Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 16:58

Toshkentda 26 ta kollej va litsey yopilayotgani to‘g‘risidagi xabar inkor etildi


26 ta kollej va litsey yopilayotgani to‘g‘risida mahalliy axborot vositalarida 11 iyul kuni paydo bo‘lgan xabarni 12 iyul kuni tushdan keyin O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mulozimi keskin rad etdi.

Vazirlikning o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari faoliyatini boshqarishga mas’ul birinchi o‘rinbosari Murodullo Xolmuhammedovning o‘zini Sarvar, deb tanishtirgan yordamchisi Ozodlikka “kollejlar va litseylarni yopish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasidan ham, Prezident devonidan ham hech qanday hujjat vazirlikka kelib tushmagan”, dedi.

11 iyul kuni dastlab UzNews saytida paydo bo‘lgan, keyin boshqa saytlarga ko‘chgan xabarda umumta’lim maktablarida 10-11 sinflar ochilishi munosabati bilan Toshkent shahrida 26 ta o‘quv muassasasi - kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar yopilishi aytilgan, xabarga hatto yopilajak o‘quv yurtlari ro‘yxati ilova qilingan edi.

Vazirlik bilan bog‘lanish oldidan Ozodlik muxbiri o‘sha ro‘yxatdan joy olgan ba’zi kollejlar bilan bog‘landi.

Shayxontohur sanoat kolleji vakili ro‘yxatdan xabari borligi, lekin kollejning yopilishi haqida hech qanday gap yo‘qligi, kollejga kiruvchi o‘quvchilardan hujjatlar qabul qilinayotgani to‘g‘risida aytdi.

Xuddi shunday ma’lumotni Ozodlik Yunusobod mashinasozlik kolleji vakilidan ham oldi. Faqat bu kollej vakilining mana bu gapi biroz ikkilantirib qo‘ydi: “Biz o‘zimiz ham Internetdan yopilishimiz to‘g‘risidagi xabarni o‘qib, bugun ertalab kollejlar markaziga telefon qildik. Feruza opa “Sizlarning kollej yopiladigan kollejlar ro‘yxatida yo‘q”, dedi”, dedi.

Yunusobod mashinasozlik kolleji vakili aytgan “Feruza opa” bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Lekin u kishiga beradigan savolimizni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Murodullo Xolmuhammedovning o‘zini Sarvar, deb tanishtirgan yordamchisiga berdik.

Uning aytishicha, “kollejlar va litseylarni yopish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasidan ham, Prezident devonidan ham hech qanday hujjat vazirlikka kelib tushmagan”, binobarin shu kunda yopiladigan kollej va litseylar ro‘yxati mavjud emas.

Vazirlik ogohlantirdi

12 iyul, kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi kun.uz sayti orqali “mamlakatdagi internet saytlarida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimiga oid asossiz xabarlar va maqolalar aholi, ota-onalar hamda yoshlarni jiddiy tashvishga solayotganidan jiddiy tashvishda ekanini bildirdi”.

Saytga Oliy ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari, Murodullo Xolmuhamedov nomidan kelib tushgan maktubda “UzNews, Daryo.uz, Kun.uz va boshqa qator saytlar kollejlar mavzusidagi asossiz maqolalarni e’lon qilish noxush va ko‘ngilsiz oqibatlarga olib kelishi mumkinligi,bu holatda saytlarga jiddiy qonuniy choralar ko‘rilishi ehtimolidan ogohlantirilgan”.

Kun.uzga ko‘ra, vazirning birinchi o‘rinbosari maktubida, jumladan, mana bunday deyilgan:

"Sizga shuni rasman ma’lum qilamizki, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 18 maydagi F-4921 sonli farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida "O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini yanada rivojlantirish kontseptsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha respublika komissiyasi" faoliyat ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston respublikasi bosh vaziri rahbarligida tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturidan kelib chiqib, kichik mutaxassis kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

Hozirda konsepsiya doirasida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha tegishli huquqiy hujjatlar loyihasi tayyorlanmoqda.

Shuningdek, ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti ko‘rsatmasiga muvofiq, 2017-2018 o‘quv yilida ota-onalarning istak va xohishlariga ko‘ra tajriba-sinov tariqasida umumta’lim maktablarida 10-sinfda o‘qishni davom ettirish imkoni berildi.

Ayni paytda Respublikadagi barcha akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga 9-sinf o‘quvchilarining hujjatlarini qabul qilish davom etmoqda”, deyilgan Oliy ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari, Murodullo Xolmuhamedovning maktubida.

Kollejlar yopilishiga oid xabar yo‘q joydan paydo bo‘ldimi?

Shuni ham aytish kerakki, kollejlar va litseylarning qisqartirilishi- ga oid kechagi xabar Prezident Mirziyoevning joriy yil martidagi litseylarni qisqartirishga oid qarori hamda O‘zbekistonning barcha maktablarida 9-sinf o‘quvchilari va ota-onalar o‘rtasida 11 yillik ta’limga o‘tishning qanchalik maqsadga muvofiqligi borasida Xalq ta’limi vazirligi 20 iyun kuni o‘tkazgan so‘rov fonida paydo bo‘ldi.

Mazkur so‘rov prezident Shavkat Mirziyoev poytaxtdagi 78-maktabda tajriba tariqasida 11 yillik ta’limni qayta tiklashni taklif qilgani munosabati bilan o‘tkazilgani aytilgandi.

Shu kunga oid statitistika

Shu kunda O‘zbekistonda mavjud 1411 ta kollejda maktablarning 9-sinfini bitirgan yoshlar kasb-hunar o‘rganadi.

Bundan tashqari oliy ta’lim muassasalari qoshidagi 144 ta akademik litseyda aniq, tabiiy, ijtimoiy-gumanitar fanlar, xorijiy tillar hamda madaniyat va san’at yo‘nalishlari bo‘yicha bilim beriladi. Ushbu maskanlarni har yili o‘rtacha 35 ming nafar yigit-qiz bitirib chiqmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 9582 ta 9 yillik maktab bor.

XS
SM
MD
LG