Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:57

Oq uy: Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni imzolaydi


AQSh Prezidenti Donald Tramp Rossiya, Eron va Shimoliy Koreyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini imzolashga qaror qildi. Bu haqda 28 iyul kuni Oq uy xabar qildi.

Oq uyning ushbu kutilmagan bildiruvidan bir necha soat oldin Rossiya yangi sanksiyalarga javoban Moskvada AQSh diplomatlari soni qisqartirilib, Rossiya poytaxtidagi AQSh mulklarining ayrimlari tortib olinishini e’lon qilgan edi.

Yangi loyiha Rossiya AQSh prezidentlik sayloviga aralashgani hamda Ukrainadagi agressiyasi uchun unga qarshi joriy qilingan sanksiyalarni qonunlashtirib, Moskvaning Suriyadagi amaliyotlari uchun yangi choralarni belgilaydi. Yangi sanksiyalar tufayli Moskva va Vashington o‘rtasidagi aloqalar yanada sovudi.

Trampning qonunni imzolashga qaror qilishiga agar prezident uni veto qiladigan bo‘lsa, AQSh Kongressi vetoni bekor qilishi mauqarrar bo‘lgani turtki bo‘lgan.

Ammo Oq uy matbuot kotibi Sarah Hakabi Sanders Tramp qonun loyihasining ayrim “muhim elementlari” o‘zgartirilgani uchun uni imzolaganini ta’kidladi. Ammo kotib qonun loyihasining aynan qaysi bandlari o‘zgartirilganini ochiqlamadi.

Oq uy yangi loyihaning Rossiyaga qarshi sanksiyalar bekor qilinishi uchun prezident Kongress ma’qulligini olishi kerak, deyilgan bandiga qarshi bo‘lgan edi. Aftidan, loyihaning ushbu bandi o‘zgartirilmagan.

Ammo avvalroq Oq uy hamda Amerika neft shirkatlari qistovi bilan AQSh shirkatlarining rus shirkatlari ishtirok etayotgan har qanday neft va gaz loyihalarida ishtirok etishiga to‘sqinlik qiladigan bandi o‘zgartirilgan edi.

Trampning ushbu qonunni imzolashiga turtki bo‘lgan yana bir sabab Rossiyaning prezident ma’muriyati bilan aloqalarni yaxshilash uchun hamkorlik qilishda davom etishga tayyor ekanligini bildirgani bo‘ldi.

Bundan tashqari, Kongressning Vakillar palatasi loyihaga Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalarni ham kiritdi. Bu esa Oq uyga manzur keldi.

Rossiyaning BMTdagi yangi elchisi Vasiliy Nebenzya 28 iyul kuni yangi sanksiyalar AQSh va Rossiya o‘rtasidagi aloqalarni yomonlashtirgan bo‘lsa-da, Moskva hamkorlik qilishda davom etishga tayyor ekanligini bildirdi.

Yangi sanksiyalarga javoban rasmiy Moskva AQShni mamlakatdagi diplomatlari sonini ozaytirishga chaqirib, AQSh elchixonasiga tegishli dalahovli (dacha) va omborxonalar musodara qilinishini bildirdi. Hozircha Moskvada nechta AQSh diplomati ishlayotgani ma’lum emas.

Yangi qonunda Putin va unga yaqin oligarxlarga qarshi choralar belgilangan. Rossiya iqtisodining muhim sektorlari, jumladan, qurol-aslaha hamda energetika sohalari ham mo‘ljalga olingan.

Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalar esa mamlakatning yadroviy qurol ishlab chiqarishga qaratilgan harakatlariga halal berishni ko‘zlaydi.

Nihoyat, Eronga qarshi sanksiyalar esa mamlakatning ballistik raketa dasturiga hamda terrorizmni qo‘llashda ayblanayotgan Eron inqilobiy gvardiyasiga qarshi choralarni o‘z ichiga oladi.

XS
SM
MD
LG