Линклар

Шошилинч хабар
13 ноябр 2019, Тошкент вақти: 09:13

Bosh prokuratura: Gulnora Karimova qamoqda


Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2015 yil 21 avgustdagi hukmi bilan 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan Gulnora Karimovaga, bosh prokuraturaning bugun ma’lum qilishicha, Jinoyat kodeksining 6 ta moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi Bosh prokuraturaning rasmiy saytida "G.Karimovaga nisbatan jinoyat ishlari yuzasidan xabar" sarlavhasi ostida 28 iyul kuni quyidagi materialni e’lon qildi:

2013 yil 24 oktabrda “Terra Group” MChJ, “Prime Media” MChJ, “Gamma Promotion” MChJ faoliyatida soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mazkur jinoyat ishini tergov qilish davomida Karimova Gulnora Islamovna, 1972 yil 8 iyulda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti oliy, Siyosiy tadqiqotlar markazi direktori lavozimida ishlagan, Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Ya.G‘ulomov ko‘chasi, 77“a”-uyda ro‘yxatda turgan, 2001-2012 yillarda N.Sodikov, 2013 yilning yanvar oyidan oktabr oyiga qadar R.Madumarov rahbarlik qilgan uyushgan guruhning jinoiy faoliyatiga bevosita ko‘maklashib kelganligi aniqlangan.

Jumladan, G.Karimovaning nazorati ostida va ko‘magida uyushgan jinoiy guruh a’zolari 2001-2013 yillarda quyidagi bir qator jinoyatlarni sodir etishgan, xususan:

- fuqarolar va tadbirkorlarning 54,1 mlrd. so‘mlik pul mablag‘lari, aksiyalari, ulushlari va mulkiy ob’ektlarini tovlamachilik yo‘li bilan egallash (G.Gaibnazarovning “Toshkent rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlash zavodi” OAJ va “Angren-tsement” MChJdagi 4,1 mlrd. so‘mlik aksiyalari, 4 mln. AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘lari, 17,3 mlrd. so‘mlik 2 ta kvartirasi, 4 uy-joyi (hovli) va 8 ta avtomashinasi, Sh.Axmedovning “KOLORPAK” va “NASHRIYOT UYI TASVIR” MChJdagi 1,9 mlrd. so‘mlik ulushi va boshqalar);

- turli korxonalardagi davlatga tegishli aksiyalar va ulushlarni sotib olish, mulkiy ob’ektlarni xususiylashtirish va mahsulotlarni past narxlarda sotishda 344,6 mlrd. so‘mlik davlat mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (“O‘zdunrobita” QKdagi 131,9 mlrd. so‘mlik (49%), “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan LTD” MChJ shaklidagi QKdagi 14,6 mlrd. so‘mlik (67,1%), “Rubicon Wireless Communication” MChJ shaklidagi QKdagi 9,6 mlrd. so‘mlik (30%) davlat ulushi, 20,4 mlrd. so‘mlik 50 ta ko‘chmas mulk ob’ektlari va boshqalar);

- daromadlarni (1 trln. 570,3 mlrd. so‘m), ko‘rsatilgan xizmatlar, ishlar va sotilgan mahsulotlardan tushumlarni (253,9 mlrd. so‘m) kamaytirib ko‘rsatish, imtiyozlarni noqonuniy qo‘llash (266,2 mlrd. so‘m), tekinga xizmat ko‘rsatish, ortiqcha asosiy vositalar shaklida soliqqa tortish bazasini kamaytirish va boshqa yo‘llar bilan (994,3 mln. so‘m) uyushgan jinoiy guruh nazoratidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va offshor kompaniyalar faoliyatida 2 trln. 91,4 mlrd. so‘mliksoliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash;

- jinoiy javobgarlikdan bo‘yin tovlash maqsadida uyushgan guruh nazoratidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va offshor kompaniyalari faoliyati bilan bog‘liq hujjatlarni nobud qilish, ularga shikast yetkazish va ularni yashirish.

