Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:49

Saratovdagi avtohalokatda jarohatlangan o‘zbeklar ismlari ma’lum bo‘ldi


"Lada Largus"da ketayotgan 6 o‘zbekistonlikdan besh nafari turli og‘irlikdagi jarohat olgan
"Lada Largus"da ketayotgan 6 o‘zbekistonlikdan besh nafari turli og‘irlikdagi jarohat olgan

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi Saratov viloyatida yuz bergan avtohalokatda jarohat olgan o‘zbekistonliklar ro‘yxatini e’lon qildi.

2017 yil, 25 iyul, soat 16:05 larda Saratov viloyati Ozinskiy tuman markazidan 8 kilometr narida 3 kishi ketayotgan "Ford Mondeo " va 7 kishi ketayotgan "Lada Largus" avtomashinalari to‘qnashib ketgan.

Saratov viloyat Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiysi Olga Chichenadzening Ozodlikka ma’lum qilishicha, "Lada Largus" avtomashinasida ketayotgan 6 o‘zbekistonlikdan besh nafari turli og‘irlikda jarohat olgan.

- Baxtli tasodif tufayli o‘lganlar yo‘q. "Lada-Largus"da ketayotgan 7 kishidan biri viloyatimizdan, qolgan 6 kishi – O‘zbekiston vatandoshlari bo‘lgan. Avariyada jarohatlanganlar Ozinskiy tuman shifoxonasiga olib ketildi. O‘zbekistonliklardan 4 nafari hozirda shifoxonada qolmoqda, yana ikkitasiga javob berildi. Hozircha to‘qnashuv sabablari aniq emas, tergov olib borilmoqda, dedi Olga Chichenadze.

Boshqarmadan olingan ma’lumotga ko‘ra, Ozinskiy tuman shifoxonasiga olib ketilgan besh nafar O‘zbekiston vatandoshi ro‘yxatidan ular Andijon va Farg‘ona viloyatidan kelgan muhojirlar ekanini ko‘rish mumkin:

1. Madragimov Muhammadali, 1970 y.t. – Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidan;

2. Qurbonov Sirojiddin, 1995 y.t. – Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidan;

3. Xolmatov Abdujabbor, 1965 y.t. – Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidan;

4. Sodiqov Mirjalol, 1988 y.t. – Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidan;

5. Badalov Jamshidbek, 1991 y.t. – Farg‘ona viloyati Rishton tumanidan.

Avtohalokatda shikast olgan yo‘lovchilar yaqinlari qo‘shimcha ma’lumotlarni Saratov viloyat bo‘yicha Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarmasidan yoki bevosita Ozinskiy tuman shifoxonasidan olishlari mumkinligi bildirildi.

Shuningdek, hodisa O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi nazoratiga olingani ma’lum bo‘ldi.

Saratov viloyat Davlat avtomobil nazorati boshqarmasi e’lon qilgan dastlabki tekshiruv xulosasiga qaraganda, to‘qnashuvga "Lada Largus" haydovchisi sababchi bo‘lgan. Voqeaning qolgan tafsilotlari o‘rganilmoqda.

Yanvar oyidagi avtohalokatda 2 o‘zbekistonlik muhojir nobud bo‘lgandi
Yanvar oyidagi avtohalokatda 2 o‘zbekistonlik muhojir nobud bo‘lgandi

Ozodlik Rossiya va boshqa qo‘shni mamlakatlardagi o‘zbek muhojirlari nobud bo‘lgan boshqa avtohalokatlar to‘g‘risida oldin ham xabar bergan.

Joriy yilning 22 iyun kuni Qozog‘istonning Chimkent shahridan Rossiyaning Volgogradiga 50 dan ziyod o‘zbekistonlik muhojir ketayotgan avtobus ag‘darilib ketgan edi. Oqto‘be viloyatining Oytekebiy tumanida sodir bo‘lgan bu avariya oqibatida 9 nafar O‘zbekiston vatandoshi hodisa joyida halok bo‘lgan, 17 nafar o‘zbekistonlik va bir nafar qozog‘istonlik yo‘lovchi kasalxonaga yotqizilgan¸ 25 jarohatlangan yo‘lovchiga esa voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgandi.

Saratov viloyati Petrovskiy tumanida 15 yanvarga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan avtohalokatda esa 7 mehnat muhojiri, jumladan 2 o‘zbekistonlik nobud bo‘lgan edi

XS
SM
MD
LG