Линклар

18 декабр 2017, Тошкент вақти: 21:30

Surxondaryoda 13 yashar qizning zo‘rlanganiga oid iddao yuzasidan tekshiruv boshlandi

  • Абдулла Искандар/Озодлик

Illyustrativ surat

Surxondaryo viloyat, Sariosiyo tumanida bundan 2 yil muqaddam 13 yashar o‘quvchi qizning zo‘rlangani to‘g‘risida O‘zbekiston prezidenti qabulxonasiga kelib tushgan iddaoli ariza ortidan tekshiruv boshlangani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Ozodlikka jabrlanuvchining yaqini xabar qildi. Uning aytishicha, shu kunda mahalliy mulozimlarni zo‘rlaganni jazolashdan ko‘ra, bu haqda prezident qabulxonasiga kim arz qilgani ko‘proq qiziqtirmoqda.

Arizani o‘rganish boshlandi

Viloyat huquq-tartibot organlari mulozimining ismi oshkor etilmaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, qiz (uning ism-familiyasi va manzili Ozodlikda mavjud) bilan bog‘liq voqea yuzasidan ariza jiddiy o‘rganilmoqda va o‘quvchi qiz mahalla faollari va uchastka nozirlari tarafidan nazoratga olingan:

Ma’lum bo‘lishicha, qizning onasi - 1972 yilda tug‘ilgan N.S. Rossiya Federatsiyasiga ishlagani ketgan. Otasi T.T. esa, qotillik jinoyati sodir qilgani oqibatida sud hukmi bilan jazo o‘tamoqda. Qiz "F "mahallasida N. S ismli ayolning qaramog‘ida rasmiylashtirilmagan tarzda yashamoqda.

Bundan ikki yil oldin bu qiz bir bola bilan o‘zi sevib "munosabat qurgani" (Huquq-tartibot organi mulozimi aynan shu iborani ishlatdi) bois janjal chiqqani, onasi Rossiyadan yetib kelib mahalla ishtirokida bu masala muhokama qilinib murosaga kelingani aytilmoqda.

Ma’lumotlarga qaraganda, yigit uylanaman deganida mahalla izn bermagan. Shundan keyin bu qiz voyaga yetmaganlar inspeksiyasining tarbiyasi og‘ir bolalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Portalga yozgan "krot" qidirilmoqda

Ozodlik bu o‘smir qiz yashaëtgan MFY raisi Shahlo opa bilan gaplashdi. Shahlo opa ikki yil oldingi voqeani O‘zbekiston prezidenti virtual qabulxonasiga yozgan arizachi qidirilayotganligini aytdi:

- Ikki yil oldin bo‘lib o‘tgan va bosti-bosti bo‘lgan voqeani kimdir yana ko‘tarib portalga yozibdi. Hozir milisa boshlig‘i Davron aka bilan kim portalga yozganligini o‘rganyapmiz. Qizning onasi tashlab Rosiyaga ketgan. Hozir bu qiz yaxshi va hurmatli oilada yashayapti. Sharoiti yaxshi, qarab turibmiz¸ deydi MFY raisi.

"Teginib qo‘ygan"

Ozodlik muxbirining “ikki yil oldin bu qiz zo‘rlanganmidi” degan savoliga mahalla raisining bergan javobi esa, mana bu:

- Zo‘rlanmagan. O‘zi bir yigit bilan yurar ekan¸ o‘sha yigit teginib qo‘ygan. Ikki tarafni hohishi bilan teginilgan.. Yigit tan oldi teginib qo‘yganini. Onasi¸ qo‘shnilari va mahalla faollari oldida turib, bu yigit uylanaman, dedi. Lekin biz bu qizning erta turmush qurishiga yo‘l bermadik. Bu qiz bilan bog‘liq hech qanday muammo yo‘q,- dedi MFY raisi Shahlo opa.

MFY raisi aytgan gapga ko‘ra “yigit teginib qo‘ygan” paytda¸ qiz 14 yoshda bo‘lgan. Bu holat O‘zbekiston jinoyat kodeksining 118- moddasida “Nomusga tegish”, deb malakalanadi. Bu moddaning a. qismida “shaxsning o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lsa” og‘irlashtiruvchi holat deya qaralib aybdor “o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.”

Zo‘rlash evasiga million?

Bundan ikki yil oldin ro‘y bergan voqea guvohi¸ o‘smirligida zo‘rlangani iddao qilinayotgan qizning qo‘shnisi Ozodlik bilan suhbatda¸ mahalla faollari bu voqea bilan bog‘liq mojaroni jinoiy ish ochmasdan mahallaning o‘zida hal qilingani eslaydi.

- Mahallada gap ko‘paydi. Onasi Rossiyadan chaqirildi. Onasi bitta doktor opa bilan keldi. Katta razborka bo‘ldi. Onasi yigitga qarab agar bir million bersang ustingdan ariza yozmayman, deb shart qo‘ydi. Yigit bu shartga rozi bo‘lib pulni berdi. O‘sha kuni bu ona pulni olib Rosiyaga qaytib uchib ketdi. Menimcha, Yekaterinburgda ishlaydi. Qiz yana qarovsiz qolib ketdi. Otasi qamoqda bu qizning. Otasi qamalmagan paytda bunaqa ahvol yo‘q edi,- dedi suhbatdosh.

Uning aytishicha¸ shu kunlarda uchastka noziri kelib, ikki yil ilgari bo‘lib o‘tgan voqeani so‘rab-surishtirgan.

Ozodlik muxbiri 2015 yilda zo‘rlangani iddao qilinayotgan qizning shu kunlarda Rossiyada ishlayotgan onasi 43 yashar N.S. ning Odnoklasniki tarmog‘ida akkaunti borligini aniqlab¸ unga maktub yozib voqea yuzasidan izoh so‘radi.

Maktubga hali javob kelmadi. Ozodlik bu voqeani kuzatishda davom etadi.

XS
SM
MD
LG