Линклар

Jizzax viloyati Zafarobod tumani hokimi fermerlarning rejadan orttirgan bug‘doyini majburan o‘rib olishga kirishdi. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan fermerlarning aytishlaricha, ular hokimning bu zo‘ravonligidan o‘ziga tegishli bo‘lgan bug‘doyni qutqarib qolish uchun, g‘allazorga suv ochib yubormoqda va er loy bo‘lganidan so‘ng, kombaynlar dalaga kira olmayapti.

Zafarobod tumanidagi ismi sir qolishni so‘ragan fermerlardan birining Ozodlikka aytishicha, ular rejani bajargan bo‘lsa ham, lekin viloyat hokimining buyrug‘i bilan rejadan ortib qolgan bug‘doyi ham majburan o‘rib olinyapti:

“Hammasi viloyat hokimining Sindorov sovxozida o‘tkazgan yig‘ilishidan boshlandi. Kecha bo‘ldi bu majlis. 40ta fermer yig‘ilishga bormabdi, viloyat hokimining jahli chiqib, “nega bular majlisga kelmadi, hammasining “orolcha”larda qolgan bug‘doyini ham o‘rib ol”, deb buyruq bergan ekan. Shuning uchun kechadan boshlab, 6ta kombayn fermerlarning rejadan orttirgan bug‘doyini o‘rib olishga kirishdi”, deydi fermer.

Uning aytishicha, fermerlar bu zo‘ravonlikdan o‘z haqqini asrab qolish maqsadida, bug‘doyzorlariga suv ochib yubormoqda:

“U fermer planini 100 qilib bajarganmi, 110 qilganmi farqi yo‘q, bir chekkadan o‘ryapti. Bizning bo‘limda 2 ta "KEYS" kombayni ishlayapti. Yarim soatda ikki bunker qilib, bo‘shatib beryapti. Moshina to‘g‘ri qabul punktiga olib borib, fermerning nomidan topshiryapti. Kecha bizdagi bir fermerning bug‘doyiga kombayn tushdi. Ishchi toki fermerga telefon qilib, u yetib kelguncha bug‘doyini o‘rib bo‘ldi. Boshini changallagancha qoldi, bechora. Bu vaziyatni ko‘rgan boshqa fermerlar darhol bug‘doyzorga suv ochib yuboryapti, chunki yer loy bo‘lsa kombayn kirolmaydi. Hozircha shu yo‘l bilan fermerlar o‘zining haqqini saqlab turibdi”, deydi fermer.

Zafarobodlik boshqa bir fermer esa, hokim fermerlarning bu “usul”iga qarshi chora topishni va’da qilganini aytadi:

“Tuman hokimi, “suv qo‘ydingmi, endi ko‘rasan, kombayn bermayman, qurisa ham baribir o‘rolmaysan”, degan. Chunki, odamlarda xususiy kombayn yo‘q, hammasi MTPniki”, deydi fermer.

Zafarobod tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, fermerlarning “orolcha”sidagi bug‘doyning o‘rib olinishi tadbiri qarzdor fermerlarga qaratilganini aytdi:

“To‘g‘ri, kecha shunaqa voqea bo‘ldi. Viloyat hokimi, prokuror, nachalnik militsiya uchalasi bir bo‘lib paxtani tashlab, tomorqani gullatib qo‘ygan, qarzdorligi bor uch-to‘rtta fermerning bug‘doylarini o‘rib oldi. Hokim fermerlikni yopishga buyruq berdi”, deydi hokimlik mulozimi.

Zafarobod tumani g‘alla tayyorlash shtabi boshlig‘i Shuhrat Haydarov, Ozodlik bilan o‘tgan galgi suhbatda fermerlarning rejadan ortgan bug‘doyiga kombayn berilmayotganini tasdiqlagan edi:

- Tumanning bug‘doy topshirish rejasi bajarilgandan keyin shartnomani bajargan fermerga “orolcha”(fermerning rejadan ortib qolgan bug‘doy yer maydoni – tahririyat)ni o‘rishga ruxsat beriladi. Chunki, hali o‘rilmagan ming gektar bug‘doy turibdi. Avval qolgan fermerlarning bug‘doyi o‘rib olinadi, tuman rejasi bajarilsa, keyin ularning “orolcha”sini o‘rishga kirishadi. O‘zi tumanda 15 ta kombayn qolgan bo‘lsa, kombayn yetishmayotgan bo‘lsa. Bu, har yili bo‘layotgan gap, dedi shtab boshlig‘i.

Biroq, fermerlarning aytishlaricha, rejani ortig‘i bilan bajargan fermerlarning bug‘doyi ham majburan o‘rib olinyapti.

Fermerlarning rejadan ortgan bug‘doyini o‘rdirmaslik va tortib olish holatlari O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham kuzatilmoqda.

Xususan¸ o‘tgan hafta Farg‘ona viloyati Furqat tumani ichki ishlar xodimlari fermerlarning kombaynlarini “hibs”ga oldi. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan fermerlar¸ rejani 110-120 foiz qilib bajarganlariga qaramay, tuman hokimi fermerning o‘ziga qoladigan bug‘doyini o‘rdirishga ruxsat bermayotganidan shikoyat qilgan edi.

21 iyun kuni Andijon viloyati Izboskan tumanidagi “Cho‘nbog‘ish Qutbiddin” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Husniddin Rajabov¸ uni yaqindan bilganlarning aytishicha, o‘zini osib qo‘ygan. Rajabovga yaqin fermerlarga ko‘ra, u rejadan orttirib¸ ishchilariga taqsimlash niyatida olib qo‘ygan bug‘doyini tuman hokimi tortib olgandan so‘ng, o‘z joniga qasd qilgan.

XS
SM
MD
LG