Линклар

Prezident Trampning katta o‘g‘li Rossiyaga oid elektron yozishmalarini e’lon qildi


Prezident Donald Trampning katta o‘g‘li Donald Tramp.

Prezident Donald Trampning katta o‘g‘li Donald 2016 yilda Rossiyalik advokat Natalya Veselnitskaya bilan uchrashganida, go‘yoki prezidentlikka nomzod Hillari Klintonga nisbatan kompromatlar taqdim etilgani to‘g‘risidagi elektron yozishmalarni oshkor qildi.

Kichik Donald Tramp bu ma’lumotlarni 11 iyul kuni Twitter sahifasida e’lon qildi.

10 iyul kuni Donald otasining saylov kampaniyasi davomida Moskva bilan aloqlar qilingani yuzasidan o‘tkazilayotgan tergov doirasida Kongressga ko‘rsatma berishga tayyor ekanini aytgan edi.

Bundan avvalroq esa New York Times gazetasi Trampning o‘g‘li prezidentlik saylovi paytida advokat Natalya Veselnitskaya bilan uchrashgani, advokat Donaldga prezidentlikka nomzod bo‘lgan Hillari Klintonga qarshi kompromatlarni bermoqchi bo‘lgani to‘g‘risida xabar bergan.

New York Times ismi sir tutilayotgan manbalarga tayangan holda, Rob Goldstoun ismli piarchi Donaldga elektron pochta orqali bu ma’lumotlarni jo‘natgani hamda bu ma’lumotlar “Rossiya hukumatining uning otasiga ko‘rsatmoqchi bo‘lgan yordamining bir qismi” ekani to‘g‘risida bildirgani to‘g‘risida yozgan.

Kichik Donald Tramp o‘z elektron yozishmalarini e’lon qilishiga gazetadagi ushbu maqola sabab bo‘ldi.

11 iyul kuni Trampning o‘g‘li bu yozishmalardan 4 sahifasini oshkor qildi. Bu yozishmalarda Goldstoun unga uchrashishni taklif qilgani hamda rus advokati Hillari Klinton obro‘sini to‘kuvchi materiallarga ega ekanini bildirgan.

Maktublardan birida Goldstoun: “Rossiya Davlat prokurori... Trampning saylovoldi shtabiga qandaydir rasmiy hujjatlarni va ma’lumotlarni taqdim etmoqchi, bu hujjatlar Hillari Klintonning obro‘sini to‘kadi va uning Rossiya bilan aloqalariga bag‘ishlangan. Bu hujjatlar otangizga juda foydali bo‘lishi mumkin”, deb yozgan

Ma’lumotlarda aytilishicha, Respublikachilar partiyasi Donald Trampni prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlaganidan uch kun o‘tgach, kichik Donald, Trampning kuyov bolasi Jared Kushner va Tramp saylov shtabi rahbari Pol Manafort rus advokati bilan uchrashgan.

Twitter sahifasida yozishmalarni e’lon qilar ekan, kichik Donald Tramp avvalgi ko‘rsatmalarida ma’lum qilganiday, Veselnitskaya taqdim etish uchun hech qanday axborotga ega bo‘lmaganini, faqat AQSh vatandoshlari tomonidan rossiyalik bolalarni boqib olish masalasi yuzasidan fikr almashinish niyatida bo‘lgani haqida gapirganini ma’lum qildi.

Shuningdek, kichik Donald Tramp uchrashuvni uyushtirgan Goldstoun 10 iyul kuni “bu uchrashuv men qachondir guvoh bo‘lgan eng ahmoqona uchrashuv bo‘lgan edi”, deb bayonot berganini ham eslatib o‘tdi.

11 iyul kuni AQShdagi NBC telekanali Veselnitskaya bilan o‘tkazilgan suhbatni ko‘rsatdi. Suhbat davomida Veselnitskaya uchrashuvda Barak Obama tomonidan qabul qilingan Magnitskiy qonunini muhokama qilmoqchi bo‘lganini, “hech qachon Xilllari Klinton obro‘sini to‘kuvchi axborotga ega bo‘lmaganini” va Rossiya hukumatiga aloqador emasligini aytgan.

Barak Obama tashabbusi bilan qabul qilingan Magnitskiy qonunida Rossiyada inson huquqlarini buzgan shaxslarga nisbatan sanksiyaldar joriy etilishi belgilangan edi.

Senatning Vakillar palatasi va AQSh maxsus xizmatlarida tashkil etilgan bir necha tergov guruhlari prezidentlik saylovi jarayonida Tramp va Rossiya hukumati o‘rtasida qandaydir til biriktirish bo‘lganmi, degan savolga javob izlashda davom etmoqda.

AQShning razvedka idoralari joriy yilning boshida, Rossiya prezidentlik sayloviga aralashdi, deb xulosa chiqargan.

AQSh Adliya vazirligi 17 may kuni sobiq Federal tergov byurosi sobiq direktori Robert Myullerni Rossiya bilan prezident Trampning 2016 yilgi saylov kampaniyasi vaqtidagi gumon qilinayotgan maxfiy til biriktiruvini tergov qilish uchun maxsus prokuror etib tayinladi.

7 iyul kuni prezident Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Germaniyaning Gamburg shahrida o‘tgan “Katta yigirtmatalik” sammiti doirasida uchrashgan edi.

AQSh Davlat kotibi Reks Tillersonga ko‘ra, uchrashuv paytida Tramp Putindan AQShdagi prezidentlik sayloviga aralashganmisizlar, deb so‘ragan. Putin esa bu savolga rad javobini bergan.

XS
SM
MD
LG