Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:34

"Aytilayapti, gapirilayapti, lekin tahlil yo‘q, natija yo‘q"


AQShning Aydaho shtatida istiqomat qiluvchi o‘zbekistonlik Akrom Mahmudovdan kelgan maktubni OzodMaktub rukni ostida e’tiboringizga havola qilayapmiz. Muallif o‘zi haqda hech narsa yozmagan, biroq xat mazmunidan u kishining hayot yo‘lidagi ba’zi bekatlar haqida tasavvur hosil qilish mumkin. O‘zbekistonda kechayotgan jarayonlar to‘g‘risida fikr bildirmoqchi bo‘lgan barchaga rukinimiz doim ochiq.

***

Men kecha Ozodlik radiosining OzodNazar eshittirishida taniqli jurnalist Sharof Ubaydullaev bilan bo‘lgan suhbatni tingladim.

O‘zbekistonda har jabhada o‘zgarishlar bo‘lishiga harakatlar bor, xoh diniy erkinlikda, xoh iqtisodda, xoh so‘z erkinligida, xoh huquq borasida.

Sharof akaning fikrlariga qo‘shilaman. Xaqiqatan ham O‘zbekistonda oshkoralik ruhidagi chiqishlar bo‘layapti.

Lekin, Sharof aka aytganday, tahlil va natijalar qandaydir nomiga bo‘layotganday.

Men yaqinda markaziy kanalda “Munosabat” degan ko‘rsatuvni ko‘rdim, u yerda jurnalistlarning jamiyatdagi kamchiliklarni qanday yoritayotgani to‘g‘risida ketdi.

Keyin qiziqib shu ko‘rsatuvda qatnashgan jurnalistlar bilan telefon qilib gaplashganimda, shunga ishondimki, soxtakorligi bilinib qoldi.

Menga yoqqan narsa prezidentning o‘zi jamiyatdagi kamchiliklarni ko‘rsatishni talab qilayapti. Shuning natijasida kun.uz saytida viloyat hokimlari bilan suhbatlar bo‘layapti, xalq taniyapti hokimlarini, hokimlarning bilim saviyasi ochilib qolayapti, ularning viloyatni qanday iqtisodiy rivojlantirish, xalqning yashash sharoitini yaxshilash borasida aniq bir plani yo‘qligi bilinib qolayapti.

Xalqaro press klubda tanqidiy savollar bo‘lmasa ham, o‘sha klubning tashkil qilinishining o‘zi yaxshi narsa.

O‘zbekistondagi prezident tashabbusi bilan qilinayotgan o‘zgarishlarga yo davlatning o‘zi tayyor emas yoki jamiyat, xalq tayër emas.

Men o‘zim ishlagan soha bo‘yicha fikr bildirmoqchiman. Prezident tashabbusi bilan yaqinda Yoshlar ittifoqi tuzildi. Oldin Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil qilingan “Kamolot” yoshlar tashkiloti oldiga qo‘yilgan vazifalar o‘sha-o‘sha. Faqat hozirgi prezident yana ham ko‘proq ishonch bildirib davlat tomonidan ko‘plab imtiyozlar berildi.

Mening fikrim prezident 10 milliondan oshiq yoshlarning jamiyatda o‘rnini belgilash va ular orqali davlatda qotib qolgan richaglarni harakatga keltirishni maqsad qilgan deyman.

Iqtisodda va jamiyatda o‘zgarishlar qilishiga umid qilmoqda. Lekin hozir Yoshlar ittifoqidagi harakatlar ura-ura. “Kamolot “ yoshlar tashkilotida ham shunday bo‘lgan "qilamiz, bajaramiz, prezidentning ishonchini oqlaymiz, qo‘llab-quvvatlaymiz."

“Kamolot” harakati uzoqqa bormadi. Hozir ham Yoshlar ittifoqi shu yo‘lda ketayapti. Yoshlar ittifoqiga saylanganlar eski “Kamolot”chilar.

Yaqinda Xalqaro press klubda Yoshlar ittifoqiga oid suhbatda Ozodbek Nazarbekov ko‘proq fikr almashdi."Yoshlar" ittifoqining raisi, Prezidentning yoshlar bo‘yicha maslahatchisi Qahramon Quranboevda hech qanday yoshlar bo‘yicha ishlash borasida dadil fikrlar yo‘q.

Prezident Shavkat Mirziyoev Yoshlar ittifoqini tashkil qilishdagi majlisda 3-4 marta diniy tazyiqlarga uchragan yoshlarni qaytarish haqida gapirdi. Ular ham yurt fuqarosi deb qayta-qayta aytdi. Lekin press klubda Qahramon Quranboev Yurtboshimiz talab qilayapti, diniy tazyiqqa uchragan yoshlar bilan Turkiyagami, Rossiyagami borib uchrashish niyatim bor, ular bilan suhbatlar qilib qaytaman, ularning hayotini o‘rganaman" deb dadil harakatlari qani?

Yurtimizda qanchadan qancha diniy tazyiq bilan yurtimizni tashlab chiqqan oilalar bor. Ularning qari onalari, buvilari huvillab qolgan uylarda farzandlarini, qizlarini, nevaralarini sog‘inib, devonasifat bo‘lib sog‘inch she’rlar to‘qib xirgoyi qilib yurganlari qancha. Bularni o‘ylaydiganlar bormi?

Men yaqinda Prezident virtual qabulxonasiga Yoshlar tashkilotiga taklif va fikrlarimni bildirib xat yozdim. Takliflarimdan biri viloyat Yoshlar tashkilot rahbarlari hokimlarning tavsiyasi bilan bo‘lmasligini aytgan edim. Hokim saylagan rahbar hech qachon erkin harakat qilmaydi.

Mening takliflarim Yoshlar ittifoqi markaziy kengashiga yuborilgan edi. Ular viloyatga yuboribdi. Mening hafsalam pir bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoev majlisda "Menga kelayotgan xatlarning har biri nazoratimda turadi" degan edi.

Prezidentni hurmat qilganda o‘zlari hal qilishi lozim bo‘lgan ishlarni markaziy kengashga ta’siri bo‘lmagan viloyatga yuboradimi?

Sharof akaning aytganlari yodimga keladi, aytilayapti, gapirilayapti, lekin tahlil, natija yo‘q. O‘zbekistonda qandaydir yo xalqni yo Prezidentni ishontirish xo‘jako‘rsinga bo‘layotgan ishlarga o‘xshaydi.

Akrom Maxmudov, AQSh, Aydaho Shtati

XS
SM
MD
LG