Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 06:41

FSB Peterburgda yana 7 muhojirni terrorchilikda ayblab, qo‘lga oldi (VIDEO)


Hibsga olingan migrantlardan biri

FSB Peterburgda portlash uyushtirmoqchi bo‘lganlikda ayblanayotgan yana bir guruh markaziy osiyolik muhojirni hibsga olganini xabar qildi. 7 kishilik ekanligi aytilayotgan bu guruhni FSB transport va odamlar gavjum joylarda portlash uyushtirishga hozirlik ko‘rganlikda ayblamoqda. Kuzatuvchilar FSBning bu kabi xabarlariga ehtiyotlik bilan qarashga chaqirmoqda.

Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati (FSB) 28 iyul kuni Rossiyaning shimoliy poytaxti Sankt-Peterburg shahrida "navbatdagi terrorchilarni" ushlaganini e’lon qildi.

FSB rasmiy saytida keltirilgan xabarda ushlangan yetti kishi “markaziy osiyolik migrant” ekaniga alohida e’tibor qaratilgan.

Rossiya Federatsiyasi FSBsi 2017 yilning 28 iyulida Sankt-Peterburg shahridagi temir yo‘l transporti va odamlar ommaviy yig‘iladigan joylarda terrorchilik hurujlarini sodir etishga tayyorgarlik ko‘rishda ayblanayotgan, kelib chiqishi Markaziy Osiyodan bo‘lgan 7 kishilik guruhni hibsga oldi. Tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, deyiladi rasmiy xabarda.

Rus chekistlari markaziy osiyolik ekani aytilgan muhojirlarning aynan qaysi mamlakat vatandoshligiga ega ekanini “tergov manfaatlarini ko‘zlab” ochiqlanmayotganini ham qo‘shimcha qildi.

Rossiya ommaviy axborot vositalarida FSBning bu amaliyoti borasida boshqa ma’lumotlar paydo bo‘ldi.

Youtube portalida FSB tomonidan sizdirilgan migrantlarni hibs etish jarayonii videtasviri ham paydo bo‘ldi. Unda ko‘rinishidan avtomexanika ustaxonasida bo‘lgan bir guruh osiyolik niqoblilar tomonidan qo‘lga olinganini ko‘rish mumkin.

“Nima qilmoqchi eding?” deya fsbchi bergan savolga erga yotqizilgan muhojirlardan biri:

- Poezdni avariya qilmoqchi edim, deydi.

47news nashri o‘z manbalariga tayanib, ushlanganlar Rossiya Harbiy-dengiz floti kuni, ya’ni 30 iyulda, Peterburgda rejalashtirilgan katta harbiy paradda terakt uyushtirishga hozirlanganini ma’lum qildi. Nashrga ko‘ra, O‘zbekiston vatandoshlari bo‘lgan bu yettovlon bir hafta davomida maxfiy kuchlar kuzatuvida bo‘lgan.

FSB idorasida so‘roq qilinayotgan yigitlarga nisbatan 29 iyul kuni tergov yakuniga qadar hibsga olish to‘g‘risida sud qarori chiqarilishi kutilmoqda.

Muhojirlarning hibsga olinishidan bir kun oldin Rossiya Bosh prokurori muovini Aleksandr Buksman o‘tgan yarim yilda Rossiyada 12 ta terrorchilik akti oldi olinganini xabar qildi. U bu teraktlardan biri Sankt-Peterburg metrosida 3 aprel kuni sodir etilganini aytdi. O‘sha falokatda 15 kishi nobud bo‘lgan, yana 50 ziyod yo‘lovchi jarohat olgandi.

Ayni paytda, Rostransnadzor xizmati o‘tgan oy davomida Peterburgda olib borgan tekshiruv natijasida shimoliy poytaxtning birorta ham (!!!) metro bekati xavfsizlik talablariga mutlaqo mos kelmasligini e’lon qildi. Bir oy davomida politsiya yoki prokuraturaning maxfiy xodimi sinov uchun metroga “test-buyum” olib kirgan va hech qanday qiyinchiliklarsiz bir necha marotaba qalbaki “bombani” tonnelga o‘rnatib kelgani ma’lum bo‘ldi.

Kuzatuvchilar va huquq faollari FSBning “terrorchilikka qarshi kurash” borasidagi xabarlarini ehtiyotlik bilan qabul qilishni tavsiya qilmoqda. Bundan bir necha kun oldin Piterdagi portlashga aloqadorlikda gumonlangan Akrom va Abror Azimovlarning himoyachilari aka-ukalar FSBning maxfiy qamoqxonasida uzoq vaqt davomida qiynoqlarga solingani to‘g‘risida bayonot berdi.

Abror Azimovning advokati Dmitriy Dinze Federal xavfsizlik xizmati xodimlari Azimovni qiynoqlar to‘g‘risidagi bayonotidan voz kechishga majbur qilgani to‘g‘risida bildirdi.

Ayblanuvchilarning otasi Ahror Azimov Ozodlikka bergan intervьyusida farzandlariga nisbatan jinoyat ishlari sohtalashtirilgani to‘g‘risida gapirgan edi.

Ozodlik Sankt-Peterburgdagi portlashdan o‘tgan vaqt davomida Rossiyaning turli mintaqalarida o‘nlab markaziy osiyolik, xususan o‘zbekistonlik muhojir hibsga olingani borasida xabar berib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG