Линклар

Prezident tashrifidan oldin Angrenda har 100 metrga 1 militsiya xodimi qo‘yib chiqildi

  • Садриддин Ашур/Озодлик

Shavkat Mirziyoev Angrenda(Surat O‘zA agentligidan olindi)

Toshkent viloyatining To‘ytepa, Angren, Olmaliq shaharlaridagi Ozodlik mobil muxbirlarining xabar berishicha, Shavkat Mirziyoevning tashrifi arafasida bu shaharlarda byudjet tashkiloti ishchi-xizmatchilari ko‘chalarni supurib-sidirishga, yozning jaziramasida oradan ikki kun o‘tib qurib qolishi muqarrar gullarni o‘tqazishga, eski va qurilishi bitmagan uy-joylarning ko‘cha tomonini to‘sishga majburlangan.

Prezident 21 iyul kuni Toshkent viloyatiga safarini Angren shahridan boshladi. Angrenlik tadbirkorlardan birining aytishicha, militsiya xodimlari prezident shahardan ketgunga qadar odamlarni mahalladan chiqarmagan:

“Xususan Angren shahri ko‘chalarining har yuz metriga bittadan militsiya xodimi qo‘yildi. Bu holat Angren shahridan Toshkent shahrigacha davom etganiga shaxsan o‘zim guvoh bo‘ldim. Ma’lumot uchun, Angren bilan Toshkent shaharlari oralig‘i 100 kilometrni tashkil kiladi. Mahallalar boshida turgan militsiya xodimlari odamlarga imkon qadar ko‘chaga chiqmaslikni maslahat bermoqda", dedi angrenlik tadbirkor.

Olmaliq shahridagi davlat korxonalaridan birida ishlaydigan xodimning aytishicha, ularning tinchi uch kundan buyon buzilgan:

“Prezident keladi ekan deb, hamma yoqda to‘polon. Mana uch kundan buyon Olmaliq shahrida ishchilarni tuni bilan ishlatishmoqda. Uch kun ichida qurilgan stadionni gapirmasa ham bo‘ladi. Bunday chala-chulpa ishlarni nahotki prezident payqamasa? Yo‘l yoqasidagi qaqshab yotgan yerga guli ochilib turgan ko‘chatlar ekilyapti. Bu gul nihollari ikki kundan keyin qurib qolishini hamma biladi. Xalqning millionlab pulini ko‘kka sovuradigan bunday laganbardor hokimlarni ishdan olib tashlash kerak”, deydi davlat korxonalaridan birida ishlaydigan xodim.

Boshqa bir angrenlik mobil muxbirning yozishicha, prezident kelib ketganidan so‘ng byudjet tashkiloti ishchi va xodimlari yengil nafas ola boshladi:

"Mirziyoev tashrifi arafasida bir necha kun, juda katta keng ko‘lamli hashar o‘tkazildi. Hatto ko‘pchilik prezidentimiz tezroq kelib ketsalar yaxshi bo‘lardi, shu hashardan qutilardik, deyishdi. Chunki, byudjet tashkilotlari barchasi, hatto mehnat tatilidagi o‘qituvchiyu medpersonal barchasi shahar tozalash ishlariga majburan jalb qilindi. Bu hasharning so‘nggi kunida, ya'ni prezidentimizning kelishlariga bir kun qolganda shahar Akusherlik majmuasining hasharga yuborilgan hamshirasini mashina urib yubordi. Xayriyatki joni omon qoldi", deb yozadi Ozodlik mobil muxbiri

Toshkent viloyatining markazi To‘ytepa shahrini prezidentga chiroyli ko‘rsatish uchun, uning tashrifidan oldin barcha tumanlardan hasharchilar jalb qilinganiga o‘rtachirchiqlik tadbirkor Narimon Xo‘jaev o‘zi guvoh bo‘lganini aytadi:

- Bu yog‘i Bo‘ka, Angren, u yog‘i Yangiyo‘ldan avtobuslarda odamlarni olib kelishgan. Toshkentning Bektemir postidan To‘ytepagacha, To‘ytepadan Olmaliqqacha bo‘lgan yo‘llarni supirib tozalashdi. Yo‘l chetiga bir qarich-bir qarich gullar ekib chiqishdi. Bir haftadan so‘ng bu gullar qurib bitishi aniq, chunki oqin suvning o‘zi yo‘q. Qurilishi bitmagan va eski uylarning ko‘cha tomoniga bo‘z, plastik va tunukadan parda qilishgan. Endi, o‘ylab ko‘ring, bir odamning ko‘zi uchun minglab odam sarson, ishdan qolgan, shuncha avtobus, texnika ovora. Qancha yonilg‘i, qancha vaqt sarf bo‘lgan. Bu ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emas, men gaplashgan odamlarning fikri ham xudda shunaqa”, deydi Narimon Xo‘jaev.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning viloyat va tumanlarga tashrifi arafasida ko‘cha va binolarni zo‘rma-zo‘raki bezash, obodonlashtirish ishlariga byudjetdan maosh olib ishlaydigan xodimlarning majburan jalb etilishi ko‘p kuzatilmoqda.

Jumladan, joriy yilning 5 iyunida Farg‘onada prezident kelishiga beton tuvaklarga rayhon ekilib, puli aholidan undirilgan edi.

Marhum prezident Islom Karimovning viloyatlarga safari davomida¸ u boradigan joylar¸ o‘tadigan yo‘l bo‘ylari xo‘jako‘rsinga bo‘yab-bejashlar va “Potyomkin qishloqlari”ga mengzaladigan bunday hatti-harakatlar chiqimi ham¸ odatda mahalliy tadbirkorlar zimmasiga yuklatilar edi.

Haftalik videoselektorlaridan birida prezident Shavkat Mirziyoev¸ haqiqiy vaziyatni nihoyatda yaxshi bilishini ta’kidlab¸ hokimiyat vakillarini har-xil ko‘zbo‘yamachiliklarni to‘xtatishga chaqirganiga qaramay¸ Mirziyoev Bosh vazirligi davrida urf bo‘lgan usullardan foydalanish davom etayotganini o‘zbekistonliklar bot-bot aytmoqda.

XS
SM
MD
LG