Линклар

Peterburgda sodir bo‘lgan yong‘inda o‘lgan 7 o‘zbekning ismlari ma’lum bo‘ldi (VIDEO)


Voqea joyida olingan surat (Sankt-Peterburg FVV Boshqarmasi taqdim etdi)

Sankt-Peterburgning Kolpino tumanidagi sanoat zonasi hududida 13 iyulga o‘tar kechasi yonib ketgan angardan 7 kishining jasadi topildi. TASS agentligi o‘lganlarning hammasi O‘zbekiston vatandoshlari ekanini xabar qildi. Ozodlik o‘z manbalaridan o‘lganlar orasida Ro‘zmat X., Suraj H., Ilyos B., Zoir O., Shahzod Ya., Yunus B. va O‘tkir ismli o‘zbekistonliklar bo‘lishi mumkinligini aniqladi.​

Peterburgning Kolpino tumani Zagorodnaya ko‘chasida joylashgan sanoat zonasi hududida 13 iyulga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida qulab tushgan imoratni tozalagan qutqaruvchi va o‘t o‘chiruvchilar angar vayronalari ostidan tanib bo‘lmas darajada yonib ketgan 7 jasadni topdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Sankt-Peterburg shahar boshqarmasi rasmiysi angar tonggi soat 4 larda yona boshlaganini bildirdi:

- O‘t o‘chiruvchi qismlar o‘z vaqtida yetib keldi. Hodisa joyida 15x40 metr kenglikdagi angar yonayotgani aniqlandi. Qurilma qisman qulab tushdi. Olov soat 4:56da o‘chirildi. O‘tni o‘chirish va tozalash paytida angardan 7 murda topildi, dedi Dmitriy Lyogenkiy.

Angardagi odamlar o‘limi yuzasidan Peterburg Tergov Qo‘mitasi jinoyat ish qo‘zg‘adi.

​YouTube tarmog‘ida hodisa guvohlari videoyozuvlari paydo bo‘ldi:

TASS axborot agentligi Kolpinodagi o‘tda kuyganlarning hammasi O‘zbekiston vatandoshlari ekanini xabar qildi.

- Angarda hammasi bo‘lib yetti kishi bo‘lgan, buni nobud bo‘lganlar ishlagan kompaniya direktori ham tasdiqladi. Barchasi O‘zbekiston vatandoshlari edi, dedi agentlikka ismi oshkor qilinmagan manba.

U o‘lganlar haqida ma’lumot O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasiga topshirilganini ham qo‘shimcha qildi.

Ozodlik bu falokat yuzasidan shahar Tergov qo‘mitasiga izoh so‘rab murojaat qildi. Idora navbatchi ofitseri jasadlar kuyib ketgani bois ularning u yoki bu mamlakat vatandoshi ekani to‘g‘risidagi xulosalar genetik ekspertizadan keyin e’lon qilinishini bildirdi:

- Ularning shaxsi hozircha aniqlanmadi. Gap shundaki, tanalar kuyib ketgan va “aniqlanmagan shaxslar” sifatida qolmoqda. To‘g‘ri, ularning kimligi borasida dastlabki ma’lumotlar bor, ammo tanalarni identifikatsiya qilish bo‘yicha genetik ekspertiza xulosasi chiqmaguncha sizga hech kim aniq ma’lumot bera olmaydi, dedi Peterburg Tergov qo‘mitasi vakili.

Mulozim hodisa yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 109- moddasi 3- qismi asosida (Ehtiyotsizlikdan odam o‘ldirish) jinoiy ish ochganini bildirdi. Aybdorlar aniqlansa, 4 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, o‘zbekistonlik ekani aytilayotgan yigitlar bu angarda trotuar plitkasini ishlab chiqargan: ularning yotog‘i ham shu bino ichkarisida bo‘lgan.

O‘t o‘chiruvchilar yong‘in chiqishiga nosoz elektr tarmoq sabab bo‘lgani, yong‘in ko‘tarilganda uxlab yotgan ishchilar tutundan zaharlanib o‘lganini taxmin qilmoqda.

XS
SM
MD
LG