Линклар

Haftasiga 55 soatdan ortiq ishlash yurak maromining buzilishi bo‘lmish hilpiroq aritmiyani qo‘zg‘atishi, bu esa insultga sabab bo‘lishi mumkin. London Kollej universiteti olimlarining bu borada olib borgan izlanishlari natijalari European Heart Journal nashrida e’lon qilindi.

Universitet mutaxassislari yoshi o‘rtacha 43,4 bo‘lgan 85 ming ishchining sog‘lig‘ini tahlil qilib chiqishgan. Tajriba avvalida ularning hech birida aritimiya bo‘lmagan. Olimlar ularning sog‘lig‘ini deyarli 10 yil kuzatgan.

Ushbu kuzatishlar natijasida haftasiga 55 soatdan ortiqroq ishlagan odamlarda aritmiya xavfi haftasiga 35-40 soat ishlaganlarga qaraganda bir yarim baravar katta ekani qayd etilgan. Tajriba yana shuni ko‘rsatganki, ko‘p ishlaydiganlar sog‘lom hayot kechirmaydi, ular jismonan sustdirlar.

Nosog‘lom turmush va kam harakat qilish ham aritmiya uchun xamirturish ekani aytiladi.

Yurak urishi maromining buzilishiga olib keladigan yana bir omil esa ishdagi surunkali stress. Ortiqcha ishlab yuborish esa insultga ham olib kelishi mumkin.

O‘zbekistonda amaldorlar kuniga 15-17 soatlab ishlashi aytiladi. O‘tgan haftada O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirining yoshlar masalalari bo‘yicha muovini etib tayinlangan Alisher Sa’dullaev “24 soat ishlash kerak bo‘lsa, 25 soat ham ishlaymiz”, - degan edi.

O‘zbekistonda mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoevning o‘zi qo‘l ostidagilarga tungi 2dan topshiriqlar berib, ertalab 6da selektor o‘tkazishi haqda mamlakatning sobiq bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov o‘tgan yil sentabr oyidagi chiqishida gapirgan edi.

Mehnat kodeksining 115-moddasiga ko‘ra, O‘zbekistonda xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga 40 soatdan oshmasligi kerak.

Besh kunlik ish xaftasi ish kunining uzunligi 8 soatdan, olti kunlik ish xaftasida esa 5 soatdan ortiq bo‘lishi shart etib belgilangan.

XS
SM
MD
LG