Линклар

Taniqli o‘zbek rassomi¸ hali Gulnora Karimova qudratda paytida uning jurnal muqovasidagi surati o‘rniga maymun rasmini chizib, Venetsiya biennalesida e’lon qilgan 69 yashar Vyacheslav Oxunov Ozodlik bilan suhbatda “Gulnora Karimovaning maddohlari qaerga ketdi?” degan savolni ko‘ndalang qo‘ydi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasining "G.Karimovaga nisbatan jinoyat ishlari yuzasidan xabar"i bilan tanishgan rassom “Ayni ayblovlar ekspertlar hamda xorijiy huquq-tartibot idoralari tarafidan ilgari surilganida, bundan atigi bir yil muqaddam ham o‘zbekistonlik taniqli artist, bastakor va san’at arboblari prezident qizini himoya qilgan edi, bugun esa nega ular jim?” deb xayron bo‘ldi Ozodlik bilan suhbatda.

"Gulnoraga maftun bo‘lib, bilmasdan maqtab qo‘yibman"

Vyacheslav Oxunovning bu savoli ortidan, Ozodlik muxbiri o‘z vaqtida Gulnora Karimova tadbirlarida faol qatnashgan O‘zbekiston xalq artisti bilan suhbatlashdi. (Xalq artisti Gulnora Karimovani madh qilganidan uyalgani bois ismi ochiqlanishini istamadi)

Suhbatdosh o‘z so‘zini “agar otamning o‘lishini bilganimda, chaksa kepakka sotardim”, degan maqol bilan boshladi. Unga ko‘ra¸ o‘z vaqtida Gulnora Karimovaning oddiy odamlarga ko‘mak bergani¸ og‘ir kasallarga yordam berganligini ko‘rib turib hayajon ostida uni maqtagan:

- To‘lqinlanib ketib kuylaganman. Gulnoraning farishta ekanligiga ishonganman. Xalq o‘z qaxramonini to‘kis ko‘rgisi keladi. Men o‘z vaqtida Gulnorani qahramon qilganimdan uyalaman. Lekin men uning yomon tarafini bilmaganim uchun maqtaganman¸ dedi ismi aytilishini istamagan xalq artisti.

"Ular o‘zlarini ovsarlikka solmoqda"

Bu gapga javoban taniqli rassom Vyacheslav Oxunov “Gulnorani bilmasdan maqtab qo‘yibman degan maddohlar yana yolg‘on gapirmoqda”, deya ta’kidladi.

- Ahmoqmi ular? Nimadan habari yo‘q ekan? Hamma¸ hamma narsani bilgan edilar. Shunchaki, bular unvon¸e’tirof uchun maddohlik yo‘lini tanlashgan edi. Bugun ular o‘zlarini ovsarlikka solishmoqda. Gulnora tadbirkorlarning biznesini tortib olayotgani¸ odamlarning qo‘lini qayrib olib ketayotgani¸ solinayotgan o‘lponlar haqida butun Toshkent gapirardi. Bilib bilmaganga solmoqda bu yalovchilar”.

O‘zbek rassomi Gulnora Karimovani maymun shaklida tasvirlagan edi
O‘zbek rassomi Gulnora Karimovani maymun shaklida tasvirlagan edi

Tarmoq ham himoya qilmay qo‘ydi

Gulnora Karimova “istalmagan shaxsga aylangan” 2014 yilda ijtimoiy tarmoqlarda #GuliVeri (Guliga ishonuvchilar ma’nosida) deb tanilgan guruhlarning o‘n minglab a’zolari “Gulnora Karimova uchun jonimiz fido!” deb chiqqan edi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Karimova qamoqqa olingani borasidagi habarnomasi ortidan bu guruh faollari bilan bog‘lanishga urinishimiz besamar bo‘ldi.

Gulnora Karimova himoyachilari orasida Fond Forum tashkilotining sobiq matbuot kotibi Dinora Do‘ltaeva ham bor edi.

Shu kunlarda yangi tashkil qilingan “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ” matbuot kotibi vazifasida ishlayotgan Do‘ltaeva Gulnora Karimova borasida izoh bermadi.

