Линклар

5 yulduzli International Hotel Tashkent ​(sobiq Intercontinental Tashkent) mehmonxonasi o‘z ishchilarga ikki oydan buyon ish haqi to‘lamayapti. Shikoyat qilgan ishchilarga ko‘ra, ularning Hukumat portaliga qilgan murojaati ham natija bermagan. Mehmonxona ma’muriyati esa maosh berilmaganini tasdiqlar ekan, shu kunlarda bu masala hal etilayotganini bildirdi.

O‘zini "International Hotel Tashkent mehmonxonasi ishchisi", deb tanishtirgan mushtariyning shikoyat qilishicha, ikki oydan buyon maosh berilmayotir:

"Men nufuzli mehmonxonada ishlayman, ikki oydan beri maosh yo‘q. Portalga ham yozdik, lekin foydasi bo‘lmadi. Agar davlatga tegishli bo‘lmaganda, buning bir chorasini ko‘rishardi. Mehmonxona hisobida ishchilarga oylik berish uchun pul yo‘q, lekin davlatning tadbirlariga qaerdan bo‘lsa ham pul topiladi. Iltimos, shu mavzuni jiddiy ko‘taring! Yo‘lkiramizga ham pul yo‘q, birovlar piyoda kelayapti ishga", deb yozdi ismini sir saqlashni istagan shikoyatchi.

Uning aytishicha, muqaddam "400 ishchisi bo‘lgan mehmonxonada hozir 135 ishchi qolgan".

Ozodlik bu shikoyat ortidan mehmonxona ma’muriyatiga bog‘landi. Ismini oshkor qilmagan xodimning tasdiqlashicha, haqiqatda ham mehmonxona xodimlariga shu yilning iyun oyi uchun maosh berilmagan va hozirda yakunlanayotgan iyul oyi uchun maosh berishga ham mablag‘ yo‘q.

"Hozir mehmonxonada qurilish ketayapti, buning ustiga mehmonlar ham kamaygan. Moliyaviy muammolarimiz bor. Ammo, qisqa muddat ichida hal qilishga harakat qilyapmiz", dedi muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda mehmonxona ma’muriyatining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Mehmonxonadagi bugungi vaziyatdan yaxshi xabardorligini aytgan va ismini sir saqlagan Toshkent shahar hokimligi mulozimining aytishicha, ishchilarning hukumat portaliga yozgan arizasi asosida yaqinda shahar prokuraturasi International Hotel Tashkent buxgalteriyasi ustidan tekshiruv boshlagan.

"Ishchilarning arizasini prezident portali prokuraturaga tushirgan. Keyin prokuratura ma’muriyat ustidan ish ham ochgan edi. Ammo, hozir bu mehmonxona Tashqi Iqtisodiy savdo vazirligi balansida bo‘lgani uchun tekshir-tekshir bilan ishni yopishdi. Hozir mehmonxona rahbariyati bankka kredit so‘rab murojaat qilgan. Chunki, hozir Hilton Group shirkatiga topshirish uchun juda katta ta’mirlash ketayaptida mehmonxonada", dedi Toshkent shahar hokimligi xodimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy savdo vazirligidagi manbalar International Hotel Tashkent mehmonxonasi AQShning Hilton Group tasarrufiga o‘tkazilgani haqida 2014 yilda xabar bergan edi.

Toshkent shahar hokimligidagi manba va mehmonxona ma’muriyati vakili ishchilarni oyliksiz qoldirgan ta’mir ishlari hanuz davom etayotgani va bankdan so‘ralgan kreditning asosiy qismi shu ta’mirga qaratilganini ham qo‘shimcha qildi.

International Hotel Tashkent (sobiq InterContinental) mehmonxonasi Toshkentdagi besh yulduzli mehmonxonalardan biridir. Bundan buyon Hilton Group shirkati brendi ostida ish boshlashi kutilayotgan bu mehmonxona hissalarining xorij shirkati va Tashqi iqtisodiy savdo vazirligi o‘rtasidagi taqsimoti qanday bo‘lishi haqida ma’lumot yo‘q.

Ammo, 1997 yilda ochilgan InterContinental mehmonxonasining 50 foizlik ulushi Britaniyaning InterContinental Hotels Group shirkatiga, qolgan 50 foizi esa O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, sarmoya va savdo vazirligiga qarashli bo‘lgan.

Sobiq InterContinental mehmonxonasi InterContinental Hotels Group shirkati 2012 yil mayda O‘zbekistonda o‘z biznesini to‘xtatishi ortidan International Hotel Tashkentga aylangan edi.

O‘shanda Britaniya shirkatining Toshkentdan ketishiga sabab ma’muriy-moliyaviy kelishmovchilik bo‘lgani aytilgan edi. InterContinental Hotels Group shirkati Yevropa idorasining jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Lyusi Tomas esa kelishmovchilikning asosiy sababi "O‘zbekiston rasmiylarining InterContinental Hotels Group shirkatining mamlakatda norezident sub’ekt sifatida rasmiylashtirishga" rozilik bermagani ekanini aytgan edi. Norezident tadbirkorlik sub’ekti mavqei o‘sha kezda InterContinental Hotels Group shirkatiga ba’zi moliyaviy imtiyozlar, jumladan, erkin valyuta bilan ishlash imkonini berishi mumkin edi.

Hozirda to‘laligicha O‘zbekiston hukumati tasarrufida bo‘lgan mehmonxonada, marketing bo‘yicha xodimning aytishicha, eng arzon xonada bir kecha tunash narxi qariyb 200 AQSh dollari, eng qimmat prezident appartamentlari esa 4000 dollar turadi.

XS
SM
MD
LG