Линклар

Шошилинч хабар
14 декабр 2019, Тошкент вақти: 13:05

Toshkentdan uy sotib olganlarga poytaxt "propiska"siga ega bo‘lish huquqi berildi


O‘zbekiston hukumati Toshkentga viloyatdan kelganlarga, xorijliklarga va vatandoshligi yo‘q shaxslarga poytaxtdan uy sotib olishga rasman ruxsat berdi. Bu boradagi qaror 19 iyul kuni imzolangani to‘g‘risida norma.uz 25 iyulda ma’lum qildi.

Qarorda belgilanishicha, viloyatlardan kelganlar poytaxtda yangi qurilgan yoki qurilayotgan uylardan eng kam ish haqining 2500 darajadagi ko‘rsatkichiga teng bo‘lgan narxda uy sotib olgan taqdirda Toshkentga propiskaga qo‘yiladi. Uy oldi-sotdisini notarial rasmiylashtirish uchun uy narxining 5 foizi miqdorida davlat boji to‘lanadi.

Xorij vatandoshlariga yoki vatandoshligi yo‘q shaxslarga esa mamlakatda yashash ruxsatnomasi bo‘lgan taqdirda Toshkentda yangi qurilgan uylardan 150 ming dollardan kam bo‘lmagan narxdagi uylarni sotib olishiga ruxsat berildi. Bu holatda notarial rasmiylashtirish uchun uy narxining 10 foizi miqdorida davlat boji to‘lanadi.

Uy oldi – sotdisi bilan bog‘liq barcha moliyaviy masalalar banklar orqali amalga oshirilishi shart bo‘ladi.

Qarorda yangi qurilgan uy, deganda qurib bitkazilganiga uch yildan ko‘p vaqt bo‘lmagan turar-joy binosi tushunilishi qayd etilgan.

Ozodlik radiosi 4 may kuni Toshkentda yangi uy sotib olish orqali, doimiy ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatini beruvchi qonun 1 iyuldan boshlab kuchga kirishi rejalashtirilayotgani to‘g‘risida xabar bergan edi.

Shu kungacha Vazirlar mahkamasining maxsus qarori bilan faqat Prezident devoni, Oliy Majlis, MXX, Vazirliklar, Davlat qo‘mitalari va qonun tomonidan sanab o‘tilgan 59 ta tashkilot xodimlari; Toshkentda doimiy ro‘yxatda turgan fuqaroning turmush o‘rtog‘i yoki eng yaqin qarindoshlarigagina “propiska”dan o‘tish huquqi berilgan edi. Toshkentda doimiy ro‘yxatda turmaganlarga poytaxtda uy sotib olish huquq berilgan emas.

Toshkentdan kamida yuz ming dollarga yangi qurilgan uy sotib olgan shaxslarga doimiy propiska berilishi to‘g‘risidagi taklif prezident Mirziyoev yanvar oyida taqdim etgan respublikani rivojlantirish davlat dasturi loyihasi doirasida berilgan edi.

XS
SM
MD
LG