Линклар

Andijonning Shahrixon tumanida yashovchi urush faxriylari O‘zbekiston prezidenti va’da qilgan Haj safariga navbatsiz va bepul borish imtiyozidan benasib qolganliklarini aytishmoqda. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev aprel oyida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining har qanday talab va istaklarini inobatga olish, agarda ular haj safariga borish istagini bildirsa, davlat hisobidan bepul borib kelishlarini va’da bergandi.

1944 yilda Leningradni qamaldan ozod etish janglarida qatnashib, oyog‘idan yaralangan 94 yoshli shahrixonlik urush faxriysi Yo‘ldosh Turg‘unov Ozodlik bilan suhbatda “Nuroniy” jamg‘armasining Shahrixon tumani bo‘limidagilar “avval Hajga borgan ekansiz”, deb uni arizasini rad qilganini aytdi.

- Prezidentimizning bizga Hajga bepul va navbatsiz borish imkonini beruvchi farmonidan juda hursand bo‘luvdik. Hozir endi, bo‘lmaydi, deyishyapti, shunga ozgina hafa bo‘ldik. Men 2007 yilda Hajga borganman, o‘shanda yonimda hamroxim bo‘lmagani uchun hamma joyiga borolmaganman, chala qolgandi. Endi oldin borolmagan joylarga boraman desam, “avval borgan ekansiz”, deb ruhsat berishmayapti, - deydi Yo‘ldosh ota.

Shahrixonlik urush fahriysi Yo‘ldosh Turg‘unov.
Shahrixonlik urush fahriysi Yo‘ldosh Turg‘unov.

Shahrixon tumanida yashovchi yana bir urush faxriysi, 93 yoshli G‘ulomjon Soliev ham prezident qarorini eshitgach, Hajga borish uchun nafaqa pullarini to‘plashga tushgandi.

Lekin, G‘ulomjon otaning ham quvonchi uzoqqa bormadi.

G‘ulomjon Solievning nevarasi Akramjon Ozodlik bilan suhbatda “Nuroniy” jamg‘armasi uning bobosini arizasini ham rad qilganini aytdi.

- Bobomni quvonchi bir olam edi. Chunki prezidentimiz urush qatnashchilari bu yil Hajga bepul boradi, unga hamroxlik qiladigan odam 50 foizlik to‘lov bilan boradi, deyilgan farmonni imzolagandi-da. Shunga opoq dadam nafaqalarini yig‘ib, vrach ko‘rigidan ham o‘tdi. “Nuroniy”dagilar avvaliga harbiy bileti bo‘lmasa bormaydi, deyishdi. U hujjatini ham topdik. Keyin sog‘ligi to‘g‘ri kelmaydi, deyishdi, doktordan spravkani ham oldik. Endi 1998 yilda Hajga borganini pesh qilib, endi borolmas ekan, deyishyapti. Ochig‘ini aytishdi "Andijon bo‘yicha 17 veteran boryapti, qolganiga pul yo‘q", deb. Xullas bobom xafa. Umrining oxirida Hajga borishiga ruxsat berishsa harajatini o‘zimiz ham ko‘tarar edik, bepul bo‘lmasa ham ruxsat berishsa bo‘lgani edi, - deydi shahrixonlik urush qatnashchisining nevarasi.

93 yoshli G‘ulomjon Soliev Hajga borish uchun nafaqa pullarini to‘plashga tushgandi.
93 yoshli G‘ulomjon Soliev Hajga borish uchun nafaqa pullarini to‘plashga tushgandi.

Shu yilning aprel oyida "Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaror ijrosi bo‘yicha videoselektor majlisida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining har qanday talab va istaklarini inobatga olish, agarda ular haj safariga borish istagini bildirsa, davlat hisobidan bepul borib kelishlarini aytgandi.

Hajga boruvchi urush veteranlari ro‘yxatini tuzish va safar harajatlarini to‘lash esa "Nuroniy" jamg‘armasi zimmasiga yuklangandi.

Avval borganlar endi bormaydi

Jamg‘arma mulozimi Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistonda avval Hajga borgan urush veteranlari u yerga navbatsiz va bepul borish imtiyozidan foydalana olmasligini aytdi.

- Hajga yuborish tartibi bu yildan o‘zgargan, avval borganlar endi bormaydi. Bu urush faxriylariga ham taaluqlidir. Shahrixon tumanida 8 nafar urush faxriysi bor, shulardan ikki nafari bu yil Hajga boryapti, - dedi “Nuroniy” jamg‘armasining ismi sir qolishini istagan rasmiysi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi 2017 yildan boshlab Umra va Haj safariga faqat ilgari ushbu amallarni bajarmagan fuqarolarni yuborish tartibi joriy qilinganini bildirgandi.

Lekin, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ismi sir qolishini istagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda urush faxriylari istisno tariqasida avval borgan bo‘lsa ham yuborilishi kerakligini aytdi.

- Bu odamlar umrini so‘nggi kunlarini yashamoqda va ularni istisno tariqasida Hajga yuboraverish kerak aslida. Lekin, bu masalani “Nuroniy” hal qiladi, biz emas, - dedi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mulozimi.

Ikkinchi Jahon urushi davrida 1,5 million o‘zbekistonlik frontga ketgan. Ulardan yarim millioni ortga qaytmagan.

“Nuroniy” jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda hozir mingdan ko‘proq urush faxriysi qolgan.

Ko‘pchilik urush qatnashchilarining yoshi to‘qsondan oshgan. So‘nggi o‘n yil ichida ularning soni o‘n baravar kamaygan.

"Prezidentimiz va’da berib qo‘yganlar"

Bu yil prezident Shavkat Mirziyoev 9-may bayrami munosabati bilan imzolagan qarori asosida urush ishtirokchilari va nogironlariga 2000000 so‘m (qora bozor kursida 230 AQSh dollari) miqdorida bir martalik pul mukofoti va navbatsiz mashina sotib olish hamda Hajga bepul va navbatsiz borish imtiyozi berildi.

Bu yil mamlakat bo‘yicha urush fahriylaridan qancha nafari Hajga bepul borish imtiyozidan foydalanishi haqida "Nuroniy" jamg‘armasi ma’lumot bermadi.

93 yoshli G‘ulomjon Soliev 1941 yilda Moskva ostonasidagi janglarda qatnashgan.
93 yoshli G‘ulomjon Soliev 1941 yilda Moskva ostonasidagi janglarda qatnashgan.

“Nuroniy” jamg‘armasidan Hajga bepul va navbatsiz borish arizalariga rad javobini olgan shahrixonlik faxriylar va ularning qarindoshlari endi shaxsan prezident Shavkat Mirziyoevning o‘ziga murojaat etishmoqchi.

- Hozir otaxonlar bilan Toshkentga yo‘lga chiqyapmiz. Shavkat Miromonovichning o‘zlarining qabuliga yozilganmiz, otaxonlar Prezidentning oldiga kirishmoqchi. Chunki Prezidentimiz va’da berib qo‘yganlar va umid qilamiz va’dasini ustidan chiqadilar, - deydi shahrixonlik urush qatnashchisining nevarasi.

XS
SM
MD
LG