Линклар

16 декабр 2017, Тошкент вақти: 23:24

OzodDayjest: Tomdilik qorako‘lchilar ovulini tashlab, Qozog‘istonga ko‘chmoqda


Tomdilik chorvadorlar bir paytlar qorako‘lchilik bilan shuhrat qozongandi.

O‘zbek senatori sansalorlikka yo‘l qo‘yayotgan mansabdorlar faoliyatini tanqid qildi. Navoiy viloyatidagi o‘nlab ovul boyo‘g‘li makoniga aylandi. Farg‘ona politexnika instituti dekani 7000 dollar pora bilan ushlandi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Senator: Mansabdorlar deputatlar so‘rovini ko‘rib chiqishda sansalorlik qilmoqda

Mansabdor shaxslar tomonidan deputat so‘rovlarini ko‘rib chiqishda sansalorlikka yo‘l qo‘yilmoqda, deputat so‘rovi bo‘yicha aksar hollarda yuzaki javob berilmoqda (“Xalq so‘zi”, 19 iyul). O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi Muhammadjon Maqsudovga ko‘ra, viloyat, shahar, tuman Kengashlarida u yoki bu qaror qabul qilinishi jarayonida deputatlar qizg‘in munozaralar, tortishuvlar qilish o‘rniga bir ovozdan ma’qullash yoki “kutib turish pozitsiyasi”ni afzal ko‘rmoqda.

“Joylardagi deputatlarimiz so‘zi, talabi yetarli ta’sirga, kuchga ega emasligi qator ob’ektiv va sub’ektiv omillar bilan ham bog‘liq. Masalan, hozirgi vaqtda viloyat va tuman deputatlarining aksariyati mahalliy ijro hokimiyati vakillari, ayniqsa, turli davlat tuzilmalari rahbarlari hisoblanadi. Tabiiy savol tug‘iladi: deputatning o‘zi ijro hokimiyati vakili bo‘laturib, mahalliy ijro organlari faoliyati ustidan samarali deputatlik nazoratini amalga oshirishi mumkinmi? Yo‘q, albatta. Chunki mahalliy ijro organlari rahbarlari ko‘ziga yomon ko‘rinib qolmay, degan andisha bilan saylovchilar, elektorat manfaatlarini faol himoya qilolmaydi”, deydi senator M. Maqsudov.

Qayd etilishicha, bugungi kunda deputat va senatorlar mamlakatdagi siyosiy jarayonda yanada faolroq bo‘lishi, ish faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqishi lozim.

Tomdi tumanidagi o‘nlab ovul xarobaga aylandi – aholi Qog‘ozistonga ketmoqda

Navoiy viloyati Tomdi tumanidagi Jabay Balimanov, Yangichorva, Kerizbuloq, Kergetov, Birlik, Ayakquduq singari hududlaridagi o‘nlab ovul xarobazorga aylandi (“Oila davrasida”, 20 iyul). Bir paytlar qorako‘lchilik bilan shuhrat qozongan hudud aholisi qo‘shni Qozog‘istonga ko‘chib ketmoqda. Oqibatda xarobaga aylangan maskanlarni boyo‘g‘li, kalamush, sichqon, yumronqoziq singari zararkunandalar egallab olgan. Bu esa turli kasalliklar tarqalishi xavfini yuzaga keltirgan. Ushbu jiddiy muammoga hudud hokimligi va mutasaddilar e’tibor qaratmayotir.

Farg‘ona politexnika institutiga kirish bahosi 7000 dollar!

Farg‘ona politexnika instituti mexanika fakulteti dekani 7000 dollar pora bilan qo‘lga olindi (“Huquq”, 20 iyul). Shu fakultetda kotiba bo‘lib ishlaydigan abiturient qiz o‘qishga kirish borasida dekandan yo‘l-yo‘riq so‘ragan. Ismi oshkor etilmagan dekan esa o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 7000 dollar pora so‘ragan. Abiturient qizning arizasiga ko‘ra o‘tkazilgan tezkor tadbirda dekan pora ustida ushlangan. “Oliy ta’lim dargohlariga kirish uchun test sinovlarining natijalariga hech kim, hech narsa ta’sir o‘tkaza olmaydi. Abiturientning bilimi xolisona bahosini oladi”, deb yozadi Bosh prokuratura nashri.

XS
SM
MD
LG