Dinora Do‘ltaeva Gulnora Karimova ënida
Dinora Do‘ltaeva Gulnora Karimova ënida

Ozodlik o‘z savolini boshlashi bilanoq Do‘ltaeva No comment, deb telefonni qo‘yib qo‘ydi.

Malikaning uzumi

Ijtimoiy tarmoqlarda Gulnora Karimovani himoya qiluvchilar qumga singgan suv kabi g‘oyib bo‘lgani kuzatilsa-da, “Gulnoraning o‘rnida siz bo‘lganingizda ayni ishni qilardingiz”, deya oqlashga urinaëtganlar ham bor.

Ular 2013 yili Dubaydagi konserti paytida “Gulisan” qo‘shig‘ini taqdim qilgan xalq artisti Yulduz Usmonovaning fikrini takrorlashmoqda.

O‘zbekiston Xalq artisti Yulduz Usmonova Gulnora Karimovaga bag‘ishlangan “Gulisan”, degan qo‘shiq taqdimotida O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizining sanoqsiz boyliklari bilan qiziqqan jurnalistlarni tanqid ham qilib o‘tgan edi:

- Sizlarni nima ishlaring bor uni puli qaerdan kelgani haqida?! Malika-ku u axir¸ uzumini yenglar, bog‘ini surishtirmanglar¸- degan edi Yulduz Usmonova.

Bugun bu gaplarni, balki, "O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga qarata aytarsiz?" deya yuridik diplomga ega bo‘lgan Yulduz Usmonovaga savol berishga chog‘landik.

Yulduz Usmonovaning ma’muri qo‘shiqchining Ozodlik savollariga javob bera olmasligini aytdi.

Yulduz Usmonova
Yulduz Usmonova

Ostida tama yashiringan maddohlik tarixi

Internetdagi Youtube.com portaliga yuklangan videotasvirda Yulduz Usmonova 2013 yilda Gulnora Karimovaga ta’zim qilayotgan onlari aks etgan.

Youtube.com portalidagi tasvirda Yulduz Usmonova prezidentning qiziga minnatdorlik ma’ruzasini rus tilida boshlab, o‘zbekcha davom ettirgan edi:

- I xochu skazat, judayam ko‘pchiliginglar gap orqali bilasizlar, xolos. (Gulnora Karimova haqida aytilyapti - tahr.) O‘zi mana shunaqangi bir sadda qiz. (sodda qiz demoqchi - tahr.) Bir odamni atrofiga plastilinga o‘xshab yopishtirib, bir narsalaaa qib tashlaydi... Otangga balli qiz bu. Chunki qatta bo‘sayam, o‘zini atlasini toshiydi. Qatta bo‘sayam o‘zbekligini oboradi. Shuning uchun Ollohdan yuqqani rost bo‘lsin! (Nima yuqqani haqida aniqlama yo‘q - tahr.) Hammamizning yo‘limizni rost qilsin! (Obid Asomov tarafga qarab qo‘yadi - tahr.) Xalqning yo‘li ochilsin! Mana shunaqangi qizlarimizniyam yo‘li ochiq bo‘lsin, degan edi yurist diplomiga ega sobiq deputat, xalq artisti Yulduz Usmonova. (Matnda xonandaning so‘zlashuv uslubi ayni holida saqlandi - tahr.)

Ana shundan keyin Yulduz Usmonova Gulnora Karimovaga bag‘ishlangan “Gulisan” qo‘shig‘ini yana bir bor ijro qilgan edi :

Qordan qo‘rqmas chuchmoma,

Gullayversang qishda ham,

Qishning Gulisan.

Har ko‘ngilga yo‘l topib,

Isyonini ololsang,

Ko‘ngil Gulisan.

Ozodlikning 2013 yilgi "Qurultoy" eshittirishida qatnashgan G‘ulomjon Yoqubov ham Gulnora Karimovaning madaniyatga qo‘shgan ulkan hissasi haqida ta’kidlagan edi:

- Gulnora – diplomat! Gulnora – tadbirkor! Gulnora – dizayner-modelyer! Gulnora – qo‘shiqchi! Gulnora – sahovatpesha! Gulnora ijodkorlarni qo‘llab quvvatlashni ham qoyillatadi! E, qoyilman! Ayol boshi bilan shuncha talantga ega ekaniga qoyilman, - degan edi G‘ulomjon Yoqubov.