Ushbu epizodlar bo‘yicha G.Karimovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari (165, 167, 179, 184, 227 va boshqalar) bilan ayblov e’lon qilingan.

G.Karimovaning ushbu jinoyatlarni sodir etishdagi aybi uyushgan jinoiy guruh a’zolari N.Sodikov, R.Madumarov, Sh.Sabirov va boshqalarning, guvohlar, jabrlanuvchilarning ko‘rsatuvlari, uyushgan guruh nazoratidagi 45 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va 16 ta offshor kompaniyalar faoliyatini tekshirish materiallari, olingan yozma va ashyoviy dalillar, ekspertiza xulosalari hamda ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2015 yil 21 avgustdagi hukmi bilan G.Karimova ayblanayotgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Bundan tashqari, G.Karimovaga nisbatan uyushgan jinoiy guruhga qo‘yidagi jinoyatlarni sodir etishga ko‘maklashish holatlari bo‘yicha alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda:

- davlat organlari vakolatlarini asossiz o‘zlashtirgan holda, radiochastota resurslari va yer uchastkalarini noqonuniy realizatsiya qilishda firibgarlik (595 mln. AQSh doll. yoki 866,7 mlrd. so‘m), xizmatlarga haq to‘lashda mobil aloqa operatorlari abonentlaridan qo‘shimcha to‘lovlarni asossiz undirish (390 mlrd. so‘m) yo‘li bilan o‘zganing 1 trln. 256,7 mlrd. so‘mlik mol-mulkini egallash;

- turli shaxslarning manfaatlarini “ilgari surish” uchun uyushgan jinoiy guruhning offshor kompaniyalari hisob raqamiga “bo‘naklar” olish (869,3 mln. AQSh doll. va 29 mln. yevro), radiochastota va yer uchastkalarini noqonuniy sotish (520 mln. AQSh doll.), ulushlarni sotish va dividendlarni to‘lash niqobi ostida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni chet elga olib chiqib ketish (439,6 mln. AQSh doll.), naqd pul mablag‘larini noqonuniy olib chiqib ketish (98 mln. AQSh doll.), naqd pul tushumlarini inkassatsiya qilmaslik (11,2 mln. AQSh doll.), eksport qilingan tovarlar va xizmatlar tushumidan majburiy 50% lik sotuvni amalga oshirmaslik (4,6 mln. AQSh doll.), tovarlarni sun’iy oshirilgan narxlarda import qilish (129,7 ming AQSh doll. va 45,8 ming yevro) yo‘li bilan 1 mlrd. 942,8 mln. AQSh doll. va 29,1 mln. yevro miqdoridagi xorijiy valyutani yashirish;

- deklaratsiyalarda import qilingan tovarlar miqdorini to‘liq ko‘rsatmaslik va ularning narxini kamaytirib ko‘rsatish (386,3 mlrd. so‘m), olib chiqilgan naqd xorijiy valyutani bojxona nazoratidan yashirish (98 mln. AQSh doll. yoki 209,4 mlrd. so‘m), eksport qilingan mahsulot qiymatini pasaytirib ko‘rsatish (11,9 mlrd. so‘m) yo‘li bilan jami 607,6 mlrd. so‘mga bojxona qonunchiligini buzish;

- tovarlarni sotish, bajarilgan ishlar va xizmatlardan tushumlarni inkassatsiya qilmaslik (294,9 mlrd. so‘m), pul mablag‘larini noqonuniy naqdlashtirish (278 mlrd. so‘m) yo‘li bilan jami 572,9 mlrd. so‘mga savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish;

- hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan uyushgan guruhning jinoiy faoliyatiga qonuniy tus berish maqsadida foydalanish;

- turar va noturar ob’ektlarni, boshqa mol-mulklarni sotib olish, uyushgan jinoiy guruh nazoratidagi offshor kompaniyalar o‘rtasida soxta kontraktlar bo‘yicha pul o‘tkazmalarini amalga oshirish yo‘li bilan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish.

