O‘zbekiston yaqin kelajakda o‘z milliy valyutasini to‘liq konvertatsiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratadi, deb bayonot berdi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov "O‘zbekiston — Yevropa Ittifoqi" hamkorligi kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan matbuot-anjumanida.
"Biz yaqin istiqbolda valyutamiz to‘liq konvertatsiyasi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratamiz, kapitalni va daromadni vatanga qaytarish mexanizmlarini takomillashtiramiz, banklarimiz, sud organlari faoliyatini yanada yaxshilash, qolaversa, investitsiya uchun jozibador muhitni shakllantirish ustida ish olib boramiz, degan fikrdaman", - dedi Kamilov.
TIV rahbari O‘zbekiston, boshqa davlatlar singari sarmoyachilarni faol jalb etishga harakat qilayotgani va mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash uchun ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
"Bu borada jiddiy xalqaro institutlar bizni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini his qilyapmiz. Mana deyarli uch kun oldin Shavkat Mirziyoev xalqaro valyuta jamg‘armasi ijrochi direktori Kristin Lagarddan maktub oldi. Lagard O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan islohotlar, jumladan, valyuta islohotini ma’qullashini aytib o‘tgan", - deb qo‘shimcha qildi Komilov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti rasmiy saytida Xalqaro valyuta jamg‘armasi ijrochi direktori Kristin Lagardning prezident Shavkat Mirziyoevga yozgan maktubi e’lon qilindi.
14 iyul sanasi qo‘yilgan bu maktubda XVJ rahbari Shavkat Mirziyoevning moliya-iqtisod sohasidagi sa’y-harakatlari “islohot” deb atalgan va dunyodagi eng yirik moliya tizimlaridan hisoblangan XVJning bu islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.
Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida Islom Karimov vafotidan so‘ng 17 iyulda o‘tkazilgan eng yuqori darajali siyosiy so‘zlashuvlarda O‘zbekistondagi demokratiya¸ inson haqlari vaziyati muhokama qilindi.