Qo‘shiqchilar mehriga sazovor bo‘lgan Gulnora Karimovaning o‘zi ham qo‘shiq kuylab dong chiqarmoqchi bo‘lgani yaqin tarix zarvaraqlariga muhrlangan.

O‘zbek shoiri Usmon Azimov o‘z she’rlarini Karimovning qizi tilidan qo‘shiq bo‘lib to‘rt tarafga taralayotganidan xursandligini Ozodlikka bildirgan edi.

- Bu qo‘shiqlar endi ozmi-ko‘pmi mumtoz xazinaga aylanib qolgan. Karimovning qizlari aytdi. O‘zbekcha qilib aytishdi. Men juda ham xursand bo‘lganman, - degan edi Usmon Azim.

Taniqli o‘zbek bastakori, Botir Zokirov, Muhabbat Shamaeva, Nargis Boyhonova kabi ashulachilarga qo‘shiq yozgan Dilorom Saydaminova O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovani talantli qiz, deb e’tirof qilgan edi:

- Gulnoraning diski ancha yaxshi qo‘shiqlardan iborat. Gulnora Karimova juda qobiliyatli, talantli ayol. Xudo siylagan uni, deb bilaman, - degan edi bastakor.

Muashshah yozgan mulla

Gulnoraga bag‘ishlab qasida yozishda, Xalq artistlari bilan bellashaman deb, din peshvolari ham o‘rtaga chiqqani kuzatilgan edi.

O‘zbekiston Islom universitieti domlasi, dinshunos olim Saidabzal Saidjalolov Bobur tavalludiga bag‘ishlangan tantanada Gulnora Karimovaga bag‘ishlab muashshah janrida yozilgan g‘azalini zarrin ramkaga solib taqdim qilgan.

Dinshunos olim Gulnoraga atalgan muvashshahni Ozodlik bilan suhbatda ëddan o‘qib bergan edi:

Go‘zallikka mudom oshno bo‘libsiz¸

Umidbahsh nigohdan ko‘ngillar masrur.

Latofat-la muhabbatga to‘libsiz¸

Noyob ehsoningiz hammaga manzur.

Orombaxsh so‘zingiz har dardga darmon.

Rahmat daryosidan bo‘ling bahramand

Aslo dilingizda qolmasin armon.

Bu misralar yonboshdan o‘qilganida "Gulnora", degan ism ko‘rinadi. Ana shundan keyingi 8 satrda "Karimova" degan so‘z ham muashshah ramkasiga tiqiladi.

Bu satrlardan birida Gulnora Karimovaga qarata shoir: “Rahnamolik yuki tog‘dan-da og‘ir”, deya dardkashlik qiladi.

Domla o‘z muvashshahini Karimovaga taqdim qilmoqda
Domla o‘z muvashshahini Karimovaga taqdim qilmoqda

"Gulnora Karimova bilan uchrashuvdan keyingi hayajonim hali ham bosilmadi", degan edi dinshunos olim Ozodlik bilan suhbatda.

Zamonamiz Nodirasi?

Toshkentdagi “Diydor” teatr studiyasi taqdim qilgan “Nodirabegim” spektaklida bosh rolni ijro qilgan 24 yashar Nazokat Narzieva o‘tgan yillardagi suhbatlarimizdan birida "Gulnora Karimova - zamonamiz Nodirasi", deb ta’kidlagan edi.

- Tashkilotchiligi, xalq bilan ishlashi, odamlarga yordam berishini misol qilib oladigan bo‘lsak, Gulnora Karimovani Nodirabegimga misol qilib olishimiz mumkin. Yurt uchun o‘zini qurbon qilib yoki yurt uchun hamma narsani qilayotgan ayol. Yurtimiz uchun jonkuyarlik qilayotganini olib qarashimiz mumkin, - degan edi Nodirabegim roli ijrochisi.

Gulnora iqtidorda turgan paytda bu gapni gapirgan suhbatdosh, pirovardida uy qamog‘iga olinib, jazolangan tarixiy shaxs Nodirabegim taqdiri Gulnora Karimovaga nasib qilishini o‘ylamagan bo‘lsa kerak.

