Линклар

18 декабр 2017, Тошкент вақти: 19:39

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Nafisa Nishonova 22 iyul kuni Ozodlik bilan bo‘lgan suhbatda tumandagi maktablar o‘qituvchilari va bog‘chalar murabbiylari dala ishlariga jalb qilinayotganini tan oldi. Biroq, Nafisa Nishonovaning ta’kidlashicha, o‘qituvchi va murabbiylar “o‘z ixtiyorlari bilan hafta oxirlarida” chekanka ishlariga chiqmoqda. Avvalroq Nafisa Nishonovaning tuman o‘qituvchi va murabbiylarini dalaga chiqishga majburlayotgani yozib olingan audio ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.

"Qishloq xo‘jaligi birinchi masala"

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioda Nafisa Nishonova maktablar va bog‘chalar rahbarlaridan "har kuniga maktablar to‘rt nafardan va bog‘chalar ikki nafardan" xodimni ta’lim bo‘limi idorasi oldiga jam bo‘lishni talab qiladi.

U dalaga chiquvchilar jadvalini tuzib chiqqanini ta’kidlaydi.

"Qishloq xo‘jaligi birinchi masala. Har kuniga maktablar to‘rt nafardan bog‘chalar ikki nafardan odamingiz rayonini oldiga. Har kuni. Men o‘zim aytaman kim-kim turishini. Men bo‘lib qo‘ydim uch kun uch kundan. Bittadan direktor, bittadan bog‘chadan kelib turadi. O‘sha turgan odam (xodimlarni dalaga - Ozodlik izohi) birga olib borasiz. Qaerga borsa, birga olib borasiz. Ikki soat, uch soat ishlayapti, xolos. Juda ezilib ketgani yo‘q issiqda," deydi Nafisa Nishonova.

"Viloyati hokimiga qarshimiz..., desangiz"

Nafisa Nishonova “viloyat hokimiga qarshi” chiqqanlar uni oldindan xabardor etishi shartligini aytadi.

"O‘zingizcha Amerika ochavermang. Viloyat hokimiga qarshimiz, topshirig‘iga qarshimiz, desangiz, marhamat. Kirib, aytib, ketavering. "Men qila olmayman bu ishni. Menga buyurmanglar, men mustasno bu topshiriqdan, deb aytib ketasiz," deya ogohlantiradi O‘zbekiston tumani xalq ta’limi mudiri.

Nafisa Nishonova, shuningdek, maktablar va bog‘chalar tomorqasiga kartoshka ekishga va murabbiylarni yetishtiriladigan kartoshkani bozorda sotishga chaqiradi.

"Bugun kartoshkaning narxi bir kilosi manamuncha so‘m. Bugun bog‘cha eksa, o‘ziga bo‘ladi. Maktabi eksa, sotib, sarmoyasiga tushiradi, ertaga bir daromad bo‘ladi o‘ziga. Shuning uchun aytilayapti. Keyin ana bu erda bozordayam 66ta maktabingdan bir tonnadan kartoshka chiqsa, 66 tonna kartoshkani sotsa, jinday narxlar tushib, xalqqa foyda bo‘ladi..., degan maqsadda qilinayapti bu," - deya uqtirdi Nafisa Nishonova.

Quyida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audiodan parcha:

"O‘z tashabbuslari bilan..."

Biroq, Ozodlik bilan suhbatda Nafisa Nishova tumandagi maktab va bog‘chalar xodimlari "o‘z tashabbuslari bilan" dalaga chiqayotganini bildirdi.

- Endi bu dalaga chiqish masalasi... Biz tumanda, qishloqda yashaymiz-ku. Hamma fermerlarimiz bog‘chalarimizga, maktablarimizga yordam beradi... Joriy ta’mirlash ishlarida yordam beradi. Bog‘chalarga oziq-ovqat, pishiradigan ovqatlariga o‘tin ajratib beradi bepul. Shuning uchun tashabbus bilan bog‘chalarimiz o‘zlari tashabbus bilan chiqishayapti dam olish kunlari. Shanba yakshanba kunlarida. Ixtiyoriy bu. Majburiy emas, - deya tushuntirdi O‘zbekiston tumani xalq ta’lim mudiri.

