Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:00

Mirziyoev Karimov davrida o‘zi taqiqlagan dronni O‘zbekistonda ishlab chiqarmoqchi


Prezident Mirziyoev Toshkent viloyatida ekin maydonlarini dron yordamida kuzatish loyihasi bilan tanishdi va tez orada, O‘zbekistonda uchuvchisiz moslamalarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishini aytdi. O‘zbekistonda bunday moslamalar 2014 yilda bosh vazir bo‘lgan Mirziyoevning qarori bilan taqiqlangan va unga yashirincha egalik qilgan shaxslarga, hatto jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining xabar qilishicha, 22 iyul kuni Toshkent viloyatiga safari jarayonida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga oid loyihalar taqdimotida qatnashgan.

"Yer maydonlarini AN-2 samolyoti va kvadrokopter yordamida o‘lchash natijalari taqqoslandi. Ma’lum bo‘lishicha, 100 gektar maydonni samolyot yordamida 20 soatda o‘rganilsa, kvadrokopter qo‘llanilganda xuddi shu hajmdagi ishlarga 4 soat sarflanar ekan. Bundan tashqari, ekinlarga agrodron, OVX purkagichi va samolyot yordamida ishlov berishning qiyosiy ko‘rsatkichlari ham namoyish etildi", deb xabar qildi matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, prezident ish unumdorligini oshirishda zamonaviy agrodronlarning imkoniyatini yuqori baholagan va tez orada O‘zbekistonda dron ishlab chiqaradigan qo‘shma korxona qurilishini ma’lum qilgan:

"Agar sohaning ertangi kunini o‘ylasak, bunday zamonaviy tizimga tezroq o‘tishimiz kerak. Dronlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, bu borada qo‘shma korxona tuzish va kadrlar tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor qaratish lozim", degan Shavkat Mirziyoev.

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasning 2014 yil, 26 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining havo bo‘shlig‘ida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan sanktsiyasiz foydalanishda ogohlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 322-sonli Qaroriga asosan 2015 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududiga uchuvchisiz uchish qurilmalarini olib kirish, sotish va ulardan foydalanish taqiqlangan. Bu qaror o‘sha kezdagi bosh vazir Shavkat Mirziyoev tomonidan imzolangan.

Uchuvchisiz boshqariladigan qurilmalar safiga masofadan turib boshqariladigan samolyot, vertolyot kabi bolalar o‘yinchoqlari ham kiritilgan.

Hukumat o‘z qarorini havo kemalarining xavfsizligini ta’minlash hamda havo makonidan ruxsatsiz foydalanishning oldini olish maqsidida qabul qilgani aytilgan.

Ammo, 2016 yilning may oyida o‘sha kezdagi bosh vazir Mirziyoevning qarori bilan zarurat tug‘ilgan paytlarda Vazirlar Mahkamasining ruxsati bilan davlat tashkilotlarining mamlakatga uchuvchisiz moslamalarni olib kirishiga ruxsat berilgan.

Boshqa holatlarda esa bunday moslamani yashirincha olib kirishga uringan shaxslarga nisbatan, eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n besh baravarigacha jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.

Shu yilning aprelida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ruxsat berilmagan holda bunday moslamalarni olib kirishga urinayotgan shaxslar uchun jazoni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini muhokama qilayotgani xabar qilingan edi.

2014 yilgacha mamlakatda dronlardan foydalanish ancha tarqalgan, ayrim videostudiyalar tepadan panorama qilinadigan kadrlar uchun radioboshqaruvli dron (Hexacopter)dan foydalanib kelayotgan edi.

XS
SM
MD
LG