Линклар

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi mamlakatda ishlayotgan 5 mingdan ortiq imom va imom noibini birma-bir suhbatdan o‘tkazdi. Idoradan olingan ma’lumotga ko‘ra, suhbat imomlarning ilmiy darajasini aniqlab qo‘yish uchun o‘tkazilgan, darajasi past imomlarga chora ko‘rilmaydi. Ammo, buni attestatsiya, deb atagan viloyat imomlari, aslida, avvalo imomlarning ijtimoiy-moliyaviy ahvolini o‘nglash lozim, demoqda.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 5 mingdan ortiq imom va imom noibi bilan suhbat o‘tgan haftada yakuniga etgan.

"Toshkentda tanilgan imomlar va idoramiz xodimlari viloyatdagi vakillar bilan birgalikda imomlarimiz bilan suhbatlashishdi. Imomlarimizning ilmiy saviyasini tekshirib, kelgusida qaysi o‘rinda ishlatsak bo‘ladi - shuni aniqlab qo‘ydik. Mana hozir katta-katta ilmiy markazlar ochilyapti. O‘sha yerlarga kimlarni jo‘natish mumkin - shuni aniqladik", dedi Musulmonlar idorasining Kadrlar bo‘limi boshlig‘i Abdumannop Usmonov.

Uning aytishicha, suhbat chog‘ida imomlar saviyasi uch daraja - namunali, qoniqarli va zaif darajada, deb baholangan. Kelgusida darajasi zaif, deb topilgan imomlar almashtirilishi mumkin, ammo hozircha aniq bir chora nazarda tutilmagan.

"Hozir natijalar tahlil qilinayapti. Shartli ravishda suhbatdan o‘tkazilgan darajasi "zaif" deb topilgan imomlarga biror chora ko‘rish nazarda tutilmagan. 10 kunlardan keyin men sizga aniq natijani aytib beraman", dedi idora mulozimi.

Ana shunday suhbatlarda maslahatchi sifatida ishtirok etgan farg‘onalik imomga ko‘ra, aksar imomlarning ilmiy darajasi "o‘rtadan ham past ekani ko‘rinib qolgan".

"Bir imomlar bo‘ldi - Rossiyaning poytaxti qaysi shahar, deb so‘rashsa, bilmayapti. Bundaylarga Toshkentdan kelib diniy saviyangiz past ekan, ilmiy darajangiz past ekan, deb ketishdi. Lekin, bunaqa suhbatlar bilan imomlarning ahvolini o‘zgartirib bo‘lmaydi", dedi ismini sir saqlagan farg‘onalik imom.

Uning fikricha, viloyatlar va qishloqlardagi aksar imomlarning ilm darajasi ham, maishiy ahvoli ham "noldan past".

"Birinchi bo‘lib, imomlarning maishiy-moliyaviy ahvoli "nol darajadan past" - buni ko‘tarish kerak. 1 million - 1 yarim million oyligi bor - yarmi soliqqa o‘tib ketadi. Uniyam bank orqali aylantirasan, deydi. Ko‘pi Olloh uchun ishlaydi, oylik olmaydi. Masjidga faqat namozga kiradi, kitob o‘qiymaydida bular. Taksichilik qiladi, dehqonchilik va boshqa tirikchilik bilan band hammasi. Bo‘lmasa, hammasi shu idoraning madrasasini bitirib kelgan - ilm yo‘q. Diniy idora buni berkityapti, menimcha", deydi farg‘onalik imom.

U o‘zi yashab turgan mahalla masjidida 40 yildan ortiq imomlik qilgani va "imomlar qavmining bugunga kelib shu qadar obro‘sizlanib ketganiga achinishi"ni aytdi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda 2 ming 37 ta masjid bor. Ularda jami 5 mingdan ortiq imom va imom noiblari ishlamoqda.

Musulmonlar idorasining mulozimi Abdumannop Usmonovga ko‘ra, imomlarning 80 - 90 foizi oylik bilan ta’minlangan. Bu oylik miqdori har bir masjidning o‘z daromadi va ehsonlari hisobidan masjidda ishlovchi jamoaning o‘zi tomonidan belgilanadi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, respublikaning ayrim chekka masjidlarida vaqf yerlari saqlanib qolgan.

XS
SM
MD
LG