Линклар

Endilikda chet elga chiqmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston vatandoshlari maxsus pasport olishlari shart bo‘ladi. Prezident qaroriga ko‘ra, bir oy ichida chet elga chiqish pasportini joriy etish uchun takliflar ishlab chiqiladi. Hozircha yangi tartib qachondan yo‘lga qo‘yilishi ma’lum emas.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi,, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi va Vazirlar mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga bir oy ichida chet elga chiqish pasporti joriy etish uchun aniq takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Bu haqda prezident Mirziyoevning 12 iyul kungi maxsus qarorida qayd qilingan.

"Bir oy muddat ichida xorijga chiqish pasportini joriy etishning aniq bosqichlari, muddatlari, texnik shartlari va moliyaviy xarajatlari borasidagi takliflar kiritilsin», deyiladi hujjatda.

Moliya vazirligiga qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘ ajratish vazifasi topshirilgan.

Prezident qarorida xorijga chiqish uchun ruxsatnoma - "chiqish vizasi" (OVIR)ning taqdiri borasida biror ma’lumot berilmagan.

O‘zbekiston hukumati joriy yil yanvarida “chiqish vizasini” bekor qilish rejasini e’lon qilgandi.

Loyihaga ko‘ra, ichki va xorijga chiqish pasportlarini berish tartibini joriy qilgan holda xorijga chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) rasmiylashtirish tartibini bekor qilish ko‘zda tutilgan.

Mutasaddi organlar joriy yilning uchinchi choragigacha mazkur masala yuzasidan taklif kiritishi kerak.

8 iyul kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda ham "chiqish vizasi"ni bekor qilish masalasi muhokama qilindi.

“O‘zbekiston fuqarolarining chiqish vizalarini olish bilan bog‘liq ko‘p sonli muammolari borasida turli variantlar, xatto ularni to‘liq bekor qilinish haqida mulohazalar bildirildi”, deya xabar qilindi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida.

Vazirlik xabariga ko‘ra, Abdulaziz Komilov bilan o‘tgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot payti murojaat qilganlarning 9,5% "chiqish vizasi" bilan bog‘liq muammolarni ko‘targan.

O‘zbekiston o‘z fuqarolari uchun “chiqish vizasi” atalmish ruxsat berish tizimi saqlanib qolgan sanoqli mamlakatdan biridir.

XS
SM
MD
LG