Линклар

18 декабр 2017, Тошкент вақти: 16:02

O‘zbekiston hukumati tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirilgan “Qurol to‘g‘risida”gi qonun loyihasida vatandoshlarga o‘zini himoya qilishi uchun qurolga ega bo‘lish huquqi berilishi qayd etilgan. O‘zini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston hududida qurolni vatandoshligi bo‘lmagan shaxslar va xorij vatandoshlari ham sotib olish huquqiga ega bo‘ladilar.

O‘zini himoya qilish qurollari. Qurolni kimlar sotib olishi mumkin?

Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Qurol to‘g‘risida”gi qonun loyihasining 5-moddasi 3-bandida xususiy shaxslarga o‘zlarini mudofaa qilishlari uchun qurol olib yurishga ruxsat berilishi qayd etilgan.

Loyihada aytilishicha, vatandoshlar, xorij vatandoshlari va vatandoshligi yo‘q shaxslar o‘zlarini himoya qilish maqsadida gazli to‘pponchalar, gaz ballonchalari, ko‘zdan yosh oqizuvchi yoki bezovta qiluvchi vositalar, elektroshokerlar kabi qurollarga ega bo‘lishlari mumkin.

Bu qurollar O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilab bergan me’yorlarga javob berishi zarur.

O‘zini himoya qilish qurollari ko‘pi bilan 10ta patronga moslashgan bo‘lishi shartligi qonun loyihasida ta’kidlangan.

Bundan tashqari yuridik shaxslarga va hukumat lavozimidagi ayrim rahbarlarga ham qurol olib yurish huquqi beriladi.

“Maxsus xizmat topshirig‘iga ega yuridik shaxslar va qurol olib yurishga haqli bo‘lgan davlat organlari rahbarlarining ro‘yxati, ularga beriladigan qurol-yarog‘lar aylanmasi, saqlash, olib yurish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘rnatiladi”, deyiladi qonun loyihasida.

Qurolga ega bo‘lgan barcha shaxslar uni tegishli tashkilotlarda ro‘yxatdan o‘tkazishi majburiy hisoblanadi.

Sudlanganlarga qurol olib yurishga ruxsat berilmaydi

Qonun loyihasida himoya qurollarini sotib olishning tartibi ham ko‘rsatilgan.

Buning uchun qurol sotib olishni istagan shaxs 18 yoshga to‘lgan, yashash joyidagi ichki ishlar organlaridan nomi aniq ko‘rsatilgan qurolni sotib olishga berilgan ruxsatnomaga, ruxiy sog‘lomligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomaga, qurolni saqlash va ishlatish bo‘yicha maxsus bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishi shart.

O‘zini himoya qilish va boshqa maqsadlar uchun qurol jinoyat sodir etgani uchun sudlanganlarga, jazoni o‘tayotganlarga, doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan odamlarga, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan shaxslarga, bir yil davomida qayta ma’muriy javobgarlikka tortilganlarga, qonunbuzarliklar sodir etganlarga, jamoat tartibini buzuvchilarga, ov qilishning tartib-qoidalarini buzganlarga sotilishi taqiqlanadi.

Xomiladorlarga, nogironlarga, o‘smirlarga qurol qo‘llash taqiqlanadi

Qonun loyihasida o‘zini himoya qilayotgan odam qurolni ishlatishdan oldin tahdid qilayotgan odamni quroli borligi to‘g‘risida ogohlantirishi lozimligi ta’kidlangan.

Bundan taqshari himoya qurollarini homilador ekani aniq sezilib turgan ayollarga, balog‘at yoshiga yetmagani bilinib turgan shaxslarga, nogironlarga nisbatan qo‘llash taqiqlanadi.

Biroq yuqorida sanab o‘tilgan toifalar tomonidan qurolli hujum yoki hayotga xavf soluvchi tahdidlar bo‘lgan holda, ularga nisbatan ham belgilangan chegaradan chiqmagan holda qurol ishlatish mumkin.

O‘zini himoya qilgan odam qurolini ishlatish chog‘ida kimgadir jarohat yetkazgan bo‘lsa, bu haqda bir sutka mobaynida ichki ishlar organlarini ogohlantirishi zarur.

Qonin loyihasida qurol sotib olgan shaxs qurolni o‘n kun ichida tegishli organlarda ro‘yxatdan o‘tkazishi lozimligi belgilangan. Loyihada qurol olib yurish huquqi uch yilga berilishi nazarda tutiladi.

Mazkur loyiha muhokama natijasida qayta ishlanganidan so‘ng 2017 yilning 1 sentabrigacha hukumatga taqdim etilishi lozim. Shundan so‘ng hukumat loyihani ko‘rib chiqish uchun Oliy Majlisga jo‘natadi.

XS
SM
MD
LG