Линклар

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi (avvalgi "O‘zbeknavo" estrada birlashmasi) qoshida badiiy kengash tuzilgan. Endilikda litsenziya olmoqchi bo‘lgan ijodkorlar taniqli klipmeyker, rejisser, shoir, sayqalchi va bastakorlardan iborat kengashga jonli ijroda kuylab berishlari kerak bo‘ladi. “O‘zbekkonsert” qoshida tashkil etilgan ijodiy kengashning ilk yig‘ilishida 32 nafar litsenziatning qo‘shiqlari kengash a’zolari oldida jonli ravishda tinglangan.

Avvallari xonandalar o‘z qo‘shiqlarini diskka yozdirib, qo‘shiq matnlarini ilova qilganlar. “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi (avvalgi "O‘zbeknavo" estrada birlashmasi) qoshidagi Maxsus ruxsatnoma (litsenziya) beruvchi tashkiliy boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Abduqahhorov Ozodlik bilan suhbatda 1 iyuldan xonandalar bilan litsenziya shartnomalariga o‘zgartishlar kiritilgani va talablar kuchaytirilganini tasdiqladi.

Odiljon Abduqahhorovga ko‘ra, endilikda xonandalarga yangi shartnoma doirasida badiiy kengash tasdig‘isiz o‘z kliplarini Internetda tarqatmaslik majburiyati qo‘yiladi.

-Bu yerda asosiy maqsad o‘zimizning o‘zbekona urf-odatlarimizga sodiq qolish, milliy zehniyatimizga to‘g‘ri kelmaydigan kliplarning chiqib ketishi oldini olishdir - dedi Odiljon Abduqahhorov.

Ayni paytda o‘zbek kanallarida ham o‘zbek san’atkorlarining “axloq-odobi” mavzusi qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Odiljon Abduqahhorovning aytishicha, "milliy an’analarga to‘g‘ri kelmaydigan boshqa kliplar" ham efirdan olib tashlangan. 11 iyul kuni "O‘zbekkontsert" davlat muassasasi o‘zbekistonlik xonandalar Tohir Sodiqov, Aziza Niyozmetova, Sharof Muqimov hamda Sherali Bekmurodovning litsenziyasini bekor qilgandi.

Litsenziyadan mahrum qilingan xonanda Aziza Niyozmetova o‘z Facebook sahifasida “15 million so‘m to‘lab bir yilga olinadigan litsenziya” uning uchun qimmatga tushgani haqda yozdi.

O‘zbekistonda har bir qo‘shiqchi faoliyati uchun litsenziya olishi kerak va bunday litsenziya bir yilga beriladi.

Yangi tartibga muvofiq xonandaga kontsertining kamida 60 foizini jonli ijro qilish talabi ham qo‘yiladi.

Ayrim kuzatuvchilar yangi tartibni qo‘shiqchilik faoliyati uchun qo‘yilgan yangi byurokratik to‘siq deyishsa, boshqalar bu amal shou biznesdagi soxtakorliklarga chek qo‘yadi, degan fikrda.

XS
SM
MD
LG