Ushbu holatlar bo‘yicha G.Karimovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168, 178, 182, 189, 228 va 243-moddalari bilan ayblov e’lon qilingan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

G.Karimovaga ayblov ish bo‘yicha to‘plangan dalillar, shu jumladan, uyushgan jinoiy guruh a’zolari, guvohlar, jabrlanuvchilarning ko‘rsatuvlari, uyushgan guruh nazoratidagi 14 ta firma va 16 ta offshor kompaniyalar faoliyatini tekshirish materiallari, olingan yozma va ashyoviy dalillar, ekspertiza xulosalari asosida e’lon qilingan.

Qayd etilgan 2 ta jinoyat ishi bo‘yicha davlat va fuqarolar manfaatlariga yetkazilgan zararning umumiy summasi 1 trln. 270 mlrd. 200 mln. so‘m, 1 mlrd. 651,8 mln. AQSh doll., 26,1 mln. evro (milliy valyutada jami 3 trln. 746,8 mln. so‘m)ni tashkil etadi.

Tergov materiallari bo‘yicha hozirda 12 ta xorijiy mamlakatlar hududida uyushgan jinoiy guruhning 1 mlrd. 394,1 mln. AQSh doll., 63,5 mln. evro, 27,1 mln. funt va 18,5 mln. frank miqdordagi legallashtirilgan mablag‘lari aniqlangan, shu jumladan:

Shveysariyada – 777,8 mln. AQSh doll. miqdorida pul mablag‘lari va Koloni shahrida narxi 18,5 mln. frank bo‘lgan ko‘chmas mulk (villa);

Shvetsiyada – 30 mln. AQSh doll. miqdorida pul mablag‘lari;

Buyuk Britaniyada – 4,2 mln. funt miqdorida pul mablag‘lari, London shahrida umumiy narxi 22,9 mln. funtlik uy-joylar, kvartiralar va villalar;

Fransiyaning Parij shahrida – kvartiralar va “Shato de Grussi” qasri, Santrope shahrida – villa (umumiy narxi 52,5 mln. yevro);

Latviyada – 16,5 mln. AQSh doll. miqdoridagi pul mablag‘lari va qimmatli qog‘ozlar, Riga shahrida park hududidagi umumiy narxi 9 mln. yevro bo‘lgan ko‘ngilochar markaz;

Irlandiyada – 300 mln. AQSh doll. miqdoridagi pul mablag‘lari va qimmatli qog‘ozlar;

Malta orolida – narxi 48,8 mln. AQSh doll. bo‘lgan samolyot;

Germaniyada – 2 mln. yevro miqdoridagi pul mablag‘lari;

Ispaniyada – 82 ming AQSh doll. miqdoridagi pul mablag‘lari;

Rossiyada – 6 mln. AQSh doll. miqdoridagi pul mablag‘lari, umumiy narxi 2 mln. AQSh doll. bo‘lgan Moskva shahri “Kamelot” turar joy kompleksidagi “pentxaus”, “Rublevka” massividagi hashamatli turar joy va 8 ta kvartira, Yalta shahridagi mehmonxona kompleksi, turar joy va yer uchastkasi;

Gonkongda – 67 mln. AQSh doll. miqdoridagi pul mablag‘lari, “The Arch” osmono‘par binosida narxi 15 mln. AQSh doll.bo‘lgan “pentxaus”;

Birlashgan Arab Amirligida – 32 mln. AQSh doll. miqdoridagi pul mablag‘lari, 31,5 mln. AQSh doll. miqdoridagi oltin va oltin sertifikatlari, Dubay shahrida umumiy narxi 67,4 mln. AQSh doll. bo‘lgan “pentxaus”, 2 ta villa va 2 ta mehmonxona komplekslari aniqlangan.

Xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlariga tergov organlarining uyushgan jinoiy guruhning yuqorida qayd etilgan aktivlarini xatlash to‘g‘risidagi qarorlari yuborilgan.

Hozirgi kunda uyushgan jinoiy guruhning boshqa aktivlarini aniqlash va ularni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha tezkor-tergov tadbirlari davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining
Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga
qarshi kurashish boshqarmasi

28.07.2017

XS
SM
MD
LG