O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabov Gulnora Karimova vasiylik qilgan Forum Fondi tomonidan tashkil etilgan har bir tadbirda faol ishtirokchi o‘laroq qatnashib kelgan.

Murod Rajabov 2013 yili Bi-Bi-Si o‘zbek xizmatiga bergan suhbatida Gulnora Karimova aytgan qo‘shiqni eshitib ko‘ziga yosh olganini e’tirof qilgan edi:

- Endi Gulnoraxonning otalari haqida aytgan qo‘shiq ko‘pchilik yoshlarimizga o‘rnak bo‘ldi. Otalari haqida aytibdilar, mening nazarimda, bu juda ham katta gap. Masalan, menga juda ham yoqdi, o‘sha paytda eshitib ko‘zimga yosh keldi. Qo‘shiqning o‘zi juda ham yaxshi yozilgan va Gulnoraxonning o‘zi bu qo‘shiqni juda ham samimiy aytdilar. Endi qay darajada kimga yoqdi, kimga yoqmadi, men juda ham yaxshi qabul qildim, - deya ta’kidlagan edi taniqli akter.

Ammo, sal o‘tmay, Gulnora Karimova hatto o‘z otasi uchun istalmagan shaxsga aylanar ekan, bu gaplarni aytgan Murod Rajabov ham ishdan bo‘shatildi.

Gulnora Karimova va Murod Rajabov
Gulnora Karimova va Murod Rajabov

Yagona tanqidchi

Hozircha, rassom Vyacheslav Oxunov, mamlakat ichkarisida turib Gulnora Karimova qudratda turgan paytda tanqid qilgan yagona ijodkor bo‘lib qolmoqda.

Rassom Oxunov asari
Rassom Oxunov asari

Toshkentda Gulnora Karimova homiyligida o‘tgan "Art Week Style.uz-2011" san’at haftaligiga taniqli rassom Vyacheslav Oxunov o‘ziga xos tarzda norozilik bildirgan edi.

Ko‘rgazma tashkilotchisi Gulnora Karimova istagiga zid bo‘lgan bu norozilik tadbiri haqida rassomning o‘zi Ozodlik bilan bugungi suhbatda esladi:

- Gulnora Karimova bilan to‘qsoninchi yillar oxirida tanishuvdim. Oldiniga san’atga qiziqadigan samimiy ayol sifatida ko‘rindi. Keyin esa, ko‘z oildimda bu qiz boylik va hokimiyat afyunidan mast bo‘ldi. Banditga aylandi. Shu bois u xonim qatnashgan ko‘rgazma ochilishida men ko‘kragimga beyjik taqib oldim. Bu beyjikda ingliz tilida "Men rassom emasman. Meni bezovta qilmanglar" degan yozuv bor edi. Bu yozuv yonida mening fotosuratim bor edi”.

Oxunovning nazarida o‘zbek zamonaviy san’ati ehtiyoji uchun emas, balki Prezident qizining xarxashasi sifatida yuqoridan tushirilgan buyruq asosida uyushtirilgan bunday tadbir haqiqiy rassom uchun ëtdir.

– Men bu tadbirdagi rassomlarga qarata: Bolalar men sizlar bilan emasman. Men ko‘kragimdagi yozuv orqali bunday zona dunyoga tanilgan rassom uchun yot muhit, degan mujdani berdim.

Rassom Oxunov ana shundan keyin ko‘rgazmani butkul tark qilib ko‘chaga chiqqani va o‘ziga xos norozilik tadbirini ko‘chada davom ettirganini eslaydi.

- O‘shanda ko‘rgazmaga yig‘ilgan ijodkorlar meni tushunishmagan edi¸ balki bugun prokuratura habarnomasini o‘qib tushnishgan bo‘lsa ajab emas¸ deydi o‘z vaqtida Gulnora Karimova nashr qilgan "Bella Terra" jurnalining muqovasidagi Gulnora Karimova rasmini maymun rasmi bilan almashtirib, o‘zbek san’ati ixlosmandlariga estetik-kesatiq janri ham borligini eslatgan rassom.

XS
SM
MD
LG