Линклар

17 декабр 2017, Тошкент вақти: 18:44

Dushanba kuni Hollandiyada Ukraina sharqida qulagan uchoq qurbonlari xotirasiga yodgorlik majmuasi ochildi. Uch yil muqaddam Malayziya havo yo‘llariga qarashli Boeing-777 yo‘lovchi uchog‘i Donetsk ustidan uchib ketayotgan paytda urib tushirilgandi. O‘shanda uchoq bortidagi qariyb 300 kishining hammasi nobud bo‘lgandi.

Donbassda MH-17 reysi qulaganining uch yilligi munosabati bilan Hollandiyada fojea qurbonlari xotirasiga yodgorlik majmuasi ochildi. Majmua sirtmoqni eslatuvchi yashil tasma shaklida barpo etilgan. U yerda aviahalokatda nobud bo‘lganlar yodi uchun 298 ta daraxt o‘tqazilgan, atrofga esa uchoq qulagan joydagi kabi kungaboqarlar ekilgan.

Motam marosimiga Hollandiya bosh vaziri Mark Ryutte va qirol oilasi a’zolari doxil yuzlab odam yig‘ildi. Halok bo‘lganlarning yaqinlari o‘sha kuni uchoqda bo‘lgan har bir yo‘lovchining ismini o‘qib eshittirdilar. Aviahalokat qurbonlari bir daqiqali sukut bilan yodga olindi.

Donbassda janglar avjiga mingan 2014 yilning 17 iyul kuni Malayziya havo yo‘llariga qarashli Boeing-777 uchog‘i Amsterdamdan Kuala-Lumpurga qarab parvoz qilgandi. MH-17 qatnovi bortida 283 nafar yo‘lovchi va 15 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Uchoq odatiy bo‘lgan yo‘nalish bo‘ylab - Germaniya, Polsha va Ukraina orqali qariyb 10 kilometr yuksaklikda uchib ketayotgandi.

Halokatga uchragan uchoq ayirmachilar nazoratidagi hududda joylashgan Grabovo qishlog‘i yaqinida qulab tushgan. Aviahalokatdan keyinoq ayirmachilar Ukraina harbiy-havo kuchlariga qarashli AN-26 uchog‘ini urib tushirganlarini e’lon qilganlar. Bu xabar Rossiya axborot agentliklari saytlaridan joy olgan, biroq Grabovoda yo‘lovchi uchog‘i qulagani aniqlanganidan keyin isyonchilar bu ma’lumotni rad eta boshlaganlar.

Uchoq qoldiqlari besh kilometr radius bo‘ylab sochilib ketgan. Uchoqdagi 17 mamlakat vatandoshlaridan hech kim omon qolmagan. Halokatga oid ko‘plab ma’lumotni o‘rgangan xalqaro tergov guruhi xulosasicha, Boeing-777 ayirmachilar nazoratida bo‘lgan hududdan turib "Buk" rusumli zenit-raketa majmuasi bilan urib tushirilgan.

Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, "Buk" Snejnoe shahriga Rossiyadan olib kelingan, Malayziya uchog‘i qulaganidan keyin majmua Rossiyaga qaytarilgan. Xalqaro guruh xulosalarini mustaqil ekspertlar tekshiruvi natijasi ham tasdiqlagan.

Moskva o‘zining uchoq qulashiga aloqasi borligini qat’iyan rad etib keladi. Kremlь Donbassdagi ayirmachilarning Malayziya uchog‘i ukrainalik harbiylar tomonidan urib tushirilgani haqidagi taxminini yoqlaydi.

Aviahalokat yuzasidan tekshiruv hali yakuniga etgani yo‘q, biroq shu kunlarda Malayziya rasmiylari xalqaro tergov guruhi uchoqning urib tushirilishiga daxldor shaxslar ismini joriy yil oxirigacha ochiqlashi mumkinligi haqida ma’lumot tarqatdi. Bu ish amalga oshsa, ayblanuvchilar sirtdan sudlanishlari mumkin.

XS
SM
MD
LG