Линклар

11 декабр 2017, Тошкент вақти: 20:16

Ayrim bishkekliklar shahar masjidlarida azon juda baland aytilayotgani ortidan ularning tinchligi buzilayotgani haqida hukumat muassasalariga jamoaviy tarzda arizalar yozmoqdalar.

Masjidda azon juda baland aytilayotganidan norozi bo‘lgan bishkekliklardan biri:

-Arzia yozib, ko‘chamizdagilarning hammasi qo‘l qo‘yib bergan. Biroq bu arizamizga shu kungacha javob yo‘q. Endi kimga arzlanishni ham bilmay qoldik, -deb aytdi.

Bishkekda yangi ochilgan Mahmud al Qashqariy masjididan 200 metr uzoqlikda joylashgan xonadon egalaridan biri ham azon qattiq aytilayotganidan zorlandi:

-Biz masjiddan 200 metr uzoqlikda yashaymiz. Ammo ovozi xuddi qo‘shni xonadan eshitilgandek eshitiladi. Bomdodga azon aytganida bolalarimiz uyqusi qochib o‘rnidan turib ketayapti, keyin uxlamay qo‘yyapti. Masjidning yon –atrofida yashaydigan odamlar esa noilojlikdan uyini sotib ko‘chib ketishayapti, -dedi bishkekliklardan biri.

Hukumat idoralariga jamoa bo‘lib ariza yozayotgan bishkekliklarning aytishlaricha, juma namozi kunlari mahallalarga mashinalar to‘lib ketgani sababli, o‘t o‘chiruvchi yoki tez yordam mashinalari manziliga yeta olmayapti.

Ayni paytda o‘zini Muhammadali deb tanishtirgan bishkeklik dindorlardan biri azon baland emas, past aytilayapti, deb hisoblaydi.

-Aksincha, azon ovozi juda past eshitiladi. Ba’zan ishxonada azon ovozini eshitmay ham qolayapmiz. Azon aytayaptimikn, deb eshikka tez-tez chiqib xabar olib turamiz. Namozni ham soatga qarab o‘qishga majbur bo‘lib qolayapmiz, azon eshitilmaganidan. Menimcha, azonni hamma eshitadigan qilib aytish kerak, -dedi Muhammadali.

Qirg‘iziston din ishlari komissiyasining ma’lum qilishicha, so‘nggi bir oy ichida azon baland aytilayotganiga norozilik bildirgan o‘nlab odamlar imzolagan uchta ariza kelib tushgan.

-Azon odamlarga yoqadigan qilib aytilishi kerak. Bu masalada muftiyat bilan masjidlarda tushuntirish ishlarini olib borayapmiz. Azon aytish orqali boshqalarning tinchligini buzmaslik ham islom dinining fazilatlaridan biri, -degan Qirg‘iziston din ishlari komissiyasi vakili Esengeldi Jumakunov,

Qirg‘iziston muslmonlari idorasi rasmiysi Rasulbek Sariev esa avval ham, hozir ham masjidlarga azonni juda baland aytmaslik haqida ko‘rsatmalar berilganini aytdi. Unga ko‘ra, odamlar shikoyat qilgan masjidlarda bu borada tekshiruvlar o‘tkaziladi.

-Bizga arizalar kelganidan keyinoq biz masjidlarga borib, imomlar bilan suhbat o‘tkazib kelganmiz. Agar bu masalada bizning tavsiyamizga amal qilinmayotgan bo‘lsa, u holda endi masjidlarda tekshiruvlar o‘tkaziladi, -dedi Rasulbek Sariev.

Qirg‘iziston Din ishlari bo‘yicha komissiyasi esa arizalar soni ko‘payib borayotganidan kelib chiqib, azon aytish tartib-qoidalari muftiyat va boshqa mutaxasislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.

Masjidlarda azon juda baland aytilayotgani ortidan aholining tinchi buzilayotgani to‘g‘risidagi masala avvalroq Qirg‘iziston parlamentida ham muhokama qilingan va deputatlar azon aytiladigan ovoz kuchaytirgichlarni nazoratga olishni talab qilgan edilar.

Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, Qirg‘iziston parlamenti sobiq Sovet Ittifoqi davlatlari orasida namozxonalariga ega bo‘lgan yagona parlament hisoblanadi. Deputatlarning ko‘chpiligi namoz o‘qiydi.

Lekin shunga qaramay, deputatlar kechki soat 7dan kunduzgi soat 11 gacha jamoatchilik oromini va tinchini buzadigan shovqin-suronlar taqiqlanishi va azon aytiladigan ovoz kuchaytirgichlarning balandligi 40 ditsibelldan oshmasligi shartligini ta’kidlangan edilar.

XS
SM
MD
LG