Линклар

Qashqadaryo viloyati Koson tumanida fermerlik qilib kelgan O‘ktam Eshmurodov seshanba kuni dalasidagi shiyponda o‘zini osdi. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan suiqasd tafsilotlariga yaqin kosonliklar iddaosicha, 43 yashar fermer bug‘doy rejasini bajara olmagani uchun hokimdan kaltak yeganidan so‘ng o‘zini o‘ldirgan. Ozodlik bog‘langan Koson tumani hokimi bu iddaoni inkor qildi.

Koson tumanining Oqtepa qishlog‘ida yashagan 43 yashar fermer O‘ktam Eshmurodov 18 iyul kuni o‘z joniga qasd qildi.

Bu haqda xabar bergan kosonlik fermerlardan birining aytishicha, Eshmurodov bug‘doy rejasini bajara olmagani sababli hokimdan kaltak eganidan so‘ng dala shiyponida o‘zini osgan.

“O‘ktamning bug‘doyi bu yil yaxshi hosil bermadi. Rejani bajarishga 15 tonna etmadi. Fermerning o‘g‘lini aytishicha, tuman hokimi uning dalasiga borib, g‘allani joyiga qo‘yishini, aks holda qamatishini aytib, do‘q qilgan. Hokim bilan fermer qattiq tortishib qolib¸ hokim uni urgan. Alamiga chiday olmagan O‘ktam o‘sha kuni kechasi dala shiyponi to‘siniga o‘zini osgan”, deydi fermer.

Oqtepa qishlog‘ida yashaydigan boshqa bir fermer ham O‘ktam Eshmurodovning hokimdan kaltak yegandan so‘ng o‘z joniga qasd qilganini tasdiqladi.

“Hokim O‘ktamni bir shapaloq urib, qamataman deb ketgan ekan. O‘sha kuni u o‘g‘ilchasi bilan shiyponda yotib qolgan ekan. Shiyponning to‘siniga osilib turganini ertalab o‘g‘ilchasi ko‘ribdi. Aytishlaricha, o‘likni ekspertiza qilishibdi, uning o‘limiga hokimning aloqasi yo‘qligini aytishibdi. Yana mening eshitganim shuki, O‘ktamning qizi hokimning yuzini tirnab tashlagan emish. Lekin buni o‘zim ko‘rganim yo‘q”, deydi O‘ktam Eshmurodovni yaxshi tanigan kosonlik fermerlardan yana biri.

Bu suhbatdosh, fermerning o‘z joniga qasd qilgani yuzasidan Koson tumani prokuraturasi tekshiruv boshlagan¸ ammo bu suiqasd yuzasidan jinoiy ish ochilgan-ochilmaganidan bexabarligini qo‘shimcha qildi.

Tuman prokuraturasidan bu haqda ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi - prokuratura telefon raqamlariga hech kim javob bermadi.

Koson tumani hokimi Baxtiyor Rajapov fermerning o‘z joniga qasd qilganini tasdiqlar ekan, o‘zining bu voqeaga aloqasi yo‘qligini aytdi.

Ozodlik muxbirining: "Siz Eshmurorodovni urganingizdan keyin¸ u o‘zini osib qo‘yibdi? Shunaqa voqea bo‘ldimi?" degan savoliga tuman hokimi:

- Bunaqa gapni qaerdan topasizlare, nima mening (fermerni urishdan - tahr.) boshqa ishim yo‘qmi? Iltimos, bundan keyin bu masalada meni boshqa bezovta qilmang, deb mobil aloqani uzib qo‘ydi.

Ozodlik muxbirining o‘z joniga qasd qilgan O‘ktam Eshmurodov yaqinlari bilan bog‘lanish urinishlari hozircha samarasiz qoldi.

Koson tumani hokimi Baxtiyor Rajapovning bundan avval ham, joriy yilning 14 may kuni prezident portaliga arz qilgan Bekzod Husenovni urganligi iddao qilingan edi.

Baxtiyor Rajapov 2015 yilning noyabr oyidan buyon Koson tumaniga hokimlik qilmoqda.

O‘shanda ham hokim Husenovni nega urganligi haqidagi Ozodlik savoliga javob berar ekan:

“Ha, o‘lganakan! Uning nimasini uraman?! O‘zi kichkinagina bacha bo‘lsa. Bunday bo‘lishi mumkin emas. Boshqa odam yo‘qmi urishga?! Kelib-kelib shuni, ojiz odamni uramanmi men? O‘zi bir kasalvand bola bo‘lsa!”, degan edi.

O‘zbekistonda hukumat rejasini bajarish bosimi¸ aniqrog‘i¸ bajarmaslik bilan bog‘liq turli tahdidlar munosabati bilan fermerlarning o‘z joniga qasd qilish hollari tez-tez uchrab turadi.

Andijon viloyati Izboskan tumanidagi “Cho‘nbog‘ish Qutbiddin” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Husniddin Rajabov hamkasblarining iddao qilishicha, u joriy yilning 21 iyun kuni o‘zini osib qo‘ygan edi. Izboskanlik fermerlarga ko‘ra, Rajabov rejadan orttirgan va ishchilariga taqsimlash niyatida olib qo‘ygan bug‘doyini tuman hokimi tortib olgandan so‘ng, o‘z joniga qasd qilgan.

2015 yili Andijon viloyati Izboskan tumanida fermerlik qilgan 29 yoshli Nodirbek Haydarov tuman hokimi va prokurori o‘tkazgan majlisdan chiqib, o‘zini osib qo‘ygan edi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, hokim va prokuror fermerni bug‘doy rejasini bajarmagani uchun qattiq koyigan va u majlisdan chiqib, qishloq xo‘jaligi bo‘limi hojatxonasida o‘z joniga qasd qilgan.

Undan oldin, Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida paxta planini bajarmagani uchun tuman hokimligi mulozimi tomonidan haqoratlangan fermer Habibullo Egamberdiev uyiga qaytgach, o‘zini osgandi.

2013 yilda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani hokimligida o‘tkazilgan majlis paytida mahalliy fermer Tursunali Sodiqov ichki ishlar bo‘limi rahbari tomonidan kaltaklanganidan bir kun o‘tib yurak xurujidan vafot etgan edi.

XS
SM
MD
LG