Линклар

Bokiralik sinovi: Tojik kelinchak joniga qasd qildi, kuyov esa qamaladi


Rajabbi Xurshed Zayaar Pirovga erga tekkandan so‘ng ko‘p sirka ichib qo‘ydi.

Vose’ tumanidagi Chorbog‘ qishlog‘ida yashovchi 18 yashar Rajabbi Xurshedning to‘yi may oyida o‘tadigan bo‘ldi. Tojikiston qonunlariga binoan turmush quradigan yoshlar tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak. Yozilmagan qonunlarga ko‘ra, ko‘rik chog‘ida qizning bokiraligi ham tekshiriladi. Qolaversa, buni quda bo‘layotgan oila yoki ikkala oila ham talab qiladi.

Kuyov bo‘lmish 24 yashar Zafar Pirov Rajabbinibir necha hafta bokiralik ko‘rigidan o‘tish talabi bilan qiynadi, so‘ngra, ikkinchi xotin olishimga ruxsat berasan, deb turib oldi. Bu ham yetmaganday, hali chillasi ham chiqmagan kelinchakni haydab yubordi.

Haydab yuborilganini tushungan Rajabbining faqat bir chorasi qolgan edi.

To‘yidan so‘ng oradan qirq kun o‘tib, ikkita nogiron ukasiga qarashishda ota-onasiga yordamlashish bahonasida maktabga ham bormay qo‘ygan kelinchak, tojik hokimiyat vakillari ta’biri bilan aytganda, o‘ldiradigan miqdorda sirkaichib oldi.

Oradan ko‘p o‘tmay, Tojikiston janubida joylashgan Vose’ tumanidagi Chorbog‘ qishlog‘i kasalxonasida joni uzildi.

Rajabbi Xurshed
Rajabbi Xurshed

Oila a’zolarining aytishicha, u o‘lim to‘shagida yotgan payti to‘ydan so‘ng eri hol-joniga qo‘ymay, qiynab yuborganini va «bu azoblarga ortiqcha chiday olmagani»ni aytgan.

Onasi Fazila Mirzoevaning aytishicha, Rajabbi hech qachon biror yigitga qayrilib qaramagan, bokira bo‘lgan va vrachlar unga buni isbotlovchi ma’lumotnoma ham bergan.

Mirzoeva qizining «tuhmat va zo‘ravonlik qurboni» bo‘lganini, oilasi prezident Emomali Rahmon va hukumatning boshqa vakillariga Rajabbining obro‘sini himoya qilishni so‘rab, iltimosnomalar yuborganini aytdi.

Ayni choqda Pirov xotinini joniga qasd etishga majburlashda ayblanmoqda va sakkiz yilgacha qamalishi mumkin.

U «Ozodlik» radiosining Tojik xizmati bilan suhbatda o‘zini himoya qilishga urinib, hujjatlarda nima deb yozilishiga qaramasdan, xotini qiz chiqmaganini iddao qildi.

– Unga otangnikiga qaytib ket, deb aytsam, sirka ichib o‘tiribdi, – dedi Pirov.

An’anaviy tojik jamiyatida nikohdan oldin jinsiy aloqa qilish taqiqlanadi va bu hol ayolning bo‘yniga bir umrlik la’nat tamg‘asini osadi.

2015 yili OIV/OITS, sariq va boshqa jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklar tarqalishi oldini olish maqsadida kelin bilan kuyovning oila qurishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishi majburiy qilib qo‘yildi. Ammo bu aksariyat hollarda qizlarning bokiraligini aniqlash uchun qo‘llaniladigan bo‘lib qoldi. Fuqarolik holatini qayd etish idoralari oila qurmoqchi bo‘layotganlar tekshiruvdan o‘tmasa va tegishli tibbiy ma’lumotnoma taqdim etmasa, nikohni tan olmasligi mumkin.

Rajabbi o‘sha «bokiralik» ko‘rigidan ham o‘tdi va vrachlar uchun uning “toza” ekanini tasdiqlovchi hujjat ham berdi.

Biroq Markaziy Osiyoning maoshlar juda past va korrupsiya gullab-yashnayotgan eng qashshoq ushbu mamlakati aholisi vrachlardan pora evaziga har qanday ma’lumotnomani sotib olish mumkin, deb hisoblaydi.

Pirovning aytishicha, xotinining bokiraligini tekshirtirish uchun ikkita kasalxona, jumladan, Dushanbe shahridagi bir kasalxonaga ham olib borgan. Ikkala kasalxona vrachlari ham uning bokiraligini tasdiqlagan. Lekin Pirov vrachlarning gapiga ishonmaydi va xotinidan «bor gapni aytish»ni talab qilaveradi.

Nihoyat, u to‘ylaridan so‘ng oradan bir necha hafta o‘tib, xotinidan, ikkinchi marta uylanishimga rozilik berasan, deb oyoq tirab oladi. «Xotinim ikkinchi marta uylanishimga yozma rozilik berdi, chunki biz oila qurganda u bokira emas edi», deb aytdi u «Ozodlik» muxbiriga.

Vose’ tumani sudi Pirovning boshqa yoqqa borishini taqiqlab qo‘ydi, lekin ishi ko‘riladigan sud majlisi qachon bo‘lishi aniq emas.

Bokiralik yuzasidan mojarolar tojik oilalarini parokanda qilmoqda.

2014 yilda, tibbiy ko‘rikdan o‘tish majburiy qilib qo‘yilmay turib, Tojikiston sudlari 600 ga yaqin bokiralik bilan bog‘liq mojaroni ko‘rib chiqish uchun ro‘yxatga oldi. Juvonlarning aksariyati erlari birinchi kechasi ularni «bokira emaslik»da gumon qilganidan shikoyat qilib sudga ariza bergan.

Dushanbe shahridagi Milliy sud ekspertizasi markazi rahbari Yahyo Odinaevning aytishicha, ba’zi hollarda erkaklar «tajribasizligi sababli yoki boshqa ruhiy omillar ta’sirida erlik vazifasini bajara olmay», aybni kelinchaklarga to‘nkaydi.

XS
SM
MD
LG