Линклар

Shavkat Mirziyoev hamon mudrayotgan siyosiy partiyalarni keskin tanqid qildi. Xorazmda IIB xodimi o‘zi qo‘riqlayotgan bankka o‘g‘irlikka tushdi. Farg‘onada tadbirkordan pora olgan soliq noziri ushlandi.Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Prezident: Ciyosiy partiyalarimiz hamon mudrab o‘tiribdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Oliy Majlis palatalari rahbarlari, siyosiy partiyalar va Ekologik harakat vakillari bilan uchrashuvda ular faoliyatini keskin tanqidiy baholadi (“XXI asr”, 13 iyul).

Prezidentga ko‘ra, siyosiy partiyalar o‘z elektoratiga bergan va’dalarini, saylovoldi dasturlarini to‘la va samarali bajarmayotir.

“Ochiq aytish kerak, siyosiy partiyalarda bu sohada haligacha xotirjamlik, qandaydir mudrab o‘tirish kayfiyati hukm surmoqda. Hech kimga foydasi bo‘lmagan majlislar soatlab davom etmoqda, tanqidiy tahlil o‘rniga mayda masalalar bilan o‘ralashib, dolzarb muammolarning yechimi chetda qolib ketmoqda”,- degan Prezident Sh.Mirziyoev.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Oliy Majlis palatalari rahbarlari faoliyati ham tanqidiy baholagan: “Men turli yig‘ilishlarda, biz ikki yil davomida favqulodda safarbarlik holatida ishlashimiz kerak, degan fikrni doimo aytib kelyapman. Lekin, afsuski, bu masala bo‘yicha Oliy Majlis va uning rahbariyati, xususan, Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Mo‘ydinxonovich Ismoilov, Senat Raisi Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshevning pozitsiyasi na ularning chiqishlarida, na amaliy harakatlarida sezilyapti”.

O‘zbekiston rahbariga ko‘ra, parlament haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi kerak.

Farg‘onada tadbirkordan pora olgan soliq noziri ushlandi

Farg‘ona viloyati Rishton tumani davlat soliq idorasida 18 yildan buyon turli lavozimlarda ishlab kelgan soliq rasmiysi tamagirligi va xizmat burchiga xiyonati bois mahkamaga tortildi (“Huquq”, 13 iyul).

Ismi oshkor etilmagan soliq nazoratchisi o‘zi nazorat qiladigan hududdagi tadbirkordan soliq to‘lamasdan, hujjatsiz savdo qilish evaziga 500 dollar pora talab qilgan.

Yakka tartibdagi tadbirkorlardan yig‘imlarning o‘z vaqtida byudjetga o‘tkazilishiga mas’ul bo‘lgan soliq noziri “soyabonlik haqi”ni olgan paytda qo‘lga tushirilgan. Unga tegishli jazo tayinlangani xabar qilingan.

Xorazmda IIB xodimi o‘zi qo‘riqlayotgan bankni to‘nadi

“Mikrokreditbank”ning Xorazm viloyati Bog‘ot tumani bo‘limi to‘nab ketilgani hududda shov-shuv bo‘ldi (“Darakchi”, 13 iyul).

Ko‘p o‘tmay bankdan 16 millionni o‘g‘irlagan shaxs Bog‘ot tumani IIB qo‘riqlash bo‘limi xodimi, ushbu muassasani qo‘riqlashga mas’ul bo‘lgan

Qodir Eshonov ekani aniqlandi. Qayd etilishicha, Q.Eshonov IIB xodimidan hech kim shubhalanmaydi deya ukasi Diyor Eshonov bilan birgalikda muntazam o‘g‘irlik jinoyatini sodir etib kelgan.

Aka-uka Eshonovlar 2015-2016 yillarda 20 dan oshiq o‘g‘irlik jinoyatini sodir etgani xabar qilingan, ammo mazkur jinoyatlarga doir tafsilotlar ochiqlanmagan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudi hukmiga ko‘ra, Qodir Eshonov 9 yil, ukasi Diyor Eshonov 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

XS
SM
MD
LG