Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:11

"Bolalar" guruhi solisti Tohir Sodiqov litsenziyadan mahrum qilindi


"O‘zbekkonsert" davlat muassasasi o‘zbekistonlik xonandalar Tohir Sodiqov, Aziza Niyozmetova, Sharof Muqimov hamda Sherali Bekmurodovning litsenziyasini bekor qildi. Litsenziyadan mahrum qilingan xonandalardan biri Aziza Niyozmetova Ozodlik bilan suhbatda daromad solig‘ini to‘lamagani uchun uch oyga litsenziyadan mahrum qilinganini aytdi.

"Bolalar" guruhining solisti Tohir Sodiqov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Aziza Niyozmetova, xonandalar Sharof Muqimov hamda Sherali Bekmurodovni litsenziyasi bekor qilingani haqda "O‘zbekkonsert" matbuot xizmati 10 iyul kuni ma’lum qildi.

"Litsenziatlar Tohir Sodiqov, Aziza Niyozmetova, Sharof Muqimov va Sherali Bekmurodov bilan tuzilgan litsenziya bitimining 4.2.-bandida nazarda tutilgan shartlar buzilganligi sababli, ushbu xonandalar nomiga berilgan litsenziyaning amal qilishi "Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrdagi 354-son Qarori bilan tasdiqlangan nizomning 17-bandiga asosan 2017 yil 11 iyuldan tugatilganligi bildiramiz", deyilgan "O‘zbekkonsert" matbuot xizmati xabarida.

Litsenziyadan mahrum qilingan xonandalardan biri Aziza Niyozmetova Ozodlik bilan suhbatda daromad solig‘ini to‘lamagani uchun uch oyga litsenziyadan mahrum qilinganini aytdi.

- Litsenziya olinganda soliq to‘lanadi, to‘yga bormasangiz ham. To‘lamay qo‘ygandim, qachon to‘yga chiqsam to‘larman, deb. Hozir soliq to‘lamagansan, deb uch oyga litsenziyamni to‘xtatishdi, - deydi xonanda.

Litsenziyadan mahrum qilingan boshqa xonandalar Ozodlikka izoh berishni istashmadi.

Aziza Niyozmetovaning aytishicha, Tohir Sodiqov, Sharof Muqimov, Sherali Bekmurodovlarning ham soliq to‘lamaganliklari uchun litsenziyasi vaqtincha bekor qilingan.

-Uch oydan keyin litsenziyani tiklashadi deb umid qilamiz, - dedi Aziza Niyozmetova Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekistonda har bir qo‘shiqchi faoliyati uchun litsenziya olishi kerak va bunday litsenziya bir yilga beriladi.

Yangi tartibga muvofiq xonandaga kontsertining kamida 60 foizini jonli ijro qilish talabi ham qo‘yiladi.

Ayrim kuzatuvchilar yangi tartibni qo‘shiqchilik faoliyati uchun qo‘yilgan yangi byurokratik to‘siq deyishsa, boshqalar bu amal shou biznesdagi soxtakorliklarga chek qo‘yadi, degan fikrda.

XS
SM
MD
LG