Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:39

OzodDayjest: Farg‘onada viloyat va tuman pasport idorasi rahbarlari jinoyatlari fosh etildi


O‘zbekiston Markaziy banki rahbarlari mamlakatda terminallar etishmasligini e’tirof etdi. Ohangaronda elektr idorasi rahbari pora olgani uchun 9 yilga kesildi. Farg‘onada “pul uchun vijdonini jig‘ildoniga almashtirgan” melisalar fosh etildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Markaziy bank raisi o‘rinbosari terminal taqchilligini tan oldi

O‘zbekiston Markaziy bank raisi o‘rinbosari Saidkamol Xodjaev mamlakatda terminallar yetishmasligini tan oldi (“Xalq so‘zi”, 27 iyul). Xalqaro press-klubda moliya-iqtisod muammolariga doir savollarga javob qaytargan bank rasmiysi O‘zbekistonga terminallar xorijdan keltirilayotgani, shu bois bu borada taqchillik mavjudligini aytgan. Joriy yil 1 martdan O‘zbekistonda chakana va savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlar aholidan to‘lovlarni bank plastik kartochkalari orqali qabul qilishi shartligi to‘g‘risidagi tartib kuchga kirdi. Ammo hududlarda hamon turli vajlar bilan plastik kartochka orqali to‘lovni rad etish hollari kuzatilmoqda.

Toshkent viloyatida elektr idorasi rahbari poraxo‘rligi uchun 9 yilga kesildi

Toshkent viloyati Ohangaron tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari bir qator jinoyatlari uchun 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi (“Huquq”, 27 iyul). Ismi oshkor etilmagan mansabdor qo‘l ostidagi xodimlardan biriga nisbatan tovlamachilik, firibgarlik va poraxo‘rlik qilgan. Xususan, rahbar xodimni ishdan bo‘shatish va uning nomiga olingan namunali uyni tortib olish bilan qo‘rqitib 1000 dollar pora talab qilgan. Bundan tashqari, u qo‘l ostidagi xodimlarni aldab, 1500 dollar pul yig‘ib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan. Qayd etilishicha, Ohangaron tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari surishtiruv davomida ayblariga to‘la iqror bo‘lgan.

Farg‘onada vatandoshlarga noqonuniy jarima solgan IIB mansabdorlari fosh etildi

Farg‘ona viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi tizimidagi birinchi rahbarlar jinoyatlari fosh etildi (“Postda”, 22 iyul). Jinoyatga qo‘l urgan mas’ul rahbarlar orasida viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi rahbari O.Soliev hamda tizimning tuman-shaharlar rahbarlari G‘.Hamroqulov, B.Mirzarahimov, A.Isoqov, U.Sotvoldiev, S.Ismoilov va boshqalar bor. Qayd etilishicha, zikr etilgan rahbarlar mansab kursisiga o‘tirgach, qing‘ir yo‘llar bilan boylik orttirishga mukkasidan ketgan. Xususan, IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish tizimi rahbarlari vatandoshlardan noqonuniy ravishda jarimalar undirib, juda katta miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirgan. Pasport stoli boshliqlari boshqa jinoyatlarga ham qo‘l urgan. “Ular tomonidan pasport tizimiga daxldor qonunbuzarliklar allaqancha vaqt davom etgan bo‘lsa-da, viloyatda ularning mushugini pisht deydigan birorta mard topilmagani chindan-da achinarlidir. Pul uchun vijdonini jig‘ildoniga almashtirgan kimsalarga nisbatan o‘z vaqtida qonuniy choralar ko‘rilganda edi, eng avvalo, fuqarolar va davlatimizga katta miqdorda moddiy zarar yetmagan bo‘lardi”, deb yozadi IIV nashri.

XS
SM
MD
LG