Линклар

Bundan bir oy oldin Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan 23 yoshli Alisher Sa’dullaev Navoiy viloyatining Tomdi tumaniga oddiy kiyimda borib, yo‘qsil otaxon holidan xabar oldi.

“Tomdilik otaxon mening safarimni tub ma’noda o‘zgartirib yubordi”, deya yozdi vazir Facebookdagi sahifasida:

"Kecha ust-boshimni almashtirib, oddiy xalq bilan muloqot qilishga otlandim. Kunimni aynan shu ish bilan boshlashga axd qilgandim!

Allaqachon 70 yoshga kirgan otaxon farzand ko‘rmagan ekanlar, aynan mo‘ysafidlik davrlarida yolg‘iz, e’tiborsiz qoliptilar. Aslida bu otaxonni maktablarni aylanib yurgan vaqtimda derazadan ko‘rib qoldim. Buni payqagan shu yerliklar meni chalg‘itmoqchi bo‘lishdimi, tezda meni gapga solishdi, ammo ularning barchasidan o‘sha yerda qolib, meni kutishlarini so‘radim. Yaqinlashib hol-ahvol so‘radim, otaxon bir necha yildan beri bo‘ksasi singanligi tufayli arang o‘zi mustaqil oyoqqa tura oladi. Buni ko‘rib chidab tura olmadim va tuman hokimi muovinini chaqirishlarini so‘radim. Ajablanarlisi, ular bu otaxon haqida bilmas emishlar!!! Shunday bo‘lsada, bu otaxonga ijtimoiy yordam ko‘rsatilishi takidlab o‘tildi! Otaxonning hamma ma’lumotlarini oldim va hokim muovini bilan kelishib oldik! Aslida barchamiz shunday joylarga borib, shu kabi mazlumlarimizning holidan xabar olishimiz shart"¸deya yozgan vazir muovini o‘zi ko‘rgan yo‘qsillik manzarasi suratlarini Facebook dagi sahifasida e’lon qildi.

Tomdilik qarovsiz chol
Tomdilik qarovsiz chol

Suv tommaydigan Tomdi yoki Vazir o‘ribosari faqat ikki soat suv beriladigan tumanni kashf qildi.

Yozuvchilarning qishloqlarga safar qilib¸ u yerdagi g‘arib ahvolni tasvirlagani ko‘p kuzatilgan.

Muqimiyning “Sayohatnoma”si yoki rus yozuvchisi Aleksandr Radishchevning “Peterburgdan Moskvaga sayohat” asarlari bunga misol bo‘la oladi. Mulozimning oddiy xalq turmushi bilan qiziqqaniga "Mingbir kecha ertaklari"dagi Xorun Ar Rashid obrazi o‘rnakdir. Ammo zamonaviy mulozimning oddiy odamlar kiyimini kiyib, kambag‘allar dunyosiga safar qilishi Alisher Sa’dullaev misolida ilk martaba kuzatiladi.

Tomdiliklar yashaydigan uy
Tomdiliklar yashaydigan uy

Vazir o‘rinbosari “kashf qilgan” Tomdi tumanida kuniga 2 soatgina ichimlik suvi beriladi. Bolalar bog‘chasi qimmat bo‘lgani bois ko‘pchilikning farzandi uyida o‘tiribdi.

Sa’dullaev o‘zi ko‘rgan yo‘qsillarning uyini rasmga olib Facebook dagi sahifasiga ilib qo‘ydi.

Rasmlardan birida “g‘arib “ bir uydagi bolalarning televizor tomosha qilayotganligini aks etgan.

Vazir o‘rinbosarining izohidan ayon bo‘lishicha, bolalar “Bolajon” kanalini tomosha qilmoqda.

Tomdilik bolalar
Tomdilik bolalar

“Ota-ona bera olmayotgan bo‘shliqning oz qismini bo‘lsada, shu oynai jahon orqali to‘ldiramiz!”, deya izohlaydi Alisher Sa’dullaev.

O‘zbek “Xorun Ar Rashidi” Alisher Sa’dullaevning bu “sayohatnomasi” tagiga yozilgan izohlarda “kambag‘al xalq holidan xabar olgan” mulozimga hamdu-sanolar aytilgan.

Ayni paytda ba’zi yuzerlar “kambag‘allik manzaralarini” elga doston qilish vazir o‘rinbosariga yarashmasligini pisanda qilishgan.

"Namunasiz" uyning ichi
"Namunasiz" uyning ichi

Prezident Shavkat Mirziyoev bundan bir oy oldin 23 yoshli Alisher Sa’dullaevni xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari etib tayinlagan edi.

Alisher Sa’dullaev 1994 yilning 11 iyulida Jizzax viloyati Jizzax tumanida tug‘ilgan. Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutini tamomlagan, keyinroq Buyuk Britaniyada taxsil olgan.

3 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda Alisher Sa’dullaevning otasi Zafar Sa’dullaev o‘g‘lining esini tanigandan beri ilm va kitobga ergashganini aytish barobarida uni xalq dardi bilan yashashga o‘rgatganligini ta’kidlagan edi.

XS
SM
MD
LG