Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:45

Andijonlik bog‘cha qorovullari: Bizni tungi ayg‘oqchilikka majburlashmoqda


Andijon viloyati Buloqboshi tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan ikki nafar bog‘cha qorovulining aytishicha, ularga bog‘chani qo‘riqlashdan tashqari tunda ko‘chadan o‘tgan avtomobillarning davlat raqamini yozib olish va uchastka inspektoriga topshirish majburiyati yuklangan. Tuman ichki ishlar bo‘limi mulozimi bu ish xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida tashkil qilinganini aytdi.

Ozodlikka xabar bergan bog‘cha qorovullarining aytishicha, ularga o‘z vazifasidan tashqari qo‘shimcha majburiyat yuklanganiga bir hafta bo‘ldi:

“Bizga uchastka noziri kelib, kechasi soat 12.00 dan boshlab tong otgunga qadar bog‘chaning tashqarisidagi ko‘chaga stol-stul qo‘yib, navbatchilik qilish vazifasini yukladi. Biz aslida bog‘chaning hovlisi va binolariga javob berishimiz kerak. Lekin, endi kechasi ko‘chadan o‘tgan har bitta mashinaning nomerini yozib olib, u Andijon tomon ketdimi, boshqa tomon ketdimi - o‘shani yozyapmiz. Kechasi hamma mashinalarning nomerini ham ilg‘ab olish qiyin, agar ilg‘ay olmasak markasini yozib qo‘yayapmiz”, deydi bog‘cha qorovuli.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa qorovulning aytishicha, bunday siyosat hatto avvalgi prezident davrida ham bo‘lmagan:

“Uchastkovoy bizdan, kechasi kim yurdi, qaysi moshin o‘tdi, hammasini yozib beraman, degan mazmunda tilxat olgan. Kecha soat 12 larda uchastkovoy posbonlar bilan birga kelib tekshirdi. Og‘izlaridan araqni hidi kelib turibdi. Men unga “o‘zi bir stavka ishlab, arzimagan 400 ming so‘m oylik olsam, bu ana u posbonlaringni ishiku”, desam, “bu yangi bo‘lgan ichki ishlar vazirining buyrug‘i”, dedi. Uchastkovoyning aytishicha, tumandagi barcha bog‘chalarda shunday tartib joriy qilingan. Mustaqillik bayrami o‘tib olguncha, shunday ayg‘oqchilik qilib turamiz ekan”, deydi bog‘cha qorovuli.

Uning so‘zlariga ko‘ra, militsiya xodimlari tunda ko‘chaga chiqqan har qanday kishini ushlab olib ketayapti:

“Kechasi yurish opasniy bo‘lib qoldi. Tungi soat 11 dan keyin ko‘chada yurgan odamlarni tungi patrullar militsiya bo‘limiga olib borib, so‘roq qilyapti. Tunov kuni bir tanishimning onasini davleniyasi ko‘tarilib, kechasi soat 12 da apteka izlab ketayotganda militsiya xodimlari ushlab, otdelga olib ketishibdi. Doriga chiqdim, desa ham ishonmas emish. Keyin u “agar onamga biror narsa bo‘lib qolsa, hammangni enangni ko‘rsataman”, deb to‘polon qilgan ekan, yarim soatdan keyin javob berishibdi”, deydi qorovul.

Buloqboshi tumani ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi bog‘cha qorovullarining tungi navbatchilikka qo‘yilganini Ozodlikka tasdiqladi:

“Nafaqat bog‘cha qorovullariga, balki mahalla oqsoqollariga ham ko‘chaning boshiga stol-stul qo‘yib kechasi navbatchilik qilish vazifasi topshirilgan. Prezidentimiz jinoyatchilikni kamaytirish haqida topshiriq bergan, shuning uchun ham biz chora-tadbirlarni kuchaytiryapmiz”, dedi ichki ishlar mulozimi.

Uning aytishicha, bunday tadbirlar viloyatning boshqa tumanlarida ham uyushtirilgan.

Joriy yil 9 fevral kuni ichki ishlar organlari faoliyatiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektorda prezident Shavkat Mirziyoev o‘g‘irlik hamda firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlarning har beshtadan bittasi fosh qilinmay qolayotgani, yoshlar va ayollar jinoyatchiligi kamaymayotgani, 2016 yilda akademik litsey hamda kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari mingdan ziyod jinoyatga qo‘l urganini tanqid qilgan edi.

Mazkur yig‘inda Mirziyoev haftaning payshanba kunini jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni, deb e’lon qilishni taklif etgan.

Bu taklif ertasigayoq nafaqat Ichki ishlar vazirligi va prokuratura xodimlari tomonidan¸ balki aksar hokimlik va idoralarda muhokama qilindi va har bir tizim bu taklif ijrosi bo‘yicha o‘z ish rejasini tuzishga kirishgan edi.

XS
SM
MD
LG