Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:08

Boris Nemsovni o‘ldirganlikda ayblangan 5 kishi uzoq muddatlarga qamaldi


Nemsovga o‘q uzgan Zaur Dadaev (suratda) 20 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Nemsovga o‘q uzgan Zaur Dadaev (suratda) 20 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Moskva okrug harbiy sudi rossiyalik siyosiy muxolifat yetakchisi Boris Nemsovni otib o‘ldirganlikda ayblanayotgan besh kishi ustidan hukm chiqardi. Nemtsovga o‘q uzgan Zaur Dadaev 20 yilga, Tamerlan Eskerxanov 14 yilga, Anzor va Shadid Gubashevlar – 19 va 16 yilga, Hamzat Baxaev – 11 yilga qattiq rejimli koloniyada jazo o‘tashga hukm qilindi.

Sud ayblanuvchilarning “farzandlari borligi” va “ijobiy xarakteristikaga ega ekanliklari”ni inobatga olib, yumshoq jazo berganini e’lon qildi.

Chechenistonning “Shimol” batalyoni sobiq jangchisi Zaur Dadaev 2015 yilning 27 fevralida Kreml yaqinidagi Moskvoretskiy ko‘prigida muxolifatchi va Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi Boris Nemtsovni aka-uka Anzor va Shadid Gubashevlar, Tamerlan Eskerxanov va Hamzat Baxaevlar yordamida otib o‘ldirganlikda aybdor deb topdi.

Prokuratura Dadaevga umrbod, qolganlarga 17 yildan 23 yilgacha qamoq jazosi tayinlashni so‘ragan edi.

Zaur Dadaev 20 yilga qamaldi
Zaur Dadaev 20 yilga qamaldi

Sud maslahatchilari tomonidan siyosatchi Nemsovni pistoletdan otib o‘ldirgan deb topilgan Zaur Dadaevga 20 yillik qamoqdan tashqari 100 ming rubllik jarima tayinlandi. Ayblanuvchi leytenant unvoni va “Jasorat” ordenidan ham mahrum etildi. Qolgan shaxslarga ham moliyaviy jarima solindi.

- Sud hukmiga ko‘ra, Dadaev Boris Nemsovning qotili sifatida tan olindi. Uyushgan jinoiy guruhning asl maqsadi aynan qotillik sodir etish bo‘lgan. Barcha ayblanuvchilar guruh a’zosi ekani aniqlandi. Sud ayblov tomonidan berilgan xulosalarni to‘liq tasdiqladi. Jazolash – sud vakolatidir. Biz ularga umrbod qamoq jazosi so‘ragan edik. Bu qaror ustidan arz qilish masalasi hukm nusxasini qo‘lga olganimizdan keyin hal etiladi va bu hukmning asosliligi va adolatliligi o‘rganib chiqiladi, dedi sud zalida davlat ayblovchisi Mariya Semenenko.

Dadaevning o‘zi aybiga iqror bo‘lmadi.

- Bu iflos mahkama uning aybini isbotlovchi birorta dalil keltirilmadi! Akam Moskvaga yuridik fakultetga o‘qishga kelgan edi, qotillik uchun emas! Eng achinarlisi – u 10 yil shu mamlakatga xizmat qildi, uni esa, mana bunday jazolashdi, dedi Zaurning katta akasi Shaxruddin Dadaev.

Bundan oldinroq, 29 iyun kungi mahkamada, maslahatchilar kollegiyasi Boris Nemsovni o‘ldirganlikda ayblanayotgan besh kishini aybdor deb topgandi. Tergov davomida Dadaev va aka-uka Gubashevlar o‘z aybiga iqror bo‘lgani, keyinroq bu iqrornoma qiynoqlar ostida berilganini iddao qilgandi.

Ayblanuvchilar hukm o‘qilganidan keyin
Ayblanuvchilar hukm o‘qilganidan keyin

Faqatgina Hamzat Baxaevni Nemsov tarafi advokatlari ham oqlashni so‘ragani, zero uning bu jinoyatga aloqadorligi uchun yetarli dalillar keltirilmagani bildirilgan.

- Olloh sabr qilishni so‘rayapti, men sabr tilayman, chunki men bu jinoyatda aybdor emasman. Parvardigor inoyati bilan men bu yo‘lni hech kim oldida – na Krasnov, na FSB oldida - boshimni egmasdan o‘taman, dedi Zaur Dadaev mahkama jarayonida.

Ayni paytda, Boris Nemsov oilasi advokatlari va siyosatchining hamkasblari qotillik fosh etilgan, deb hisoblash erta ekanligini gapirmoqda.

Ular qotillikning oddiy ijrochilari jazolangani, jinoyatning haqiqiy tashkilotchilari va buyurtmachilari esa ozodlikda yurganiga e’tibor qaratmoqda.

Tergov taxminlariga ko‘ra, siyosatchini o‘ldirish uchun jinoyatchilarga 15 million rubl va’da qilingan. Qotillik tashkilotchisi sifatida xalqaro qidiruvga berilgan chechenlarning “Shimol” batalyoni jangchisi Ruslan Muxudinov, buyurtmachi esa – “aniqlanmagan shaxslar” e’tirof qilindi.

Boris Nemsov tarafi siyosatchining o‘ldirilishiga Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov aloqadorligi, “haqiqiy” tashkilotchi esa, “Shimol” batalьoni komandiri sobiq muovini Ruslan Geremeev ekanini ta’kidlab kelgan.

Biroq, bu shaxslar tergovchilar tomonidan biror marotaba ham so‘roq qilinmadi.

Boris Nemsovning o‘limi haqida birinchi bo‘lib Tvitterda xabar bergan, siyosiy faol va muxolifat yetakchisi Ilya Yashin ham Nemsovni o‘ldirishni uyushtirganlar va buyurtmachilar ozodlikda qolganidan afsus bildirib, Ozodlikka bularni dedi:

Ilьya Yashin "qamoqqa ijrochilar tashlandi", demoqda
Ilьya Yashin "qamoqqa ijrochilar tashlandi", demoqda

- Agarda birov biz oddiy ijrochilarga berilgan jazo bilan cheklanib qolamiz, deb o‘ylasa, xato qiladi. Demokratik muxolifatning vazifasi – hukumatga bosimni kuchaytirish va bugun aybdor deb topilganlar bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslarga nisbatan faol tergov ishlarini olib borishga undashdir. Xususan, gap aka-uka Delimxanovlar – biri “Shimol” batalyoni boshlig‘i, ikkinchisi “Yedinaya Rossiya” fraksiyasining Davlat Dumasidagi deputati Ramzan Qodirovning eng yaqin safdoshi haqida borayapti, dedi Ilya Yashin.

Siyosatchi Ilya Yashin Boris Nemsovning o‘ldirilishiga bilvosita Rossiya prezidenti Vladimir Putin va uning sobiq tansoqchisi, hozirda Rosgvardiya rahbari general Viktor Zolotovlar ham aloqasi borligini taxmin qildi.

“O‘ng kuchlar ittifoqi” fraktsiyasi asoschisi, PARNAS partiyasi raisdoshi, “Solidarnost” harakati va Rossiya muxolifati muvofiqlashtiruvchi kengashi etakchisi, fizik olim Boris Nemsov 2015 yilning 27 fevralida Moskvada otib o‘ldirilgan. 2015 yilning mart oyida mazkur jinoyatda ayblanib 5 nafar shaxs hibsga olingan edi.

2016 yilning oktabrida Moskva okrug harbiy sudida siyosatchining o‘ldirilishi yuzasidan jinoyat ishi ko‘rib chiqila boshlagan.

XS
SM
MD
LG