Nafisa Nishonova maktablar va bog‘chalar tomorqalarida “yuragi ko‘targan, imkoniyati borlar”ga kartoshka va limon ekayotganini aytdi.

- Biz endi mustaqil diyorda yashayapmiz-da. Tinch, chiroyli zamonda yashayapmiz. Bugun rahbarlarimizning tashvishlari xalqimiz chiroyli yashasin - u davlat tashkilotimi fuqaromi, mahalladami - hammalari chiroyli yashasin, o‘zi uchun o‘zi harakat qilsin, limon eksin, kartoshka eksin, o‘zi daromad olsin, bozorda 7-8 mingdan kartoshka olmasdan, o‘zi eksin o‘zi daromadini ko‘rsin, deyapti. Shuning uchun yuragi ko‘targan, xohlagan, imkoniyati bor eksin, deyapti. Uni hech kim qo‘lidan ushlab, majburlab ektirmaydi, - dedi mulozim.

Quyida Aziza Nishonova bilan Ozodlik muxbiri suhbati:

O‘zbekiston tumanidagi bog‘chalardan birida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan tarbiyachining Ozodlikka aytishicha, ular majburiy mehnatga doim jalb qilib kelingan:

"Chopiq, yagana, chekanka, paxta terish bizning asosiy ishimiz bo‘lib qolgan. Xudoning kuni yo‘qki, qaysidir bir bog‘chadan yoki maktabdan dalaga chiqmasa. Masalan, mingta o‘quvchisi bor maktabdan kamida 15-20 kishi, o‘nta gruppasi bor bog‘chadan 10 kishi albatta ketmonini ko‘tarib dalaga chiqishi shart qilib qo‘yilgan. Bu ham mayli, XTB mudirasi Nafisa opa barcha maktab va bog‘chalarga limonariy qilasizlar degan topshiriq berib, shuni bajartirdi. Kim chiqmasa, arizangni yoz, deb qo‘rqitadi. Shunaqa, bizning kasbimiz tarbiyachimi yoki dehqonmi, shuni bilolmay qoldik", dedi bog‘cha tarbiyachilaridan biri.

"Tozalash ishlarini ham kimdir qilishi kerak-ku"​

Toshkentdagi Xalqaro press klubda 7 iyul kuni O‘zbekiston Oliy majlis Senat a’zolarining yarim yillik faoliyatiga bag‘ishlangan jonli muloqotda gapirgan senator Bahodir Tojiev maktablarda o‘qituvchilar obodonchilik va dala ishlariga majburiy jalb etilishini inkor qilgandi.

"Respublikamizning turli hududlarida, viloyatlar bo‘ylab deputatlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarning hali birortasida o‘qituvchi bugun biz ko‘cha tozalayapmiz degan shikoyat bilan chiqqani yo‘q. Ular biz bilan uchrashuvlarda majburiy mehnat haqida og‘iz ochayotgani yo‘q va bunday holat kuzatilmagan", - deb aytgandi Bahodir Tojiev.

Ayni masalaga senat raisining o‘rinbosari Svetalana Ortiqova ham o‘z munosabatini bildirgan edi.

"Masalaning boshqa tomoni ham bor. Siz bilan biz yashaydigan yerning yuzini siz bilan biz tozalamasak, tashqaridan kelgan odam tozalab beradimi? Toshkentda chiqindi tashiydigan maxsus avtomobillar to‘lib ketib, chiqindilarni tashishga ulgura olmayapti.Tozalash ishlarini ham kimdir qilishi kerak-ku", - deb aytgandi Svetlana Ortiqova.

XS
SM
MD
LG