyasini shu odamga ishonib topshirgan edi. Hozir endi pulim yo‘q, u narsamni sotishim kerak, buni qilishim kerak, deb ishni paysalga solib, cho‘zib yuribdi. Shuning uchun rekonstruksiya cho‘zilayapti, - dedi hokimlik mulozimi.

“Muhammad Diyor” shirkatiga yaqin Ozodlik manbalari esa tuman hokimi Tohir Shovvozov bozor rekonstruksiyasini Baxtiyor Karimovga majburan yuklaganini aytishdi.

Ozodlik bu xususda Baxtiyor Karimovning o‘zidan izoh ola olmadi. Tadbirkorning yordamchisi Karimov band ekanini aytib, telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.

Ozodlik suhbatlashgan asakaliklarga ko‘ra¸ dehqon bozorining rekonstruksiyasi cho‘zilayotgani sabab mahalliy tadbirkorlar va xaridorlar sarson bo‘lmoqda:

- Bozorni qayta rekonstruksiya qilamiz, deb bizni otxonaga ko‘chirib qo‘ydi. Sentabr oyigacha ko‘chib turasizlar, deganiga rozi bo‘lgan edik. Hozir qarasak¸ dehqon bozorida umuman ish boshlanmagan. Endi dekabr oyigacha kutasizlar¸ deyapti. Shunga hozir har kuni hokimiyat bilan janjal. Rekonstruksiyaga pul bo‘lmasa¸ bizni u yerga qaytar, o‘zimiz qilamiz, deyapmiz. Bularning puli yo‘q, rekonstruksiya ham qilmaydi, eski bozorga qaytishimizga ham ko‘nmaydi, - deydi shaxsi ochiqlanmasligi so‘ragan asakalik savdogarlardan biri.

Asaka dehqon bozorining ko‘chirilishidan norozi savdogarlarning janjal ko‘tarayotgani aks etgan videolar.

O‘zbekistonning boshqa viloyat va tuman markazlarida bozorlarning buzilishi tadbirkorlarning keskin noroziligi manzarasida kechmoqda.

O‘tgan oy Jizzax va Samarqandda yillardan beri ishlab kelgan savdogarlardan bir guruhi bozorlarning yangi joyga ko‘chirilishi tufayli ish joyisiz qolganidan Ozodlikka shikoyat qilgan edi.

O‘zbekistonda bozorlar mamlakat prezidentining dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ular o‘rnida zamonaviy savdo majmualari qurish haqidagi 25 mart kungi qarori doirasida amalga oshirilmoqda.

Mazkur qaror munosabati bilan viloyatlar markazlarida bundan besh-olti yil avval qurilgan buyum bozorlaridan o‘n millionlab so‘mga do‘kon sotib olgan tadbirkorlar hali foydaga kirib ulgurmasdan boshqa joyga ko‘chirilgan bozordan do‘kon sotib olishga majbur bo‘lgani Ozodlikda avval ham ko‘p marta yoritilgan.

XS
SM
MD
LG